Hizb ut-Tahrir faoli xalifalik borasida nima deydi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image caption Islom abu Xalil bir necha yildan buyon Shvetsiyada istiqomat qiladi

Hizb ut-Tahrir faoli Islom abu Xalil bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob berdi.

Hizb ut-Tahrir tinch yo‘llar bilan Islom dunyosida yagona xalifalik qurish uchun harakat qilib keladi.

Islom abu Xalil 1984 yil O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida tug‘ilgan.

Oilali, uch farzandning otasi.

2003 yildan biyon Hizb ut-Tahrirga a‘zo.

"Men yer yuzidagi barcha insonlar Allohning qonunlari asosida yashashi shart deya e‘tiqod qilaman", - deydi Islom abu Xalil. - Bugungi kunda Allohning hukumlarini yer yuzida hukmron qilishga va uning kitobi va payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) yo‘llariga asoslanib, ish olib borayotgan jamoat bu - Hizb ut-Tahrir bo‘lgani uchun shu yo‘lda borishni tanladim".

2004 yilning kuz oylarida Rossiya xavfsizlik xodimlari tomonidan uyida tintuv o‘tkazilganda, bir necha Hizb ut-Tahrir kitoblari topilgan.

Islom abu Xalil ekstremizm va terrorizm moddalarida ayblanib, yashash joyidan chiqmaslik sharti bilan ozod qilingan.

2005 yil oxirlarida Rossiya xavfsizlik xodimlari tomonidan takror qo‘lga olinib, to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Oradan bir yil o‘tib ozodlikka chiqarilgan.

2008 yil Shvetsiyada siyosiy boshpana olgan.

Hozirda Shvetsiya poytaxti Stokgolmda istiqomat qiladi.

Islom abu Xalil Hizb ut-Tahrir saflarida faol ish olib bormoqda.

U Markaziy Osiyo hukumatlari Sovet davridan qolgan tuzum asosida "xalqni ezib" boshqarayotganini aytadi.

"Ular xalqqa zulm qilganlari yetmaganday har-kuni xalqning qopini puch yong‘oqqa to‘ldirib kelishmoqda. Ular goh G‘arbni goh Rossiyani siyosiy o‘yinlari va rejalarini amalga oshirish uchun xizmat qilib o‘z xalqini, siyosiy ham iqtisodiy hamda fikriy va ma‘naviy inqirozga olib kelib qo‘ydi", - deya ta‘kidlaydi Islom abu Xalil.

Unga ko‘ra, "musulmon xalq faqatgina Islomga qaytish bilangina yuksaklikga erishadi".

Suhbatning radio versiyasini juma kuni "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

--------------------------------------------------------------------------------

Bo‘ston, O‘zbekiston: 1. Hizb ut-Tahrir xalifalik qurishning amaliy yo‘lini qanday ko‘radi?

Islom abu Xalil: Islomiy davlatni qayta tiklash yo‘lini Hizb uch bosqichga bo‘ldi:

Birinchisi, Hizbning fikrati va tariqatiga ishonadigan shaxslarni vujudga keltirib, hizbiy uyushmani shakllantirish uchun ularni tarbiyalash bosqichi;

Ikkinchisi, ummatning zimmasiga Islomni yuklash maqsadida unga ta‘sir o‘tkazish bosqichi, toki ummat Islomga o‘zining eng dolzarb masalasi sifatida yondashsin va Islomni hayot maydonida, davlat ishlarida va jamiyatda yuzaga keltirishga harakat qilsin;

Uchinchisi, boshqaruvni qo‘lga olish, Islomni to‘liq va umumiy suvratda tatbiq qilib, uni butun olamga Risolat sifatida olib chiqish bosqichi.

Ammo, birinchi bosqich ta‘sis bosqichidir.

Bu bosqichda Hizbning o‘zagi vujudga keladi va birinchi halqa shakllanadi.

