Kobuldagi portlashda xorijiy askarlar halok bo‘lgan

Image copyright AFP

NATO kuchlari Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi portlashda uch xorijlik askar halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, 16 tinch fuqaro jarohatlangan.

Tolibon elektron maktub va Twitter orqali xudkushlik hujumi uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Portlash ertalabki soat 8 larda, ko‘chalar gavjum paytda ro‘y bergan.

Xudkush hujumchi portlovchi modda ortilgan avtomobilini xorijiylarning harbiy karvoniga borib urgan.

BBC muxbiri Devid Loynga ko‘ra, xorijiy harbiylarning zirhli avtomobili vayron bo‘lgan.

ISAF kuchlari halok bo‘lgan va yaralangan askarlar qaysi mamlakat fuqarolari ekanini ma‘lum qilmagan.

Portlash sodir bo‘lgan joy Kobul shahrining o‘ta qattiq qo‘riqlanadigan hududi hisoblanadi, portlash Afg‘oniston Oliy Mahkamasi binosi yaqinida, AQSh elchixonasidan bir necha yuz metr uzoqlikda yuz bergan.

Juda kuchli portlash Kobul markazidagi binolarni larzaga solgan, yaqinroq joydagi ko‘plab bino va avtomobillarning derazalarini sindirib yuborgan.

Ushbu xudkushlik hujumi prezidentlik saylovi natijalari bois yuzaga kelgan mavhumlik manzarasida ro‘y bergan.

Ikki nomzod - Ashraf G‘ani va Abdullo Abdullo saylov ovozlari soxtalashtirilgani haqidagi da‘volar ortidan byulletenlarni qayta sanab chiqishga rozi bo‘lganlar, 15 sentyabr kuni qudrat bo‘lashish maqsadida muzokaralar o‘tkazganlar.

2014 yil oxiri Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarni olib chiqishning so‘nggi muddati eti belgilangan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02