Shotlandiya referendumi: O'zbekistondan munosabat

Toshkentdan mahalliy jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Shotlandiyadagi mustaqillik referendumi O‘zbekiston ommaviy-axborot vositalarida deyarli yoritilmagan.

So‘z siyosiy huquqlar masalasida ketayotgani uchun ham O‘zbekiston hukumati ehtiyotkorlik qilgan bo‘lishi mumkin, deydi u.

"Aytaylik, shunaqangi referendumlar, mamlakatlardagi har xil siyosiy talablar va boshqalar O‘zbekiston ommaviy-axborot vositalarida cheklanadi va bunga tsenzura qo‘yilgan. To‘g‘ri, Shotlandiyada nimalar bo‘layotgani haqida kichik-kichik xabarlar berildi. Ammo keng yoritilib, muhokama qilingani yo‘q", - deydi suhbatdoshimiz.

O‘zbekistonlik jurnalistga ko‘ra, buning o‘ziga xos sabablari ham bor.

"Albatta, birinchidan Qoraqalpog‘iston tufayli. Ikkinchidan, referendum, bir ma‘noda, shotlandiyaliklarning o‘z siyosiy huquqlarini talab qilishlari, degani. Chunki u yerdagi kattagina qatlam, baribir, mustaqillik xohlayapti. Bir maqol bor-ku, masalan, o‘sha "Dardni qo‘zg‘ashi mumkin", degan. Masalan, shotlandiyaliklarning o‘z siyosiy huquqlarini talab qilishi - O‘zbekistondagi ana shunday muayyan guruhlarni harakatga keltirishi yoki ularning ko‘ngillarini junbushga keltirishi mumkin. O‘sha nuqtai nazardan O‘zbekiston hukumati ehtiyotkorlik qilgan bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, har qanday siyosiy masalalarga tsenzura qo‘yilishi odamlarning hafsalasini o‘ldirib tashlaydi, shu jumladan, hamkasblarimizning ham", - deydi u.

Image copyright AFP

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimizning aytishicha, shunda ham, O‘zbekistondagi barchani Shotlandiyadagi mustaqillik referendumiga mutlaq befarq, deb bo‘lmaydi.

Jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, xalqaro siyosatga qiziqqan odamlar Shotlandiyaning, baribir, Buyuk Britaniya tarkibida qolishini kutishgan va buni ma‘qullashgan.

"O‘zbekistonda ham xuddi shunga o‘xshagan muammo bor. Mana, masalan, ayrim "provokatorlar" chiqib, Qoraqalpog‘iston mustaqilligi, degan ayrim gaplarni o‘rtaga tashlab, "ayirmachilik" bilan shug‘ullanishga harakat qilishayapti. Lekin, ishonchim komilki, referendum bo‘lgan taqdirda ham, qoraqalpoqlar O‘zbekiston bilan qolishni xohlaydi. Buning sababi - xalqlar ijtimoiy, siyosiy, turli jihatdan mushtarak", - deya mulohaza yuritadi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, Shotlandiya mustaqilligini shaxsan o‘zi juda nisbiy bir narsa, deb hisoblaydi.

"Demokratik mamlakatlarda bunga hech qanaqangi hojat yo‘q. Aytaylik, O‘zbekiston SSSRdan mustaqil bo‘lgandek gap bo‘lsa, buni tushunish mumkin edi yoki boshqa bir mamlakat katta bir nimadan mustaqil bo‘lsa... Lekin men Shotlandiyaning Buyuk Britaniyadan mustaqilligini hech tushuna olmayman. Chunki bu yerda har tomonlama hamkorlik, degan narsa bor. Shaxsan mening nazarimda, bu - "ayirmachilik", desam qo‘pol bo‘lib ketaru, o‘ziga xos buzg‘unchilikka o‘xshagan bir gap. Menimcha, bu harakatlar Shotlandiyada borib, borib yo‘qolib ketadi. Referendum natijasi borib, borib, Shotlandiya xalqining xohish-irodasi, erki bo‘lib qoladi", - deydi jurnalist.

Xalqaro munosabat

Image copyright Linkedage

Agar, gapni indallosidan boshlasak, Shotlandiyadagi referendum natijasini g‘arbiy Ovro‘po yengil tin olib, qarshi olgan.

Jumladan, Ispaniya Bosh vaziri so‘nggi yangilikni xush qarshilashini aytgan.

Ispaniyaning Kataloniya mintaqasi mustaqilligi yo‘lida kampaniya olib borayotgan harakatga ko‘ra, referendum - demokratiyaning g‘alabasi bo‘lgan.

Olmoniyadagi ayrim yirik nashrlar, jumladan, BILD, "Britaniya buyukligicha qoladi", deb munosabat bildirgan.

Italiyadagi ba‘zi bir chiqishlarga qaralsa, hatto, salbiy natija ortidan ham, Britaniya endi avvalgidek bo‘lmaydi.

Shotlandiya referendumini kuzatgan rossiyalik kuzatuvchilar guruhi rahbarining da‘vo qilishicha, jarayon xalqaro me‘yorlarga javob bermagan.

Uning aytishicha, Britaniya tartib-qoidalari G‘arb Rossiyadan talab qilib kelganidan "juda boshqacha".

So‘nggi yangilik Arab dunyosini ham befarq qoldirmagan.

Deylik, arabparast televizion stantsiyalar Shotlandiyadagi referendum natijasini jadallik bilan yoritishgan.

Eron Islomiy Respublikasi Axborot Agentligi saylovchilarning qanchalik faol bo‘lishganiga alohida diqqat qilgan.

Agentlikka ko‘ra, bu - britan va shotland xalqining rekord darajadagi siyosiy faolligiga dalolat qiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02