Shu vaqtdan boshlab bu birinchi halqa ummat vakillari bilan alohida-alohida ko‘rishib, ularga fikrat va tariqatni tushuntira boshlaydi.

Bu ta‘sis bosqichida Hizbning faoliyati faqat saqofiy jihatga cheklanadi.

Butun e‘tiborini jismini mustahkamlash, a‘zolarini ko‘paytirish va halqalarda a‘zolarining ongini o‘zini Islomiy saqofati bilan tartibli shaklda boyitib borishga qaratadi.

Va nihoyat, Islom bilan qorishib, Hizbning fikrlarini qabul qilgan ummat farzandlarini o‘zining safiga qo‘shadi.

O‘zining hizbiy uyushmasini shakllantirganidan so‘ng, ya‘ni jamiyat uni sezib, fikrati va da‘vat qilayotgan fikrlarini bilgandan boshlab, Hizb ikkinchi bosqichga ko‘chadi.

Ikkinchi bosqichdan maqsad esa, ummatga ta‘sir o‘tkazish bosqichidir.

Unga ta‘sir o‘tkazishdan maqsad, Hizb tabanniy qilgan Islom fikrlari va ahkomlari haqida ummatda afkori omma va ra‘yi ommani yuzaga keltirib, uning zimmasiga Islom mas‘uliyatini yuklash va Islomga o‘z taqdirini hal qiladigan hayot-mamot masalasi sifatida yondoshishga undashdir.

Toki ummat shu fikr va ahkomlarni o‘z fikrlariga aylantirib, ularga amal qilsin va, islomiy hayotni yangidan boshlash maqsadida Xalifalikni tiklab, musulmonlarga xalifa saylash va Islom da‘vatini butun olamga yoyish yo‘lida Hizb bilan birga harakat qilsin.

Chunki Xalifalik masalasi nafaqat hizbga balki, butun ummatning o‘ziga kerak hayot-mamot masalasidir!

Uchinchisi, Hizb boshqaruvni qo‘lga olish uchun amalda yordam berishga qodir ya‘ni quvvat egalaridan yordam (Talab an-Nusra) izlaydi.

Yordam so‘rashdan maqsad quyidagi ikki ish bo‘lib, ular: birinchisi, Hizb da‘vatni ko‘tarib chiqayotganida xavf-xatarsiz faoliyat ko‘rsatishi uchun himoya qilishlarini talab qiladi;

ikkinchisi, Hizb Xalifalikni tiklab, Alloh nozil qilgan ahkomlar asosida boshqarishni hayot maydoniga, davlat ishlariga va jamiyatga qaytarish uchun hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida yordam berishlarini so‘raydi.

Yuqoridagi fikrlar Xalifalik davlatini tiklash tariqati bo‘lib, u Rasululloh s.a.v.ning tariqatiga asoslangandir.

Hizb paralel holatda xalq va harbiylar/quvvat egalari o‘rtasida faoliyat olib boradi.

2. Mana IShID xalifalik e‘lon qildi, ammo uni birinchilardan bo‘lib rad etgan ham Hizb ut-Tahrir bo‘ldi...

Islom abu Xalil: (Hozirda "Islomiy Davlat" nomini olgan) IShID e‘lon qilgan "Xalifalik"ka kelsak, unda davlat deb e‘tibor qilish uchun kerak bo‘lgan shar‘iy shartlar yo‘q.

Shuning uchun ham Hizb ummatga bu e‘lonni noshar‘iy eakanligini bayon etdi.

Rustam, Norilsk: Faraz qilaylik, siz butun dunyoda Islom diniga asoslangan xalifat qurdingiz. Xo‘sh, siz masalaning iqtisodiy tarafini, biron marta bulsa-da, uylab ko‘rganmisiz?

Islom abu Xalil: Hizb bu muammolar haqida o‘ylab ko‘rish bilan cheklanmagan, aksincha allaqachon yechim bergani kirishgan.

