05.09.14 - 12.09.14: Biz bir hafta oldin bilganu bilmagan narsalar

BBC O‘zbek Xizmati bu ro‘yxatga, balki, bir hafta burun umuman sizning xayolingizga kelmagan 10 ta g‘aroyib xabarni kiritdi.

Ular bilan tanishib, o‘zingizni bir sinab boqing-chi! Siz shunday ekanini bilarmidingiz?:

Image copyright BBC World Service

Britaniyalik ixtirochilarning da‘vo qilishlaricha, robot "Boris" kelasi yildan boshlab uy bekalarining og‘irini rosa yengil qiladi: idish yuvgich mashinaga hamma narsani o‘zi joylab qo‘yadi.

Image copyright BBC World Service

G‘arblik olimlarning yangi tadqiqotlariga tayanilsa, siz mazza qilib uxlab yotgan paytingizda ham, miyangiz uyg‘oq bo‘larkan, hatto, so‘zlarni bir-biridan ajrata olarkan...

Image copyright BBC World Service

Armaniston prezidentining yangi tashabbusi ko‘pchilik uchun qiziq tuyulishi tabiiy: Serj Sargsyan janoblari mamlakatini hammaga tanitish uchun butun dunyo bo‘ylab sochilib ketgan 10 million armanini safarbar etmoqchi.

Image copyright apple

Apple shirkati esa, o‘zining yangi smartfonlari bilan birga...

Image copyright EPA

o‘z mobil telefonining ashaddiy ishqibozlari intiqlik bilan kutgan iPhone 6 ni ham taqdim etdi.

Image copyright BBC World Service

Amerikalik olimlarning boshlari osmonda: Ular Sahroi Kabirdan go‘shtxo‘r dinozavrlar ichidan eng yirigi bo‘lgan spinozavrning qoldiqlarini topishgan. Topildiqlari esa, ularning taxminlarini tasdiqlagan: Spinozavrlar suzishga ham qodir bo‘lishgan.

Image copyright BBC World Service

Topildiqlarning zo‘riga kelganda xitoylik 11 yashar bolakay ham amerikalik olimlardan zarracha qolishmagan: Bolakay Tszyantsu viloyatidan oqib o‘tuvchi daryodan 3.000 yillik tarixga ega bronzadan ishlangan qilich topib olgan.

Image copyright BBC World Service

Amerikalik olimlarning aytishlaricha, shu hafta Yer sayyorasi atrofidan bitta hovli kattaligida asteroid uchib o‘tgan. Ularga ko‘ra, Nikaraguaga tushgan meteorit ana shu asteroidning bir bo‘lagi bo‘lishi mumkin.

Image copyright BBC World Service

Sharqiy Afrikadagi qo‘riqxonada esa, egizak bongo ohularining tug‘ilishi haftaning eng qoyilmaqom yangiliklaridan biriga aylangan. Chunki bu turdagi ohular deyarli butkul yo‘q bo‘lib ketish arafasida.

Image copyright SPL

Angliyalik olimlarning taxminlaricha, agar siz semiz odamni to‘laligi uchun qancha uyaltirsangiz, bu uning yanada et olishiga sabab bo‘larkan...

O‘tayotgan hafta nazarga tutilganda, siz bu ro‘yxatga yana qanday g‘aroyib faktlarni qo‘shgan bo‘lardingiz?

Fikrlaringizni bizga yo‘llashni unutmang.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02