O‘zbekiston mustaqilligi: Kim edigu kim bo‘ldik...

O‘zi "Kim edigu kim bo‘ldik" shiori jamiyatning qaysi qatlamlariga qaratilgan?

Hali o‘sib-ulg‘aymagan yoshlargami yoki o‘z boshidan ko‘p kunlarni o‘tkazgan qariyalargami?

O‘zbekistonlik jurnalist Sid Yanishevga ko‘ra, "yoshlar ular o‘tmishda kim bo‘lganlari borasida fikr bildirishlari hali erta. Ota-onalarimiz yashagan davrdagi sharoitni hozirgi mustaqillik davrida hamon hayot bo‘lgan oqsoqollarimizning sharoitlari bilan solishtirsak va nafaqat O‘zbekiston, balki Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan tashqari Sovet Ittifoqining boshqa davlatlarida yuzaga kelgan sharoitlardan ular ajralib turadi. Ya‘ni hammamizda o‘tmishimiz bir xil bo‘lgan, ammo hozirdagi hayot keskin ajralib turadi".

Parchalanib ketgan Sovet Ittifoqi mamlakatlari siyosiy va iqtisodiy rivojlanishda turli yo‘l tanlaganlariga qaramay, yigirma yil o‘tgani bilan postsovet hududida yashayotgan aholi bir xil zehniyatga ega, deb o‘ylaydi Sid Yanishev.

"Biz sobiq Sovet Ittifoqining qaysi bir mamlakatiga bormaylik, hamma yerda o‘zimizni xuddi o‘z uyimizdek his qilamiz".

Image caption Mustaqil jurnalist Sid Yanishevga ko‘ra, o‘tmishda qanday bo‘lganimiz muhim emas

Mustaqillik davrida chegaralar ochilgani tufayli har qachongidan ham ko‘ra ko‘p o‘zbekistonlik mamlakat tashqarisiga chiqish va safar qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ko‘plar xorijda ish topishgan va ishlashmoqda, oilalariga pul yuborib turishga qodirlar. Bu ham mustaqillikning ijobiy tomoni emasmi?

Sid Yanishevga ko‘ra, hamma narsa taqqoslashda, o‘zaro solishtirishda bilinadi. "Rossiyaliklar uchun ko‘p ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lgan, ko‘pgina mamlakatlar ularga chegaralarini ochib, o‘zaro vizasiz rejim o‘rnatishgan. Chetga chiqqan vatandoshlarimiz pul ilinjida bordi-keldi qilib yurishga majbur. Mehnat muhojirlari jo‘natgan pullarga oilalari O‘zbekistonda har holda kun ko‘rishlari mumkin".

Sid Yanishevning aytishicha, "odamlarning o‘z vatanida munosib hayot kechira olmasliklari - O‘zbekistonning zamonaviy tarixida juda uyatli va sharmandali fakt".

Unga ko‘ra, hayotlari haqida o‘ylayotgan migrantlar "Nima uchun?" degan savol bilan o‘zlarini qiynashadi.

"Nima uchun, bir paytlar hammamiz bir xil yaxshi hayot kechirganimizda, kimlardir hozirda Sovet davridagi hayotlaridan farqli o‘laroq yaxshiroq ham kun ko‘radilar, lekin nimagadir jonajon O‘zbekistonimizda ahvol kundan-kunga abgorlashib ketmoqda?"

O‘tmishda qanday bo‘lganimiz – muhim emas, muhimrog‘i biz qanday kelajakda yashaymiz va qanday hayot quramiz, deydi Sid Yanishev.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02