Sunniy arablar ham Islomiy Davlatga qarshi ittifoqda

Image copyright AP
Image caption Islomiy Davlat hatto sunniy bo‘lmagan musulmonlarni ham kofir sanaydi

Parijdagi uchrashuv nihoyasida o‘ttiz davlat "har qanday vositani ishga solib bo‘lsa-da" Islomiy Davlatga qarshi kurashishga kelishdilar.

Bu jangarilar Iroq va Suriyada faoliyat olib borishadi. Hozirda amaliy harbiy yordam Iroqqa beriladi.

Frantsiyaga kelgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham bu borada Vashington kerakli ko‘makni ayamasligini bildirdi.

Shanba kuni britaniyalik tutqunning boshini tanasidan judo qilgan Islomiy Davlat jangarilariga qarshi xalqaro munosabat yana qat‘iylashdi.

AQSh josuslik xizmatlariga ko‘ra, Islomiy Davlat safida hozir 30 mingdan jangari bo‘lishi mumkin.

Iroq prezidenti Fuad Ma‘sum xalqaro hamjamiyatdan bu mujohidlarni zudlik bilan tor-mor etishni so‘ragan.

"Aks holda Islomiy Davlat kattaroq hududlarni egallaydi va ulardan keladigan xavf-xatar yanada kuchayadi" - degan Prezident Ma‘sum.

Frantsiya Iroq ustidan nazorat-kuzatuv parvozlari tashkil etmoqda. Britaniya esa oldinroq o‘z uchoqlari Iroq ustidan uchib, zaruriy josuslik ma‘lumotlarini yig‘ayotganini aytgandi.

Arablar va Islomiy Davlat

Image caption Islomiy Davlat yordam idorasida ishlovchi Devid Heynsni ham qatl etdi

Turkiya o‘z hududidagi NATO bazasidan Islomiy Davlatga qarshi harbiy hujumlar uchun foydalanishga ruxsat bermadi. Anqara Turkiya tuprog‘idan faqat insonparvarlik va naqliyot maqsadida foydalanish mumkinligini aytdi.

Ammo qator arab davlatlari Iroqdagi Islomiy Davlatga qarshi havo hujumlarida ishtirok etish istagini bildirdilar.

AQSh vakillari bu kabi takliflardan "juda ruhlanib ketishganini" aytishmoqda.

Vashingtonga ko‘ra, Islomiy Davlatga qarshi hozirgi ittifoqni muvaffaqiyat, deb atash mumkin. Chunki mintaqadagi sunniy arab mamlakatlari ham Islomiy Davlat jangarilariga qarshi kurashga qo‘shilishlarini bildirishgan.

Ayni ittifoqqa 10 arab davlati - Misr, Iroq, Iordaniya, Livan, Bahrayn, Quvayt, Oman, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shildilar.

Ammo Suriya va Eronning ushbu ittifoq tarkibiga qo‘shilishiga ruxsat berilmadi.

O‘tgan avgust oyidan beri AQSh qiruvchi uchoqlari Iroqdagi Islomiy Davlat mavqelariga qarshi kamida 160 marotaba havodan hujum qilishgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02