Islomiy davlat yana bir g‘arblikni qatl etdi

Image caption Devid Heyns jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish bilan shug‘ullanardi

Islomiy Davlat jangarilari o‘zlari garovga olgan yana bir tutqun - bu safar britaniyalik Devid Heynsning boshidan judo etilgani aks etgan videoni tarqatishlari ortidan Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron mazkur hodisani "zulm amali" deya qoralagan.

44 yoshli ko‘mak faoli Heyns 2013 yilda Suriyada garovga olingan. Uni ushlab turgan ID jangarilari allaqachon ikki amerikalikni shu yo‘lda o‘ldirganlar.

Oxirgi videoda ular o‘z qo‘llarida garovda qolayotgan ikkinchi britaniyalikni ham o‘ldirish bilan tahdid qilishdi.

Bosh vazir qotillarni topish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini aytdi.

Britaniyaning Ist Yorkshir grafligida tug‘ilgan janob Heyns xorvatiyalik ayoli va 4 yoshli qizi bilan Xorvatiyada yashab kelayotgandi.

Janob Kameron mazkur hodisaga qanday chora ko‘rishni muhokama qilish uchun favqulodda Kobra majlisini o‘tkazishi kutiladi.

Tashqi ishlar vazirligi shanba kuni tarqatilgan videoning haqqoniyligini aniqlashga urinayapti.

Videoda janob Kameron aks etgan klip o‘ynaladi, so‘ngra norinj ustbosh kiygan va tiz cho‘kib o‘tirgan erkak kishi paydo bo‘ladi. Uning tepasida esa pichoq ushlagan kishi turibdi.

Heyns videoda shunday deydi: "Janob Kameron, men sizni o‘z o‘limim uchun javobgar deb bilaman".

So‘ngra britan aktsentiga ega jangari: "Kameron, mana bu britan fuqarosi Islomiy Davlatga qarshi Peshmergani (kurd qo‘shinlarini) qurollash va‘dang tufayli o‘layapti", - deydi.

Islomiy Davlat hozirda Iroq va Suriyaning ko‘p hududlarini egallab olgan.

AQSh Markaziy josuslik agentligiga ko‘ra, IDning jangarilari soni 30 mingdan oshiqdir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02