Xitoy: notinch Shinjonda "qonli portlashlar" yuz berdi

Image copyright AFP

Xitoyning asosan uyg‘urlar yashovchi Shinjon hududida yuz bergan portlashlarda ikki odam halok bo‘lgan va ko‘plar jarohat olganlar.

Kommunistik partiyaning mahalliy xabar agentligi portlashlar yakshanba kuni Luhtay viloyatining kamida uchta joyida yuz berganini yozdi.

Shinjonda oxirgi vaqtlarda mahalliy musulmon uyg‘ur aholisi va xitoylik Xan ahli o‘rtasida tanglik yuzaga kelgan.

Oxirgi oylarda zo‘ravonlik ko‘lami oshgan, xususan, Urumchi va janubiy Kunming shaharlarida oddiy fuqarolar qonli hujumlar qurboni bo‘lganlar.

Iyulda Qashg‘ar shahriga yaqinlikdagi politsiya va hukumat binolariga qarshi uyushtirilgan hujumlarda o‘nlab odamlar nobud bo‘lgan yo jarohatlangan.

Bundan ikki kun o‘tib Xitoydagi eng yirik masjid hisoblanmish Qashg‘ar masjidi imomi o‘ldirib ketilgan.

"Tartib qayta tiklandi"

Tyanshan xabar agentligi oxirgi portlashlar yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00da yuz berganini bildirdi.

Unga binoan, jarohatlangan odamlar kasalxonaga olib ketilgan va "mahalliy ijtimoiy tartib" qayta o‘rnatilgan. Sayt boshqa tafsilotlarni bermadi.

Sal avvalroq davlat matbuoti iyul oyidagi ikki hujum uchun 17 nafar politsiyachi va rasmiylar jazolanganini xabar qilgan, biroq ular qanday jazolanganini ochiqlamagan.

Image copyright AP
Image caption Ilhom To‘xti o‘ziga qarshi mahkama qarori e‘lon qilinishini kutayapti

Yorkent viloyatidagi Qashg‘ar shahrida iyulda yuz bergan hujumda, davlat matbuotiga ko‘ra, 96 odam nobud bo‘lgan.

Davlat xabar agentligi yozishicha, 59 qurolli hujumchi davlat idoralariga bostirib kirib 37 oddiy fuqaroni o‘ldirishi ortidan, politsiya barcha hujumchilarni otib o‘ldirgan.

Biroq, faollar aslida politsiya musulmonlarga Ramazon hayitini nishonlash taqiqlanishiga qarshi chiqqan namoyishchilarga qarata o‘t ochganini aytishgan.

Xitoy notinchliklarga xorijiy terrorchi guruhlardan ilhomlangan uyg‘ur bo‘lginchilari sababchi deydi, biroq faollarga ko‘ra, Pekinning tazyiqlari g‘alayonni avj oldirmoqda.

Oy boshida Pekinning Shinjondagi repressiv siyosatini tanqid qilib kelgan taniqli uyg‘ur olimi bo‘lginchilikda ayblanib mahkamaga tortildi.

Yanvar oyida hibsga olingan Ilhom To‘xti ayblovlarni rad qiladi. U o‘tgan yili Pekinning Tyananmen maydonida uch uyg‘ur tomonidan amalga oshirilgan hudkushlik hujumiga bo‘lgan hukumat javobini qoralagan.

Janob To‘xtining ikki kunlik mahkama ishi o‘tgan hafta nihoyasiga yetgan. Hakam qarori tez kunlarda e‘lon qilinishi kutiladi.

BMT, Ovro‘po Ittifoqi va AQSh uning ozod etilishiga chaqirganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer