MTS rahbari hibsda, Toshkentda hammayoq tinch?

Image copyright Reuters

Rossiyaning AFK "Sistema" shirkati rahbari, mamlakatdagi eng badavlat shaxslardan biri Vladimir Yevtushenkov pul yuvishda ayblanib seshanba kuni uy hibsiga joylashtirilgan.

O‘tgan yili O‘zbekistonni ziddiyatli ravishda tark etgan MTS mobil shirkatiga ham egalik qiluvchi janob Yevtushenkov ustidan endilikda elektron braslet orqali nazorat olib borilmoqda. U Moskva tashqarisidagi Jukovka posyolkasida joylashgan uyida qolayotir.

Rossiya Tergov qo‘mitasi avvalroq chop qilgan bayonotda Boshqirtiston yoqilg‘i va energetika majmuasidan noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirilgan mulkka Vladimir Yevtushenkovning aloqador ekaniga yetarli dalillar borligi va unga nisbatan pul yuvish aybi ilgari surilgani aytilgandi.

Bugun uning AFK "Sistema" bayonot chiqarib, shirkat Boshqirtistonning yoqilg‘i va energetika majmuasidagi hissalarni qonuniy va shaffof tarzda sotib olganini bildirgan.

Mazkur hodisa ortidan Moskva birjasida AFK "Sistema" shirkatining aktsiyalari 26,3%, unga tegishli "Bashneft" aktsiyalari 11,32%, hamda MTS aktsiyalari 5,56%ga tushib ketgan.

Ikkinchi Xodorkovskiy?

Ayni damda YuKOS shirkatining sobiq egasi Mixail Xodorkovskiy "Vedomosti" gazetasidagi intervyusida Yevtushenkov hibsga olinishini o‘z boshiga tushgan muammolarga o‘xshash ekanini aytgan.

Janob Xodorkovskiyga ko‘ra, hukumatga tegishli "Rosneft" bu safar "Bashneft"ni o‘z huquqiy egasidan tortib olmoqchi bo‘layapti.

Biroq, "Rosneft"ning matbuot voizi Mixail Leontev "Bashneft" bilan hech qanday muzokaralar olib borilmaganini aytdi.

Toshkentda hammayoq tinch?

Ayni damda Moskvadagi muammolariga qaramay MTS o‘zbek bozoriga qaytish harakatlarini jadal suratlarda davom ettirmoqda.

O‘zbekistonning "Aloqabank" banki 20 sentyabrda hissadorlar majlisini yig‘ib, MTS shirkatiga tegishli "Universal mobile systems" mobil shirkatiga kredit ajratishni muhokama etishi kutiladi.

"Universal mobile systems" mobil operatoridagi 50,01% hissalarga MTS, 49,99% hissalarga esa O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi egalik qiladi.

Yangi operator joriy yilning 1 noyabridan boshlab barcha texnik ishlarni boshlashi, 1 dekabrdan boshlab esa MTS brendi ostida tijoratni yo‘lga qo‘yishi kutiladi.

Ikki yil avval MTS va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida chiqqan mojaroda Gulnora Karimovaning ismi tez-tez tilga olingan.

MTSni so‘ngra go‘yoki o‘zbek bozoridan siqib chiqarish harakatlari uchun janob Yevtushenkov o‘zining G‘arbdagi manbalaridan foydalanib Karimova xonimdan o‘ch olishga kirishgani da‘vo qilingandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer