Prezident Karimov Ukraina inqirozi haqida nima deydi?

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, vaziyatni barqarorlashtirish uchun Ukraina va Rossiya bevosita muzokaralar olib borishi kerak.

Ammo, prezident Karimovning qo‘shimcha qilishicha, bu kabi muzokaralar chog‘ida Rossiyaning mintaqadagi qiziqishlari, albatta, inobatga olinmog‘i lozim.

O‘zbekiston prezidenti bu haqda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Dushanbedagi sammiti chog‘ida bayon qilgan.

Uning chiqishi Tojikiston Davlat televideniyesi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatilgan.

Agar, prezident Karimovning so‘zlariga tayanilsa, u bu so‘zlarni butun O‘zbekiston nomidan gapirgan.

Islom Karimov o‘z chiqishida Ukraina inqiroziga yechim topishga qaratilgan so‘nggi Minsk yechimi natijalarini xush qarshilashini ta‘kidlagan.

O‘zbekiston rahbari, o‘z o‘rnida, Ukraina muammosi tinch yo‘lda hal etilishi kerakligini yana bir bor ta‘kidlagan.

Prezident Karimov bu masalada har ikki tomonning taklif va tashabbuslari nazarda tutilishi lozimligini aytarkan, Rossiyaning manfaatlariga alohida e‘tibor qaratgan.

"Ukraina muammosiga oid har qanday muzokarada, albatta, Rossiyaning tarixan shakllangan manfaatlari ham hisobga olinishi lozim. Qaytaraman, Rossiyaning mintaqadagi manfaatlarini mensimaslik, juda jiddiy xato bo‘ladi", - deb bayon qilgan O‘zbekiston rahbari.

O‘z o‘rnida, janob Karimovning ta‘kidlashicha, muzokaralar chog‘ida Ukraina va Rossiya orasidagi munosabatlarni shakllantirgan voqe‘liklar ham e‘tibordan qochirilmasligi kerak.

Karimov va Ukraina inqirozi

Image copyright foreign policy

Bu - O‘zbekiston rahbarining Ukraina inqirozi yuzasidan ilk bor bu kabi bayonot bilan chiqishi emas.

Janob Karimov, jumladan, shu yil may oyida Latviya prezidenti bilan Toshkentdagi uchrashuvi chog‘ida ham bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tgandi.

U Ukraina inqirozini yechishga qaratilgan muzokaralar jarayonini tezlashtirishga chaqirgan, Rossiya va Ukraina orasidagi mavjud ziddiyat barcha sobiq Sovet davlatlari bo‘ylab xavotirlarga sabab bo‘layotganini ham e‘tirof etgandi.

Prezident Karimov Toshkentda ham Ukraina va Rossiya orasidagi bevosita muzokaralarning muhimligini urg‘ulagandi.

O‘zbekiston prezidenti bu ikki davlat o‘rtasidagi mavjud qarama-qarshilikka "g‘ayritabiiy", deb baho bergan, ammo ziddiyatning bir kunda paydo bo‘lib qolmaganiga e‘tibor qaratgandi.

Islom Karimovga ko‘ra, Ukraina inqirozi "juda ham jiddiy anglashilmovchiliklar va jiddiy muammolar mahsulidir".

O‘zbekiston Prezidenti o‘shanda ziddiyatga "katta davlatlarning aralashgani" xavotirlarni yanada kuchaytirganini alohida ta‘kidlagandi.

Rasmiy Toshkent avvalboshdan Ukraina inqirozining tinch yo‘l bilan yechilishi tarafdori ekanliklarini urg‘ulab keladi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Ukrainaning hududiy butunligi va mustaqilligini himoya qiluvchi bayonot bilan chiqqan edi.

O‘zbekiston mintaqada Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini tan olmagan va Ukrainaning hududiy yaxlitligiga tajovuzni ochiqchasiga qoralagan yagona davlat bo‘ladi.

O‘zbekiston nimadan xavotirda?

Image copyright Getty

Agar, yaqinda ayrim G‘arb nashrlarida chop etilgan tahliliy maqolalarga tayanilsa, Ukraina inqirozi eng ko‘p Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini xavotirga solgan bo‘lishi mumkin.

Deylik, Amerikaning nufuzli "Vashington Post" gazetasining yozishicha, "Ukraina rahbari Viktor Yanukovichning qudratdan chetlatilishi bilan yakun topgan Ovro‘maydondagi namoyishlarning muvaffaqiyati Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini o‘z hokimiyatlarining qanchalik mustahkamligi borasida xavotirga solib qo‘ygan bo‘lishi shubhasiz".

Maqola mualliflari nazdlarida "Ovro‘osiyo" inqilobi sabab, Markaziy Osiyo rahbarlari o‘z kursilarini yo‘qotishdan tashqari, o‘zlaridan qolayotgan meros haqida ham tashvishga tushib qolgan bo‘lishlari aniq.

Ularga ko‘ra, ustiga ustak Qrim hodisasi mintaqa liderlari uchun Rossiyaning o‘z "yaqin xoriji"ga nisbatan qanday ish tutishi mumkinligini anglatadi.

Mintaqaviy tahlilchilarning aytishlaricha esa, xuddi shu manzarada Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning "Qozog‘iston uchun katta rus dunësining bir qismi bo‘lish foydali" ekani va "Qozoqlarda hech qachon davlatchilik bo‘lmagan"iga oid yaqindagina aytgan so‘zlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini yanada hushyor torttirgan bo‘lishi tayin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02