Kunmin hujumi uchun uyg‘urlarga o‘lim jazolari berildi

Image copyright Reuters

Xitoydagi mahkama Kunmin shahri temir yo‘l vokzalida yo‘lovchilarga pichoqlar bilan hujumda ayblangan to‘rt uyg‘urning uch nafariga o‘lim jazosi, bir ayolga bir umrlik qamoq jazosini tayinlagan.

Bu haqda Xitoy davlat televideniyesi xabar tarqatgan.

Mahkama juma kuni ertalab boshlanib tushdan keyin hukm e‘lon qilingan.

Mahkama Iskandar Ahad, Turg‘un To‘xtaniyoz, Husayn Muhammad "qotillikni maqsad qilgan terrorchilik guruhini tashkil qilish va bu guruhga yetakchilik qilish" bandida aybdor deb topgan.

Aybdor deb topilgan to‘rtinchi shaxs ayol bo‘lib, u Patigul To‘xta deb aytilgan.

Uni "qotillikni maqsad qilgan terrorchilik guruhida ishtirok etish"da ayblashgan.

Kunmin mahkamasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, shu yilning 1 martida Kunmin vokzalida pichoqlar bilan qurollanib yo‘lovchilarga hujumlarni sakkiz kishi tashkillashtirgan.

12 sentyabr kuni mahkamada hozir bo‘lgan uch shaxs Kunmin hujumida ishtirok etmaganlar.

Ular ikki kun oldin Xitoydan chiqib ketmoqchi bo‘lganlarida hibsga olinganlar.

Image copyright Reuters

Mahkamaga ko‘ra, ular hibsga olinganidan keyin Patigul To‘xta va yana to‘rt hujumchi vokzalda bo‘lgan insonlarga hujum qilganlar.

Oqibatda 31 inson halok bo‘lgan, 141 kishi yaralangan.

To‘rt hujumchi hodisa joyida otib o‘ldirilgan.

Xitoy hukumatiga ko‘ra, Kunmin hujumini uyushtirganlar islomiy ekstremistlardir.

Bu hujum Xitoyda ko‘pchilikni larza va qayg‘uga solgan edi.

Xitoy hukumati Kunmin vokzalidagi hujum, may oyi boshida Urumchi temir yo‘l stantsiyadagi portlash va ko‘cha bozoridagi portlashdan keyin butun Shinjonda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Bundan qariyb bir yil oldingi Pekindagi Tyananmen maydonidagi avtomobil portlashida ham Xitoy hukumati uyg‘urlarni ayblagan.

Eng so‘nggi zo‘ravonlik Shinjonning Yorkentida ro‘y bergan, oqibatda 96 inson halok bo‘lgani xabar qilingan.

Xitoy hukumatiga ko‘ra, bu "terrorchilik xuruji" bo‘lgan.

Image copyright AP

Biroq faollarning aytishlaricha, politsiya Ramazon oyidagi cheklovlarga qarshi norozilik namoyishi uyushtirgan insonlarni otib o‘ldirgan.

Xitoy hukumati bir yillik, o‘z ta‘biricha "terrorga qarshi kurash" boshlagan, buning natijasida o‘nlab insonlar hibsga olingan, qamoqqa hukm qilingan.

11 sentyabr kuni Xitoyning Sinxua axborot agentligi xabar tarqatishicha, prokurorlarga terror gumondorlari, diniy estremizm, qurol-yarog‘ va portlovchi modda tayyorlash bandlarida gumon qilinganlarga nisbatan tergov va mahkamalarni tezlashtirish ko‘rsatmasi berilgan.

Mahkamalarga ham "boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan qattiq hukmlarni chiqarish" buyrug‘i berilgan.

Inson haqlari tashkilotlari Xitoy hukumatining ushbu qarorlarini qoralab chiqdilar.

"Shinjonda gumonlanganlarga nisbatan qanday muomala qilinayotgani haqida axborot kam. Ularning huquqlari poymol etilishi ehtimoli katta", deb aytgan Human Rights Watch tashkiloti vakili Mayya Vang.

Uyg‘ur faollariga ko‘ra, uyg‘urlarga nisbatan Xitoy hukumatining diniy va madaniy bosimni oshirayotgani oddiy odamlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda, tartibsizliklarga "yog‘ quymoqda".

Xitoy hukumati esa Shinjondagi aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida yirik sarmoyalar yo‘nalatirayotganini aytadi, "terrorchilar"ni xorijdagi islomiy guruhlar rag‘batlantirayapti, deydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02