Qrim va Shotlandiya referendumlari o‘xshashmi?

Image copyright Getty
Image caption Shotlandiyaning birinchi vaziri Aleks Salmond mustaqillik ilhomchisi va tashabbuskori hisoblanadi

18 sentyabr kuni Buyuk Britaniya tarkibiga kiruvchi Shotlandiya aholisi mustaqillik borasidagi umumxalq referendumida ovoz beradi.

300 yildan ortiqroq vaqt mobaynida Britaniya tarkibida bo‘lgan hudud kelajagi borasidagi referendum arafasida omma so‘rovlari mustaqillik tarafdorlari va qarshilar soni deyarli teng ekanini ko‘rsatmoqda.

Ayni vaqtda jahon bo‘ylab bo‘lginchilik harakatlari mavjud davlatlar ham bu referendumni yaqindan kuatishyapti.

Yaqindagina Ukraina tarkibidan ajrab chiqib, Rossiyaga qo‘shilgan Qrim rahbari Sergey Aksenovning aytishicha, agar Ovro‘po Shotlandiya referendumi natijalarini tan olsa, xuddi shu tarzda Qrimdagi referendum natijalarini ham tan olishi kerak bo‘ladi.

Shu vaqgacha Ovro‘po Ittifoqi Qrimda shu yil martida o‘tkazilgan referendumni tan olmagan va Qrimni Rossiya tomonidan anneksiya qilingan, deb hisoblaydi.

Xo‘sh, janob Aksenovning so‘zlarida jon bormi?

Shotlandiyadagi referendum Qrimdagi referendumdan nimasi bilan farq qiladi?

Ushbu savollarga BBC rus xizmati muharriri Famil Ismailov javob beradi.

Image copyright AP
Image caption Janob Aksenovga ko‘ra, Ovro‘po Shotlandiyani tan olsa, Qrimni ham tan olishi kerak

Famil Ismailov: Bu ikki vaziyat bir-biriga umuman o‘xshamaydi. Bu yerda janob Aksenov o‘zi ko‘rishni xohlagan narsani voqe‘lik sifatida taqdim qilmoqda shekilli. Birinchidan, Shotlandiyadagi referendum mutlaqo qonun doirasida o‘tkazilmoqda. Bu kabi referndum o‘tkazilishi uchun qonunda talab qilingan hamma shartlar bajarilyapti. Britaniya parlamenti referendumni o‘tkazishni tasdiqlagan. Referendum oshkor va demokratik fazoda, ochiq bahslar o‘tkazilishi, hamma tomonlarga o‘z fikrlarini izhor etish uchun imkon yaratilgan, harbiy kuchlar hozir bo‘lmagan, hech bir tomonga bosim yo-da tazyiq bo‘lmagan vaziyatda o‘tkazilmoqda. Bularning birontasi Qrimdagi referendumda yo‘q edi. Qrimda referendum xorijiy kuchlar ishtiroki va bosimi ostida o‘tkazildi. Shuning uchun Shotlandiyadagi referendum bilan Qrim referendumini taqqoslash bu Yerdagi hayot bilan Mirrixdagi hayotni taqqoslashga o‘xshab ketadi.

BBC: Rossiyaning o‘zida janob Aksenovning fikriga o‘xshash fikrlar ne qadar keng tarqalgan?

Famil Ismailov: Rossiyadagi omma orasida Qrim Rossiya bag‘riga qaytdi, degan fikr juda keng tarqalgan. Shuning uchun ba‘zi ziyolilar, jurnalistlar va mustaqil tahlilchilar aslida Qrimning anneksiyasi ro‘y berganligini anglaslar ham, ularning soni juda kam. "Qrimda xalq buning uchun ovoz berdi" va shunga o‘xshash boshqa rasmiy izhorotlarni aholining aksar qismi ishonch bilan qabul qilgan. Rossiyadagi omma fikri "Qrim Rossiyaning ajralmas qismi va hozirda Rossiya bag‘riga qaytdi, deb hisoblaydi. Rossiyada bu borada olib borilayotgan keng miqyosli targ‘ibot manzarasida bu masalalar yuzasidan ochiq va oshkor bahslarning o‘tkazilishiga imkon qolmayapti. Rasmiy nuqtai nazarga qarshi chiqqanlar esa tazyiqqa uchramoqdalar.

BBC: Lekin hozirda o‘zgacha fikrni izhor etish imkoniyatlari nisbatan ko‘proq ekanligi nazarda tutilsa, masalan, ijtimoiy tarmoqlar orqali, rasmiy nuqtai nazardan farq qiladigan fikrni aytuvchilar kichik guruh bo‘lsa ham bormi?

Famil Ismailov: Albatta bor. Lekin ularning ovozini eshitish deyarli imkonsiz. Hatto ijtimoiy tarmoqlar orqali bu borada izhor etilgan fikrlar ham ommaviy "trolling"ga uchramoqda. Trolling Rossiyada siyosiy tazyiqning keng qo‘llanadigan usuliga aylangan. Qayerdadir ijtimoiy tarmoqda Rossiya hukumati yoki davlatiga nisbatan tanqidiy mulohaza yangrashi bilanoq, matbuotda aytilayotganidek, avvaldan to‘langan odamlar tomonidan ataylab uyushtirilayotgan ommaviy so‘z hujumiga uchrashmoqda. Ular hukumat mavqe‘ini qabul qilmagan odamlarni haqorat qilish va kamsitish uchun ijtimoiy tarmoqlarni ham ishga solmoqdalar. Shuning uchun bu kabi bahslar ko‘pda o‘zaro haqoratli aytishuvlarga aylanib ketmoqda. Bundan tashqari, Rossiya jamoatchiligi orasida Shotlandiyadagi referendum qanday o‘tkazilayotgani haqida mufassal ma‘lumot yo‘q. Ukraina qonunlariga muvofi, mamlakat unitar davlat bo‘lgani uchun Qrimning kelajagi borasidagi referendum butun mamlakat miqyosida o‘tkazilishi kerak edi. Shotlandiya esa, Birlashgan Qirollikning tarkibiy qismidir va o‘z taqdirini o‘zi hal qilmoqda. Rossiyada esa omma Shotlandiya taqdiri Londonda hal qilinadi, deb o‘ylaydi. Rossiyada saylovda kimning qanday ovoz berishi emas, balki ovozlarni kim sanashi muhim, degan fikri keng tarqalgan. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan fikrlarning ham aksari Shotlandiyadagi referendumning oshkoraligi borasida shubhalarga to‘la. Ularning fikricha, faqatgina London xohlasagina Shotlandiya mustaqil bo‘lib chiqishi mumkin.

BBC: Siyosiy doiralarda-chi, rasmiylar Shotlandiya referendumi masalasini tilga olishyaptimi?

Famil Ismailov: Umuman olganda, siyosiy doiralarda ham Shotlandiya referendumiga qiziqish katta. Men biron shaxsning so‘zlarini keltira olmayman, chunki to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiqchasiga biron kishi bu haqda hozircha gapirgani yo‘q. Lekin o‘zaro bahslarda bu masala ko‘tarilayotgani ma‘lum. Agarda Shotlandiya mustaqillik uchun ovoz bersa, bu demokratik yo‘lda ikki davlatning ajrashishi namunasi bo‘lishi mumkin. Lekin Shotlandiya mustaqilikka qarshi ovoz bersa, taxmin qilishimiz mumkinki, Rossiyada ko‘plar "mana, va‘dalarni berishdi, lekin ustida turishmadi" degan istehzoli gaplarni aytishi tayin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02