Shotlandiyadagi referendum nima uchun Xitoyni xavotirga soladi?

Xitoyning Buyuk devori insonni hayratga soladigan inshoot.

Xitoy imperatorlari bu devorni shimoldagi qo‘shnilar tajovuzidan saqlanish uchun qurishgandi.

Biz u yerga borgan kunimiz shotland surnayi sadosi eshitilib turardi.

Shotland surnayini bu yerda bir necha musiqachi o‘ynaydi. Ulardan biri 31 yoshli Jorj Tian. U Shotlandiyada hech qachon bo‘lmagan, lekin qiziqishi kuchli.

Ammo siyosat haqida so‘rashingiz bilan, jimib qoladi.

Egnida shotland milliy kiyimi , qo‘lida shotland surnayi bo‘lishiga qaramay Shotlandiya mustaqilligi masalasi haqida umuman gapirishni istamaydi.

"Men shotlandiyalik emasman, hatto britaniyalik ham emasman. Bu masala shotlandiya xalqiga havola, men ularning irodasini hurmat qilaman" deydi u.

Jorjning shaxsiy qarashi Xitoy rasmiy doiralarining boshqa davlatldarning "ichki ishlariga aralashmaslik" siyosatining aksidek.

Lekin Xitoyning jahonda ta‘siri o‘sib borar ekan, bu siyosatga rioya qilish tobora mushkullashib bormoqda.

"Ikkinchi darajali" davlat...

Bu yil boshlarida Xitoy Bosh vaziri Li Kechiang Britaniyaga safar bilan kelgan vaqti undan Shotlandiya mustaqlligi borasida savol so‘ralgandi.

Janob Li, "birlashgan Buyuk Britaniyani ko‘rishni istashi, mamlakat jahondagi o‘sish va rivojlanishning peshqadami bo‘lib qolishiga umid qilishi"ni aytdi.

Uning javobi kutilmagan emasdi. Bu izhorot Pekinning har qanday mustaqilikka intilish harakatlari jahonning narigi burchida bo‘lsa ham mamlakatdagi ba‘zi milliy ozchiliklarning his-tuyg‘ularini urchitib yuborishi mmukinligi borasidagi xavotirini aks ettiradi.

Shotlandiya xalqiga o‘z kelajaklari uchun ovoz berish imkoni yaratilayotgan ekan, Xitoyning o‘zida har qanday bo‘lginchilik haqidagi fikrlar sotqinlik bilan barobardir va qamoq jazosi bilan jazolandi.

Shinjonda Pekin "uyg‘ur bo‘lginchildari"ga qarshi kampaniya boshlagan. Tibetliklar Xitoy tazyiqlaridan anchadan beri shikoyat qilib keladilar.

Image copyright Reuters

Tayvanda esa agar mustaqillik e‘lon qilinsa Pekin harbiy kuch ishlatish huquqiga ega ekanligini aytib kelgan.

"O‘tmishda Xitoy qachonki birlashgan bo‘lsa muvaffaqiyatli bo‘lib kelgan. Iqtisod rivojlangan, aholi hayoti yaxshilangan. Mamlakat parchalangan yoki tashqi tajovuz ostida bo‘lgan vaqti eng avvalo oddiy xalq jabr ko‘rgan", deydi siyosiy tahlilchi Viktor Gao.

Shuning uchun Viktor Gaoning fikricha, London Shotlandiyaga mustaqillik imkonini berayotganini tasavvur qilish qiyin.

Davlat nazorati otsida bo‘lgan Global Times da o‘tgan hafta chop etilgan maqolada aytilishicha, "agarda Shotlandiya mustaqillik uchun ovoz bersa, Buyuk Britaniya birinchi darajali mamlakatdan ikkinchi darajali mamlakatlar sirasiga tushib qoladi".

Ro‘znomaga ko‘ra, Shotlandiya mustaqilligi Ovro‘podagi kuchlar muvozanatini buzib, umumjahon siyosiy sahnasiga ham ta‘sir qiladi.

Istehzoli yeri shuki, Shotlandiya vazirlar mahkamasi rahbari va mustaqillik tarafdori Aleks Salmond Xitoy mustaqil Shotlandiya uchun asosiy iqtisodiy hamkorlardan biri bo‘lishini aytgan.

Edinburgdagi viski festivalida Xitoyda Shotlandiyada ishlab chiqariladigan mahsulotlarga "chanqoqlik" borligi ayon bo‘ladi.

Image caption Edinburgda 2011 yili Xitoy Bosh vaziri va Shotlandiya vazirlar mahkamasi rahbari viski baham ko‘rishgandi

Shotland viskisi doxil Xitoyga Shotlandiya eksporti hajmi o‘tgan yilda 1 yarim milliard dollardan ko‘proq edi.

Edinburgdagi viski festivali tashkilotchilaridan biri Stiven Notman Shotlandiyaning Xitoyga eksporti kelajagi yorqin ekanligiga ishonadi. Lekin bunga siyosatni aralashtirish istagi yo‘q.

"Xitoyliklar hamisha bizga samimiy qiziqish bilan qarashgan. Bundan buyog‘iga ham nima bo‘lishini bilishni istashmoqda. Lekin bu nozik masala va biz gaplashishni istamagan mavzular borasida ko‘plba savollarni keltirib chiqarishi mumkin", deydi u.

Xitoyda har qanday siyosiy masala nozik. Hatto minglab chaqirim narida bo‘lgan millatning kelajagi masalasi ham nozik.

Shotlandiya musiqa asboblari sadosidan mast bo‘lsalar ham, Shotlandiya mustaqilligi masalasini chetlab o‘tishga harakat qiladilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02