O‘zbek qamoqxonasidan muslimaning o‘ligi chiqdi

Image caption Nilufar Rahimjonova 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi

Toshkent viloyatidagi Zangiota tuman ayollar qamoqxonasidan tojikistonlik muslima Nilufar Rahimjonovaning o‘ligi chiqqan.

Yaqinlariga ko‘ra, u 2012 yil boshida chegarani noqonuniy kesib o‘tish va terrorizmda ayblanib 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Militsiya xodimlari Nilufar Rahimjonova jasadini uning Toshkentdagi inilariga o‘tgan shanba kuni topshirganlar va mayitni zudlik bilan ko‘mishni talab qilganlar.

Nilufar Rahimjonova ayni kunning o‘zida Toshkent shahar Olmazor tumanidagi qabristonlardan birida tuproqqa qo‘yilgan.

Yaqinlarining aytishicha, ichki ishlar xodimlari Rahimjonovaning nima sababdan vafot etgani borasida ma‘lumot berishmagan.

37 yoshli Nilufar Rahimjonova Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasining sobiq imomi Ma‘rufjon Rahimjonovning to‘ng‘ich qizidir.

1990-1991 yillarda Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasining imom-xatibi bo‘lgan 64 yoshli Ma‘rufjon Rahimjonov so‘nggi yillarda Tojikiston shimolidagi Istaravshan shahrida istiqomat qiladi.

Nilufar Rahimjonova Buxoroda tavallud topgan va 90 yillar boshida Tojikistonga turmushga chiqqan.

Nilufar Ramhimjonova tojikistonlik taniqli jurnalist va muxolifat faoli Sayidyunus Istaravshaniyning turmush o‘rtog‘idir.

Er-xotin to‘qsoninchi yillar boshida Eronga ko‘chib o‘tgan.

Sayidyunus Istaravshaniy Tehrondagi "Mustafo" oliygohi qoshida ochilgan qisqa muddatli kurslarda mudarrislik qiladi.

U, shuningdek, Tojikistonda mashhur "Kimyoi Saodat" web sahifasi asoschisi va muharriridir.

To‘y va aza

Sayidyunus Istaravshaniyning BBCga ma‘lum qilishicha, 2011 yil iyunida yaqinlarini ko‘rish uchun Tehrondan Istaravshan shahriga borgan ayoli unga Toshkentda istiqomat qilgan ukasining to‘yiga borish niyatida ekanini aytadi.

Uning e‘tirozlariga qaramay, Nilufar Rahimjonova ayni yil avgust oyida Tojikistondan aylanma yo‘llar bilan Toshkentga yo‘l oladi.

To‘y tadorigida yurgan Nilufar Rahimjonova oradan bir oy o‘tib, O‘zbekiston huquq-tartibot idorlari xodimlari tomonidan hibsga olinadi.

Yaqinlariga ko‘ra, dastlab unga "davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish" ayblovi qo‘yiladi.

Biroq keyinchalik Nilufar Rahimjonova O‘zbekiston Davlat Televideniyesi orqali chiqish qilib, yaqinlarining aytishicha, "Eronda terrorchilar jamloqlarida ta‘lim olib, O‘zbekistonga terrorochilik hujumlarini sodir etgani" kelganini "e‘tirof" etadi.

BBC bilan suhbatda Sayidyunus Istaravshaniy ayoli tergov ishini olib borgan shaxs tomonidan soxta ayblarni e‘tirof etishga majburlanganiga shubha qilmasligini aytdi.

"Ilk muslima jasadi"

Toshkentlik huquqbon Surat Ikromovning aytishicha, u rahbarlik qilgan tashkilot hozirga qadar ayollar qamoqonasidan "terrorizm yoki diniy motivlar bilan qamalgan" mahkumalar jasadining chiqqanini qayd etmagan.

"Shu ma‘noda ilk muslima jasadi ayollar qamoqxonasidan chiqarilayapti, desak bo‘ladi", - deydi Surat Ikromov.

U ayollar qamoqxonasida sharoit erkak mahkumlar saqlanuvchi jazoni o‘tash muassisalarga nisbatan "birmuncha yaxshiroq" ekanini ilova qiladi.

Biroq, sobiq siyosiy mahkuma, taniqli inson huquqlari faoli Mo‘‘tabar Tojiboyevaning aytishicha, "ayollar qamoqxonasida sharoit o‘ta ham og‘ir".

Unga ko‘ra, ayollar qamoqxonasidan "har yili o‘rtacha 4-5 o‘lik chiqadi".

"Ularning asosiy qismi narkomanlar va SPIDga chalingan mahkumalardan iborat bo‘ladi. Har yili e‘lon qilinadigan amnistiya akti bo‘yicha, og‘ir bemor bo‘lgan mahkumalar jazodan ozod qilinishlari kerak. Lekin, ular jazodan ozod qilinmaydi va ularga yetarli tibbiy yordam ko‘rsatilmaydi", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Tojiboyeva xonimning aytishicha, ayollar qamoqxonasida mahkumalarni qiynoqqa solish va tahqirlash "keng tarqalgan".

"Eng og‘ir qiynoqlar siyosiy va diniy motivlar bilan qamalganlarga nisbatan ishlatiladi", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Ayni mavzu bo‘yicha BBCning O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga qilgan murojaati javobsiz qoldi.

Mo‘‘tabar Tojiboyevaning aytishicha, O‘zbekiston rahbariyati mamlakatdagi sistematik qiynoqlarga oid ichki siyosatini o‘zgartirmas ekan, O‘zbekistonda qiynoq hollari kamayishini kutib bo‘lmaydi.

2002 yil noyabrida O‘zbekistonga borgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Teo van Boven "O‘zbekistonda qiynoqlar sistematik qo‘llanadi", deya xulosa bildirgan.

BMT maxsus ma‘ruzachisi hisobotidan keyin O‘zbekiston hukumati qiynoqlarga qarshi maxsus dastur qabul qilganini e‘lon qilgan, biroq o‘sha dasturdan keyin o‘tgan 12 yilda ham vaziyat o‘zgarmaganini aytishadi faollar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02