Ucellning paxta kampaniyasiga 50000 dollar ajratishdan o‘zga chorasi yo‘q

Image copyright fergananews.com

O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasining mojaroli faoliyati bois vaziyatni o‘rganish uchun Toshkentga borgan Teliasonera mobil aloqa shirkati aktsionerlari o‘zlari uchun yana bir kutilmagan yangilikdan voqif bo‘lganlar.

O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan xorijiy shirkatdan ham paxta yig‘im-terimida qatnashish talab qilinadi.

Xususan, Ucell shirkatining oldiga uch shart qo‘yilgan: "yo xodimlaringni paxta terishga olib chiqasan, yoki paxta terish uchun dalaga chiqqanlarning haqini to‘laysan yoki paxtakorlarning oziq-ovqati va ko‘ngilxushligiga homiylik qilasan!"

Shvetsiyadan borgan aktsionerlarga Ucell xodimlari aytishlaricha, dalada paxta terayotganlar uchun osh pishirish yoki tashkil qilingan ko‘ngilxushlik uchun yiliga 50000 AQSh dollariga teng mablag‘ ajratishga rozi bo‘lishdan o‘zga choralari qolmagan.

Bu haqda BBCga yaqinda Toshkentga borib qaytgan Karina Lundberg Markou ma‘lum qildi.

Karina Lundberg Markou Shvetsiyadagi Folksam sug‘urta kompaniyasida korporativ mas‘uliyat boshqarmasi rahbari hamda Teliasonera hissalari egasi hisoblanadi.

Markou xonim biznes axloqi uchun mas‘ul shaxslardan.

Markou xonim aytishicha, so‘nggi ikki yil davomida Shvetsiyaning davlat nazoratidagi Teliasonera shirkati vakillari Toshkentda bo‘lishmagan va sarmoyadorlar Teliasoneraning bugungi kundagi sho‘‘ba korxonasi Ucell O‘zbekistondagi biznes faoliyati naqadar shaffof amalga oshirilayotgani bilan qiziqishgan.

"Ucell xodimlari juda ochiq bo‘ldilar va bizni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardilar", dedi BBC bilan suhbatda Karina Lunberg Markou.

Bundan oldin Teliasonera Gulnora Karimovaning "Forum" jamg‘armasi tadbirlariga homiylik qilganini e‘tirof etgan va shuning uchun ham Toshkentga borgan sarmoyadorlar Ucellning homiylik faoliyati haqida so‘rashgan.

"Ular paxta yig‘im-terimida ishtirok etish uchun oldilariga uch yo‘l qo‘yilganini aytdilar. Birinchisi, Ucell xodimlarini paxta terish uchun dalaga olib chiqish. Ucell buni qilmagan. Ikkinchisi, o‘z xodimlarini paxta terishga yuborgan shirkatga haq to‘lash. Ucell buni istamagan. Uchinchi yo‘l, ularning ta‘biri bo‘yicha ovqatlanish va ko‘ngilxushlik bo‘lgan. Ular ana shu uchinchi yo‘lni tanlaganlar. Ularning aytishi bo‘yicha, bu shirkatga yiliga 50000 AQSh dollariga tushgan. Biz bu axborotdan hayratga tushdik. Lekin ularning(Ucell xodimlarining) aytishicha, O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan hamma xorijiy shirkatlar uchun bu majburiydir", dedi Karina Lunberg Markou.

"Men bu kabi homiylik faoliyati Teliasoneraning o‘z biznes faoliyatida inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash siyosatiga to‘g‘ri keladimi, deb so‘radim, biroq bu savolimga javob ola olmadim", deydi Markou xonim.

Karina Lundberg Markouning BBCga aytishicha, balki ushbu homiylik faoliyatidan Teliasonera rahbariyatining xabari yo‘qdir.

U Teliasonera rahbariyatiga rasman xat yozib, ushbu masalani ko‘tarish niyatida ekanini aytdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02