Rim Papasi: "uchinchi jahon urushi parcha-parcha bo‘lib allaqachon boshlangan"

Image copyright Reuters

Rim Papasi Frantsisk aytishicha, dunyoda "parcha-parcha bo‘lib uchinchi jahon urushi allaqachon boshlangan".

U Italiyaning Redipulya qabristonida Birinchi Jahon Urushi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda gapirgan.

"Odamzod yig‘lashi kerak, hozir yig‘laydigan payt", deb aytgan Papa Frantsisk.

"Ikkinchi jahon urushi bartaraf etilganidan keyingi bugungi kunda kimdir uchinchi jahon urushi, bo‘lak-bo‘laklarga bo‘linib janglar ketayotgan, jinoyatlar, qirg‘inlar, vayronagarchiliklar haqida gapirishi mumkin", degan Rim Papasi.

Hozirgi urush aqlga to‘g‘ri kelmaydi, bu urushning sabablari ochko‘zlik, toqatsizlik, qurol-yarog‘ sotish istagi va hokimiyatga intilish, degan u.

"Urush - bu aqlsizlik", deb aytgan Rim Papasi.

Dunyo katolik nasroniylarining ruhoniy rahbari insoniyatni befarqlikdan qutulishga chaqirgan.

Italiyaning Sloveniya chegarasiga yaqin joydagi Redipulya qabristoniga Birinchi Jahon Urushida halok bo‘lgan 100 ming italyan harbiysi dafn etilgan.

Image copyright AP

U yerdagi marosim Birinchi Jahon Urushi boshlanishining 100 yilligiga bag‘ishlangan.

Rim Papasining ma‘ruzasini tinglash uchun bir necha ming kishi yig‘ilgan.

Ular orasida bir necha urushlarning ishtirokchilari bo‘lganlar.

Redipulya qabristonidagi marosimning Rim Papasiga shaxsan aloqadorligi ham bor edi, deydi marosimdan reportaj tayyorlagan BBC muxbiri Devid Uilli.

Rip Papasining bobosi Jovanni Karlo Bergolio Birinchi Jahon Urushida qatnashgan.

Armiyaga chaqirilgan payti Jovanni Karlo Bergolio 31 yoshda bo‘lgan.

U 1917-1918 yillarda Italiya armiyasi safida Avstriya-Mojariston armiyasiga qarshi janglarda qatnashgan.

Urush tugaganidan keyin Argentinaga ketgan.

Marosimda Italiya mudofaa vazirligining vakili Papa Frantsiskka vazirlik arxivida saqlangan bobosi Jovanni Karlo Bergolioning shaxsiy hujjatlarini topshirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02