Bu iqtisodiy muammolarning yechimlarini Hizb o‘zining "Islomda iqtisodiy nizom", "Islom davlati mollari" kitoblarida batafsil bayon qilgan.

Albatta, Islom ruhiy va siyosiy din bo‘lib, insonlarga barcha muammolarning yechimini bayon ochib berdi.

Alloh Qur‘onda marhamat qilib aytadi: "Va sizga - hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun xushxabar bo‘lgan Kitobni - Qur‘onni nozil qildik". [16:89]

Islom boshqa mabdalarga o‘xshab insonga bir raqam sifatida qaramay, balki unga "bir ijtimoiy vujud", deya yondashadi.

Shuning uchun Islomiy davlat ijtimo, ta‘lim, siyosat va jumladan iqtisodiy nizomni ham o‘zida mujassam etadi.

Bugungi kundagi iqtisodiy muammolar sun‘iy bo‘lib, ularni kapitalizm va kapitalistlar o‘zlari keltirib chiqargan.

Chunki insoniyat mol-mulki ularning qo‘llarida jam bo‘lgan.

Bu esa Islomda haromdir va davlat bunday holatni yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Qashshoqlikning sababi koinotdagi tabiiy resurslarning kamligida emas, balki ularni qanday taqsim qilinayotganidadir.

Masalan, kapitalizm va sotsializm mabdalarida mulkchilik turi ikki xil bo‘lib, ular shaxsiy va davlat mulkidir.

Ammo Islomda mulkchilik turi uchtadir: shaxsiy mulk, davlat mulki va ommaviy mulk.

Rasululloh s.a.v dedilar: "Musulmonlar uch narsa - suv, o‘t-o‘landa va olovda sherikdirlar".

Bu hadisdan musulmonlar tabiiy boyliklarga sherik ekanliklari va davlat barcha yer osti va usti mulklarini, o‘z fuqarolariga taqsimlashi shartligi tushuniladi.

Chunki, bu narsalar ummatning mulkidir.

Shu bilan qashshoqlik yoki o‘ta boylik rivojlanmaydi, bularning o‘rtasidagi muvozanatni davlat ushlab turadi.

Islom o‘zida haqiqiy adolatni mujassam qilgan bo‘lib, u boshqa tuzumlardan mutlaq farq qiladi.

E‘tibor bersak, g‘arbning boyliklari aynan musulmonlar yurtlaridan tashib chiqib ketilgan neft-gaz, oltin va olmoslar evazigadir.

Oziq-ovqat yetishtirish va g‘arbga eksport qilish buyicha Sudan va Pokiston davlatlari dunyoda birinchilardan hisoblanadi.

Ammo, shunga qaramay, bu mamlakatlar aholisi qashshoqlikda yashaydi.

Buning sababi esa ularning malay hokimlari va kapitalizm tuzumidir.

Yana bir g‘arbnng iqtisodiy kirim manbasi bo‘lmish - og‘ir sanoat, ya‘ni qurol-aslahalar ham musulmonlar hokimlariga ummatning puli evaziga sotiladi.

Islomiy davlat vujudga kelganda esa bu narsalar ulardan sotib olinmaydi, aksincha davlatning o‘zida ishlab chiqariladi.

Toshpo‘lat aka, AQSh: Islom olami iqtisodiy taraqqiyotida g‘arb davlatlaridan nihoyatda ortda qolib ketdi. Ularga yetib olish uchun unda zamina ham yaratilmagan. Saudiya Arabistoni, Eron va Afg‘onistonda va yaqinda barpo etilgan "Islomiy davlat"da Allohning ahkomlari asosida Islomiy davlat tizimi yaratilgan, deyishadi. Ularning ahvolini ko‘rib turibmiz. Ulardan farqli yagona Xalifalik - namunaviy Islomiy davlat qurish va‘dasini kafolatlovchi omillar nimadan iborat?

Islom Abu Xalil: Islomiy davlatning har bir jabhadagi rivojini faqatgina Xalifalik davlati Islomiy mabdani hayotga tatbiq qilganidagina ko‘ra olamiz.

