Xodorkovskiy Rossiya prezidenti bo‘lish ishtiyoqini e‘lon qildi

Image copyright Getty

Rossiya prezidentining eng asosiy raqibi deb ko‘riluvchi Mixail Xodorkovsiy qamoqdan chiqqanidan beri ilk marta o‘zining prezident bo‘lish ishtiyoqi borasida gapirgan. Bu haqida Frantsiyaning Le Monde gazetasi yozib chiqdi.

Parijda bo‘lib o‘tgan Le Monde nashrining 70 yillik tantanalarida ommaviy tarzda savollarga javob bergan "YuKOS"ning sobiq rahbari inqirozni bartaraf etish uchun "zarur bo‘lsa", Rossiyaning yangi prezidenti bo‘lishga tayyor ekanini bildirdi.

Avvallari Xodorkovskiy hech qanday siyosiy ambitsiyalari yo‘qligi, barcha qilayotgan ishlari jamoatchilik faoliyati ekanini aytib kelardi.

Bu safar ham janob Xodorkovskiy o‘z prezidentlik ambitsiyalari haqida Rossiya jamiyatining manfaati kabi kengroq kontekstda so‘zlashga urindi.

"Agar Rossiya normal yo‘lda rivojlanayotgan bo‘lganda edi, men prezidentlik lavozimiga qiziqmagan bo‘lardim", - dedi u. Uning aytishicha, Rossiyada prezidentlik vakolatlarini mahkamalar, parlament va fuqarolik jamiyatiga bo‘lib berish kerak.

"Agar bu inqirozni yengib o‘tish va konstitutsion islohotlarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lsa, men prezident bo‘lishga tayyorman", - dedi 51 yoshli Xodorkovskiy.

Uning ilk marta ochiq tarzda bu ishtiyoqi haqida gapirayotgani Xodorkovskiyni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab tarafdorlari kutgan bayonot edi.

Ayni damda Prezident Putinning matbuot voizi Dmitriy Peskov "Kommersant FM" radiostantsiyasi efirida gapira turib, Xodorkovskiyning bayonotiga munosabat bildirishga hojat yo‘qligini aytdi.

Davlat Dumasining deputati Nikolay Valuyev esa o‘z Twitter sahifasida quyidagicha munosabat bildirdi: "Mana bu jiddiy yangilik. Raqiblarni YuKOSning eskicha usullarini qo‘llab yo‘q qilishadimi?"

1990-yillar oxiri va 2000-yillarda Xodorkovskiy Rossiyaning eng badavlat tadbirkori bo‘lgan, biroq Kremlni norozi qilishi ortidan qalloblik va soliqdan bo‘yin tovlashda ayblanib 10 yilga qamalgan.

U o‘tgan yil dekabrida Putin tomonidan avf etildi va bugunda Shveytsariyada yashaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer