BMT: "Ochlikka qarshi urushda yengish mumkin"

Image copyright AP

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti chiqargan yangi hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,7 million odam to‘yib ovqatlanmaydi.

"Dunyo bo‘ylab oziq-ovqat beqarorligi - 2014" deb ataladigan hisobotda aytilishicha, so‘nggi 14 yil asnosida O‘zbekistondagi to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekayotgan insonlar soni 3,6 milliondan 1,7 millionga tushgan.

Dunyo bo‘ylab esa, BMT agentligiga ko‘ra, bugungi kunda 805 millionga yaqin kishi yoki har 9 odamdan birini ochlik qiynaydi.

Shuningdek, "Dunyo bo‘ylab oziq-ovqat beqarorligi - 2014"da 10 yildan ortiqroq vaqt ichida jahondagi ochlar soni 100 million nafarga, 1990-1992 yillardan beri 200 millionga kamayganini tasdiqlanadi.

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti bo‘yicha xalqaro jamg‘arma tarafidan yilda bir marta chiqariladigan hisobotda aytilishicha, rivojlanayotgan mamlakatlarda ocharchilikning kamayayotgani "Ming yillik taraqqiyot dasturi"da ko‘zlangan 2015 yilga qadar to‘yib ovqatlanmayotganlar sonini teng yarmiga qisqartirish rejasi "maqsadga muvofiq qadamlar tashlangan taqdirda" amalga oshishi mumkinligini anglatadi.

Hisobotga ko‘ra, bugunga qadar rivojlanayotgan mamlakatlardan 63 tasi "Ming yillik taraqqiyot dasturi" mo‘ljaliga erisha olgan, 2015 yilga borib yana 6 davlat qatorga qo‘shilishi mumkin.

"Bu ochlikka qarshi urushda yengishimiz mumkinligiga dalildir va mamlakatlarni, zarur bo‘lsa, xalqaro hamjamiyat yordamida oldinga qadam tashlashga rag‘barlantirishi lozim", deydi hisobot mualliflari.

Ammo, bundan oldin "Ming yillik taraqqiyot dasturi" asosiy yutuqlarga 2007-2008 yillarda erishilgani aytilgan. Keyingi sustlashuv global iqtisodiy inqiroz, oziq-ovqat narxlarining pasayishi, bioyoqilg‘iga talab ortgani hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘langandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02