Isroil politsiyasi Toshkentga yo‘l olgan ikki shaxsni hibsga oldi

Image copyright AFP
Image caption "Ben-Gurion" jahondagi eng qattiq qo‘riqlanadigan aeroportlardan biri hisoblanadi

Isroil politsiyasiga ko‘ra, dushanba kuni Tel-Avivdan Toshkentga uchayotgan "O‘zbekiston Havo Yo‘llari"ga qarashli uchoqning giyohvand moddalar va o‘q-dori olib o‘tishga uringan ikki yo‘lovchisi hibsga olingan.

Yo‘lovchilardan biri Isroil, ikkinchisi esa O‘zbekiston fuqarolaridir.

O‘zbek havo yo‘llarining Tel-Avivdagi vakili BBCga hibsga olingan o‘zbekistonlikning ayol kishi ekanini tasdiqladi.

Uning aytishicha, qo‘lga olingan isroillik erkak bilan o‘zbekistonlik ayol "bir-biriga aloqasi yo‘q ikki yo‘lovchi" bo‘lishgan.

O‘q to‘la qo‘g‘irchoq

Dushanba kungi hodisa tafsilotlarini o‘rgangan Jerusalem Post ro‘znomasi muxbiri Daniel Eisenbudning BBCga aytishicha, Isroil politsiyasi hozirda ikki asosiy farazni ko‘rib chiqmoqda.

Bular-kontrabanda va uchoqni olib qochish rejasi.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, shaxsi oshkor etilmagan 33 yoshli isroillik erkak uchoqqa ichiga o‘q to‘ldirilgan qo‘g‘irchoqni olib chiqmoqchi bo‘lgan vaqti ushlangan.

"Xavfsizlik xodimlari qo‘g‘irchoqni fosh etishgan payt bu shaxs qochishga harakat qilgan, lekin bir necha daqiqaning o‘zidayoq hisbga olingan. Uni so‘roqqa tugan vaqtlari, u qo‘lidagi xaltada nima borligidan xabari bo‘lmaganligi, bu yukni unga o‘zi tanimagan bir ayol yo‘lovchi berganligini aytgan. Unga ko‘ra, ayol qo‘lidagi yuki ko‘payib ketganligini aytib, yordamlashib yuborishni iltimos qilgan. Shundan keyin rasmiylar o‘sha ayolga va uchoqdagi boshqa barcha yo‘lovchilarga tegishli yuklarni obdan qayta tekshirishgan va giyohvand moddalar hamda o‘qlar solingan qator o‘yinchoqlarni topganlar. Aytilishicha, bularning hammasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol yo‘lovchining yuklari orasidan topilgan. Oqibatda uchish vaqti kechiktirilgan, ikkala shaxs ham politsiya tomonidan so‘roq qilinmoqda", -deydi isroillik jurnalist.

Qattiq qo‘riqlanadigan aeroport

Hodisa yuz bergan "Ben-Gurion" aeroporti Isroilning eng qattiq qo‘riqlanadigan aeroporti hisoblanadi.

Mintaqadagi beqaror vaziyatga qaramay, u yerda hech qachon terrorchilik hujumi ro‘y bermagan.

Jerusalem Post muxbiri Daniel Eisenbudning aytishicha, aftidan, bu gal ichiga giyohvand moddalar va o‘qlar solingan yuklar dastlabki tekshiruvdan o‘tib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

"Mana shunisi juda noodatiy", - deydi jurnalist.

Uning aytishicha, hozirda ham O‘zbekiston va ham Isroil tomonidan bu shaxslar bilan birga urinishda boshqa shaxslarning ham ishtiroki bormi-yo‘qmi, degan savol yuzasidan tekshiruvlar olib borilishi aniq.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02