Rossiya: Urushga qarshi yurishda o‘n minglab odamlar qatnashdi

Moskvada poytaxt hokimiyati bilan kelishilgan holda "Tinchlik marshi" bo‘lib o‘tdi. Unda, turli xabarlarga ko‘ra, 5 mingdan to 50 minggacha odam ishtirok etgan.

Norozilik yurishini uyushtirgan muxolifat bildirishicha, mazkur tadbir Ukrainadagi urush va "Rossiyaning tajovuzli tashqi siyosati"ga qarshi qaratilgan.

Rossiyaning boshqa shaharlarida ham o‘xshash namoyishlar bo‘lib o‘tgani tufayli bu tadbir "Umumrossiya tinchlik marshi" deya taqdim qilindi.

Sankt-Peterburgda faollar Qozon bosh cherkovi qarshisida yig‘ilganlar, biroq Novosibirskdagi namoyish tarqatilgan.

Image copyright Reuters

Poytaxtda Pushkin maydonidan Saxarov prospektigacha yurish bo‘lib o‘tgan. Arizada 50 minggacha ishtirokchi yurishda qatnashishi aytilgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva bo‘yicha boshqarmasi bildirishicha, marsh boshlangan vaqtida ishtirokchilarning soni 5 ming odamga yaqin bo‘lgan.

"Lekin, ular orasida muxolifat tarafdorlari bilan birga Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) va Lugansk Xalq Respublikasi (LXR) tarafdorlari ham bor", - deyiladi vazirlik saytida.

Image copyright EPA

"Yabloko" partiyasi rahbari Sergey Mitroxinning aytishicha, ishtirokchilar soni 50 mingga yaqin bo‘lgan. RPR-PARNAS blogining raislaridan biri Boris Nemtsov esa Twitterdagi sahifasida 100 ming odam yig‘ilgani haqida yozgan.

Moskvadagi Pushkin maydonida o‘zini DXR va LXR deb e‘lon qilgan hududlar bayroqlarini ko‘tarib olgan 20 nafarcha yigitlar namoyishchilarga qo‘shilishga uringanlar.

Bu yigitlar "Tinchlik marshi - qotillar tarafdorlari yurishi", "Donbass, kechir" kabi shiorlarni ko‘tarib olganlar. Politsiya ularni namoyishchilar safiga qo‘shilishlariga izn bermagan.

Interfaks xabariga ko‘ra, marsh davomida jiddiy hodisalar ro‘y bermadi. Moskva markazida mazkur tadbir tufayli xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer