Moskvada tojik mehnat muhojiriga haykal qo‘yishmoqchi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Haykal qo‘yish oddiy moskvaliklarning tashabbusi ekani aytilmoqda

Moskvadagi sobiq Butunittifoq xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasida tojikistonlik mehnat muhojiriga haykal o‘rnatish mo‘ljallanmoqda.

Haykalni bronzadan tayyorlash rejalangan.

Smixer.ru websaytining Moskva shahar Madaniy meros departamentiga tayanib xabar berishicha, bu haykalni o‘rnatishni oddiy mockvaliklar so‘rashgan.

Ularning fikricha, haykal Moskvani obodonlashtirishga katta hissa qo‘shayotgan tojikistonlik ishchilarga moskvaliklarning hurmatlari ramzi bo‘ladi.

"Tojik ishchilari bir necha yillardan buyon Moskvani obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtishda mehnat qilib kelishmoqda, - deyishgan Madaniy meros departamenti xodimlari. – Ular Moskvadagi bino va yo‘l qurilishida samarali ishlashmoqda".

Departament xodimining so‘zlariga ko‘ra, moskvaliklarning haykal o‘rnatish borasidagi istaklari inobatga olingan.

Zurab Tsereteli nomli San‘at galereyasida haykalning xomaki nushasi tayyorlangan.

Haykalni joriy yil noyabr oyigacha tayyorlab, o‘rnatish mo‘ljallangan.

Tojikistonning o‘zida ham Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojiri sharafiga haykal o‘rnatish harakati boshlanib ketgan.

Bu harakatni boshlaganlar tojikistonlik mehnat muhojirlarining Tojikiston iqtisodidagi o‘rnini alohida ta‘kidlashgan.

Agar bu mehnat muhojirlari ishlab topgan milliard-milliard dollarlik pullarini Tojikistonga yuborishmasa, mamlakatda millionlab odamlar ochlikka mubtalo bo‘lishlarini, ijtimoiy tanglik yuzaga kelishi mumkinligini ta‘kidlashgan.

Lekin Tojikiston rasmiylari Dushanbeda mehnat muhojiriga haykal o‘rnatish borasidagi taklifga biron-bir munosabat bildirishmagan.

Rossiya Muhojirlik xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda bir yarim million nafar tojikistonlik Rossiyada mehnat qilmoqda.

Ayni paytda Rossiyadagi markaziy osiyoliklar orasida mehnat muhojirlarining soni bo‘yicha O‘zbekiston yetakchilik qiladi.

Smixer.ru ning xabarida nima uchun aynan tojik muhojiri tanlangani haqida hech narsa deyilmaydi.

Muhojirning o‘limi

Ayni paytda Moskva viloyatida bir nafar tojikistonlik politsiya bo‘limlaridan birida hayotdan ko‘z yumgan.

Uni mahalliy politsiyachilar kaltaklab o‘ldirishgani gumon etilmoqda.

39 yoshli tojikistonlik kishi badanidagi jarohatlar tufayli mahalliy ichki ishlar bo‘limida vafot etgan.

Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma‘lumot bergan.

Politsiyachilarning aytishlaricha, marhum voyaga yetmagan shaxsga tegajoqliq qilib, "uni zo‘rlashga uringan".

Hozirda mehnat muhojirining o‘limida gumon etilayotgan politsiya xodimlari qo‘lga olingan.

Keyingi yillarda Rossiyada tojikistonlik mehnat muhojirlarining o‘limi ko‘paygan.

Bultur Rossiyadan Tojikistonga 900 taga yaqin tobut keltirilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02