Mabda fikrati va tariqati sof Islomiy aqidaga asoslangan taqdirdagina unda taraqqiyot bo‘ladi.

Xalifalik namunaviy Islomiy davlat qurish va‘dasini kafolatlovchi omillar esa Qur‘on va Rasululloh s.a.v.ning siyratlaridir.

Chunki Alloh o‘z kalomida yer yuzida xalifa qilishini va‘da qilgan bo‘lsa, Rasululloh s.a.v. Islomiy davlatni amalda qanday bo‘lishi va uni tiklash tariqatini bayon qilib berdilar.

"...So‘ng payg‘ambarlik minhoji asosida Xalifalik bo‘ladi", - degan hadislari bo‘lg‘usidagi Xalifalik aynan u kishi (s.a.v) tariqatlariga asoslangan bo‘lishiga dalolat qiladi.

Chunki, hadisdagi "minhoj" so‘zining bir ma‘nosi "yo‘l" bo‘lsa, yana bir ma‘nosi "dastur"dir.

Bundan murod esa, Xalifalikning tiklanishi Rasululloh s.a.v.ning siyratlariga asoslangan bo‘lishi shart deganidir!

Izzatulla Rahmatullayev: Xalifatda oddiy mehnatkash hayotida nima o‘zgaradi? Xalifatda pensiya, posobiya degan sotsial ta‘minot bo‘ladimi? Boshqa din vakillari Islomni qabul qilishni xohlamasa, ularni taqdiri nima bo‘ladi?

Islom abu Xalil: Islom iqtisod ilmiga emas, balki iqtisodiy tuzumga e‘tibor qaratadi.

U muayyan aloqalarga muvofiq yashayotgan inson, degan nuqtai nazarda har bir shaxsning asosiy muammolarini hal qilish hamda unga turmush darajasini ko‘tarishi va yashash tarziga xos farovonlikka erishishi uchun imkoniyat yaratib berishni davlat zimmasiga yuklaydi.

Unga nafaqa qiluvchilar bo‘lmasa, uning ta‘minotini baytulmolga yuklaydi.

Davlatga shaxsning ehtiyojidan ortmaydigan molidan soliqlar olishni man qiladi.

Shu jihati bilan u boshqa iqtisodiy siyosatlardan farq qiladi.

Har qanday fuqaroga - u xoh oddiy mehnatkash bo‘lsin, xoh davlat mulozimi - davlat tomonidan e‘tibor qaratilishi hayotni yaxshilash kafolatidir.

Jamiyatning qanday bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi qarashini turmush va farovonlikka bo‘lgan qarashiga asos qilib olishi esa jamiyat taraqqiyotiga sabab bo‘ladi.

Islom hech bir insonni Islomni qabul qilishga majburlamaydi: g‘ayridinlarga o‘z e‘tiqod va ibodatlarida umumiy nizomga muvofiq amal qilishlariga ruxsat beradi.

G‘ayrimusulmonlarga oziq-ovqat va liboslarga taalluqli bo‘lgan ishlarda - shariat ahkomlari ijozat bergan doirada - o‘z dinlariga muvofiq muomala qilinadi.

Turmush qurish va ajralish munosabatlari g‘ayrimusulmonlar o‘rtasida ularning o‘z dinlari bo‘yicha ajrim qilinadi.

Ular bilan musulmonlar o‘rtasidagi munosabatlar esa Islom ahkomlari bo‘yicha hukm etiladi.

Davlat bulardan boshqa shar‘iy hukmlarni va muomalot, uqubot (jazo choralari), bayyinot (jinoyatni isbot qilish hujjatlari), boshqaruv va iqtisod nizomlari hamda boshqalarga oid bo‘lgan Islom shariatining hamma ishlarini barchaga - musulmon va g‘ayrimusulmonlarga - birdek ijro qiladi.

Shuningdek, yuqoridagi hukmlarni raiyyatning har bir shaxsiga ijro qilganidek, Islom hokimiyatiga bo‘ysunuvchilarning har biriga ham qo‘llaydi.

Faqat diplomatik daxlsizlikka ega bo‘lgan vakolatxona xodimlari, konsullar, elchilar va shu kabilar bundan mustasno.

Alexander DeLarge: Hizb ut-Tahrir O‘zbekiston kelajak siyosiy tuzumining qaysi shaklda bo‘lishini xohlaydi? Ya‘ni, dinni afzal degan xalq alohida va qolganlar ham alohida bo‘lishinimi yoki hamma din qonuniga taslim bo‘lishinimi?

Islom abu Xalil: Nafaqat O‘zbekistondagi kelajak, balki har qanday inson farzandi o‘zi yashab turgan jamiyatni farovon bo‘lishini va o‘zining insoniy ehtiyojlari yaxshi qondirilishini xohlaydi, shunday emasmi?!

Lekin, masala shu farovon hayotni jamiyatda ham, shaxsiy hayotda ham yaxshi amalga oshirib beradigan tuzumda.

Bu tuzum qaysi tuzum?

Boshqa tuzumlarni buni amalga oshirish emas, balki balolarni asoschilari ekanligi hammaga aniq bo‘lib qoldi.

Islom tuzumigina buni amalga oshira oladi, xoh ijtimoiy sohada bo‘lsin, xoh iqtisodda bo‘lsin, xoh boshqasida bo‘lsin, boshqaruvda hamma birdek bitta qonunga bo‘ysunishi, unda hukmdorlar qonun tashqarisida bo‘lib olishlarining imkoni yo‘qligi va poraxo‘rlikni haromligi hayotni taraqiyotiga olib boradi.

Vohid Mamajonov: O‘zbekiston taraqqiyoti uchun qanday loyiha taqdim eta olasiz?

Islom abu Xalil: Bir mamlakatni xomashyo bazasi bo‘lishi hech qachon taraqqiyotga yetarli yo‘l emasligi ma‘lum, endi sanoatlashgan davlat bo‘lishga, og‘ir sanoatni, harbiy sohani rivojlantirishga esa BMT ruxsat bermaydi, chunki BMT mustamlakichilar foydasi uchun bir qurol bo‘lib, hech bir davlatni ularga qaramlikdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Buni Suriya misolida ko‘rishimiz mumkin.

Demak, ular har qanday shartnomani o‘zlariga qaramlik asosida ishlab chiqqan programma bo‘yicha tuzishadi.

Bundan bir mamlakat o‘zicha yakka holda chiqib ketishi amri mahol.

Bularning changalidan qutilish uchun bir necha o‘lka bir mafkura asosida birgalashib, qarshi kurashmog‘i lozim.

Buni faqat Islom asosida amalga oshirish mumkin.

Bekzod Bek: Hozirgi yoshlar, yoshi katta insonlar zamonaviy hayotdan voz kechishni xohlamaydi. Ularni zamonaviy hayotdan voz kechib, islomiy davlatga moslashishiga Hizb ut-Tahrir kafolat bera oladimi?

Islom abu Xalil: Islom ilm-fan va uning rivojlanishi hamda sanoat va uning taraqqiyotidan dunyoga keladigan madaniy shakllarga hech qarshi chiqmaydi, balki davlat buni rivojlantirib, tartibga solishni o‘z vazifasi deb biladi.

Raiyyatning barcha shaxslari hayotning hamma sohalariga taalluqli bo‘lgan ilmiy laboratoriyalar ochish huquqiga egadirlar.

Aslida bunday laboratoriyalarni ochish davlatning vazifasidir.

Fan va sanoatlar - savdo-tijorat, dengizchilik va dehqonchilik kabi, bir jihatdan bilimlar turkumiga qo‘shilib, hech qanday qayd va shartlarsiz olinaveradi.

Musavvirlik va haykaltaroshlik kabilari esa o‘ziga xos nuqtai nazar bilan ta‘sirlangan vaqtda saqofat turkumiga qo‘shilib, agar Islom nuqtai nazariga zid bo‘lsa, olinmaydi.

Fikr, tibbiyot, geometriya, kimyo, ixtiro, kashfiyotlar va boshqa ilm-maorif sohalarida izlanishni davom ettirishni xohlovchilarga imkoniyat yaratib berish uchun madrasa va universitetlardan tashqarida kutubxonalar, laboratoriyalar va boshqa maorifat vositalarini muhayyo qiladi.

Toki ummat orasida ko‘p miqdorda mujtahidlar, ixtirochilar va ijodkorlar yetishib chiqsin....

Buning misoli tarixda yaqqol namoyon bo‘lgan.

Islom davlatida ming yil avval taraqqiyot bo‘lgan.

Ovro‘pada botqoqqa botib yurishgan paytda Islomiy davlatda, shifoxona, kutubxona, ta‘lim olish muassasalari bo‘lgan edi, hamda bugungi kunning ilmiy taraqqiyotiga Islomning qo‘shgan hissasi juda ham katta.

Bugungi kunda Hizb safida yuz minglab oliy ma‘lumotli mutaxassislar va dunyoning mashhur oligohlarida tahsil olayotgan talabalar bor.

Ular ham dunyo taraqqiyotiga hissalarini qo‘shish uchun harakat qilishadi va Islomiy davlat tiklanganda boshqa yoshlarga namuna bo‘lishadi.

Demak, siz aytayotgan yoshlarga xaqiqiy taraqqiyot nima ekanligini anglab yetishlariga imkon beriladi.

Bular Hizb ut-Tahrirning o‘zi uylab topgan qonun-qoidalar emas, balki hammasi Qur‘on va Hadislardan ishlab chiqilgan sahih ijtihodlardir.

Jamil, AQSh: Nega hozirgi zamon ulamolari sizlarning partiyangizni qo‘llab-quvvatlamaydi? 2. Siz o‘zlaringizni ahli Sunna val Jamoat deya olasizmi?

Islom abu Xalil: Ulamo deganda ularni qaysinisi, degan savol kelib chiqadi.

Chunki bugungi kunda ummatga ulamo deya ko‘rsatilayotganlarning ko‘pi saroy ulamolaridir.

Ular Allohdan qo‘rqish o‘rniga o‘z hokimlaridan qo‘rqib, ummatga juda katta kechirib bo‘lmaydigan xiyonatlar qilishayabdi.

Men ulamolarni barchasi yomon demoqchi emasman.

Ular orasida juda xolis bo‘lganlari, ummat va dinga xizmat qilayotganlari juda ham ko‘p.

Hizb 2009 yil Indoneziyada "Ulamolar konferentsiyasi"ni o‘tkazdi va u yerda dunyoning ko‘plab nuqtalaridan 7000 ulamo qatnashdi.

Ularning ko‘pchiligi Xalifalikni tiklashga faoliyat olib borishda Hizbga bay‘at berishdi.

Allohga hamdlar bo‘lsinki, hozirda ana shu ulamolar ummatni uyg‘otishda katta xizmatlar qilmoqdalar.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ulamolar Hizbni qo‘llab-quvvatlamaydi, deyish noto‘g‘ri.

Undan tashqari Hizbda juda ko‘p olimlar yetishib chiqqan va Hizb Alloh va Rasuli s.a.v.dan boshqaning guvohligiga muhtoj emas!

Xalifalik esa Hizbga emas, balki birinchilardan bo‘lib, ummatga va ulamolarga kerak.

Ulamolar - payg‘ambarlar vorislari.

Ularning xaqiqiy voris bo‘lishlari uchun Xalifa ularga kafolat bo‘lishi lozimdir.

Ulug‘bek: Siz Islomiy bo‘lmagan, ammo adliya tizimi o‘ta ommalashgan mamlakatlardan Iislom uchun va o‘zingiz uchun nimalarni o‘rgandingiz?

Islom abu Xalil: Ovro‘padagi xalqni yashash tarzi va ular ko‘tarib yurgan fikrlaridan kelib chiqqan qonunlardan nimani ham kutsa bo‘lardi?!

Islom va kapitalizm tuzumini yaxshi tushungan odam uchun bu yerlardagi qonunchilik xatolari yaqqol ko‘rinib turadi.

Inson o‘ylab topgan qonunlar bir-biriga zid kelib, xilma-xil yechimlarga olib keladi.

Natijada, jabrlanuvchi ham ayblanuvchi ham yechimlardan qoniqmaydi.

O‘zlari to‘g‘ri yechimga muhtoj bo‘lganlardan nimani o‘rgansa bo‘ladi?!

Allohga shukrki, bizning dinimizni to‘la-to‘kis qilib bergani uchun faqatgina Islomdan yechim olishga o‘rgansak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Alloh qur‘onda aytadi: "Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne‘matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim". [5:3]

Admiral Keys: Qani aytingchi birodar, Hizb-ut-Tahrir asoschisi kim? Moliyaviy ta‘minoti qaysi davlat hisobidan?

Islom abu Xalil: Hizb ut-Tahrirning asoschisi olim-alloma, Taqiyyuddin ibn Ibrohim ibn Mustafo ibn Ismoil ibn Yusuf Nabahoniydir (Rahimahulloh).

Falastindagi badaviy arablardan bo‘lgan Bani Nabahon qabilasiga nisbat berilib, u kishi "Nabahoniy" deyildi.

Shayx Taqiyyuddin 1928 yilda al-Azharning ikkinchi bosqichiga o‘qishga kirib, uni shu yilning o‘zidayoq a‘lo baholar bilan tamomlab, "G‘urabo" diplomini oldi.

Shundan keyin "Dorul ulum" kulliyasiga o‘qishga kirdi.

Bu kulliya o‘sha paytda al-Azharga qarardi.

Bundan tashqari, shayx Azhari sharifdagi ilmiy xalqalarda ham qatnashar, chunki Azhardagi eski dars nizomi bunga ruxsat berar edi.

Bu xalqalarda Shayx Muhammad al-Xozr Husayn kabi taniqli shayxlar dars o‘tar edi.

Ularni Shayxga bobosi tavsiya qilgandi.

Shayx Nabahoniy Azharning eski nizomi bilan "Dorul ulum"ni o‘zida jamlaganiga qaramay, jiddu-jahd va harakatda ustunlik hamda mumtozlik namunasini ko‘rsatdi.

U o‘zidagi chuqur fikr, ustun ra‘y, bahs-munozaralarda kuchli hujjat keltirishi bilan tanilib, tengdoshlari va muallimlari e‘tiborini o‘ziga tortdi.

Qohiradagi va boshqa musulmon yurtlardagi ilm dargohlari esa o‘sha paytda bunday bahs-munozaralar bilan to‘lib-toshgan edi.

Shayx Nabahoniy olgan shahodatnomalar: Azharning ikkinchi bosqichi shahodatnomasi, Azhardan berilgan "G‘urabo" shahodatnomasi, Qohiradagi "Dorul ulum" kulliyasi tomonidan berilgan arab tili va adabiyoti bo‘yicha diplom.

Shayx Azharga qarashli shar‘iy qozilik oliy ma‘hadi tomonidan berilgan qozilik diplomiga ham ega bo‘lgan.

U Azharni 1932 yilda shariat ixtisosi bo‘yicha oliy diplom bilan bitirgan.

Hizb ut-Tahrir hech qaysi davlat yoki tashkilotdan bugungi kunga qadar moddiy yordam olmagan va olmaydi ham.

Hizb moliyaviy ta‘minotni faqatgina o‘zining a‘zolaridan oladi!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02