"Sanktsiyalarga dizaynerona javob"

Bugun xuddi shu nom ostida Rossiya poytaxti Moskvada ikki mahalliy dizayner tashabbusi bilan o‘ziga xos vatanparvarlik aktsiyasi boshlandi.

Aktsiya butun Moskva bo‘ylab 6 oktyabrga qadar davom etadi va bu vaqt ichida shahar aholisiga vatanparvarlik ramzi tushirilgan 30.000 dan ortiq futbolka tarqatiladi.

Tadbir tashkilotchilariga ko‘ra, kelasi ikki hafta davomida istagan kishi o‘zining xorijda ishlab chiqarilgan eski futbolkasini vatanparvarlik ramzi tushirilgan yangisiga bemalol almashtirib oladi.

Hatto, dizayner futbolka bo‘lsa ham, buning uchun bir tiyin haq to‘lamaydi.

Odamlarga qulaylik yaratish uchun Moskvada maxsus "vatanparvar yo‘nalishi" tashkil qilinadi.

Bu yo‘nalish bo‘yicha haftaning muayyan kunlari sobiq Sho‘rolar davrida ishlab chiqarilgan "PAZik" rusumidagi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Uning aynan qayerlardan o‘tishi va aktsiyalarning aynan qayerda uyushtirilishiga oid xarita esa, shu munosabat bilan maxsus tashkil etilgan web sahifadan tashqari, barcha ijtimoiy muloqot tarmoqlarida #modnyesanktsii xeshtegi bilan e‘lon qilinadi.

Yangi loyiha tashabbuskorlari mahalliy dizayner Anastasiya Zadorina va jamoat faoli Kseniya Melnikovadir.

Image copyright AP

Ikkovlonning aytishicha, shu yo‘l bilan Rossiyani dastaklashmoqchi, ijodiy va dizaynerona yo‘lda o‘z vatanlariga bo‘lgan muhabbatlari va qanchalik vatanparvar ekanliklarini ko‘rsatishmoqchi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, aktsiyada tarqatilayotgan dizayner futbolkalari bu yilgi mavsumda urf bo‘lishi aniq.

Eng so‘nggida ta‘kidlash joiz, ularning tashabbuslarini Moskva shahar hokimiyati ham dastaklab chiqqan.

Aktsiya ishtirokchilari tushgan avtobus bugun Moskva markazidan o‘z sayohatini boshlaydi va eng avvalo yo‘lini Rossiya Davlat Dumasiga qarab soladi.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya quyi parlamenti a‘zolari o‘z eski futbolkalarini yangisiga alishtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan birinchi rossiyaliklar bo‘lishadi.

Bundan avval Moskvadagi eng qimmatbaho do‘konlardan biri ham prezident Vladimir Putin aksi tushirilgan futbolkalarni sotuvga chiqargandi.

Narxi osmono‘par bo‘lsa ham, bu kabi futbolkalarni qo‘lga kiritish ilinjida bo‘lgan odamlar do‘kon qarshisida turnaqator navbatlar paydo qilishgan va soatlab tikka oyoqda turishga ham rozi bo‘lishgandi.

Bu kabi tashabbuslar Ukraina inqirozida tutgan o‘rni uchun AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Rossiyaga ustma-ust sanktsiyalar qo‘llayotgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Rossiyaning davlatga qarashli yirik shirkatlari va qator amaldorlarini nishonga olgan jazo choralari allaqachon mamlakat iqtisodida o‘z so‘zini aytmay qolmagan.

Rubl AQSh dollariga nisbatan rekord darajada qadrsizlangan, yevroga nisbatan ham o‘z qimmatini anchagina yo‘qotgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02