Xitoy taniqli uyg‘ur akademigini umrbodga hukm etdi

Xitoy mahkamasi Ilhom To‘xtani "bo‘lginchilik"da aybdor, deb topdi.

Bu haqda uning himoyachisi bildirdi.

Akademik Xitoy hukumatining musulmon uyg‘urlariga nisbatan siyosatining oshkora tanqidchisi sifatida tanilgan.

Mahkama hukmi Shinjon Muxtor Uyg‘ur bo‘lgasida zo‘ravonliklar kuchayib borayotgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Muxbirlarga ko‘ra, bu - rasmiy Pekinning "bo‘lginchilar"ga nisbatan mavqe‘si keskinlashayotganiga dalolat qiladi.

Uyg‘ur akademigiga berilgan jazo xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlarining e‘tiborlaridan ham chetda qolmagan.

Jumladan, "Amnesty International" tashkiloti hukmga "qabul qilib bo‘lmas", - deya baho bergan.

Mahkama hukmi 66 sahifadan iborat bo‘lgani va unda ayblov tafsilotlari birma-bir keltirilgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, mahkama jarayonida rafiqasi doxil akademikning to‘rt qarindoshi ham hozir bo‘lishgan.

"Begunohman"

Image copyright AFP

Shu yil yanvar oyida hibsga olingan Ilhom To‘xta o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmay keladi.

Orada Ovro‘po Ittifoqi, AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham Xitoyni uni ozod etishga da‘vat etishgandi.

Ammo so‘nggi mahkama hukmi bu kabi chaqiriqlarning samarasiz bo‘lganini ko‘rsatadi.

Xabarlarga ko‘ra, O‘rimchi Xalq mahkamasi Ilhom To‘xtaning ishini o‘tgan hafta ko‘rib chiqqan.

Mahkama jarayonining o‘zi esa, bor-yo‘g‘i ikki kun davom etgan.

Janob To‘xtaning himoyachisi Li Fangping BBC bilan suhbatida hukm yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqishlarini aytgan.

Mahkama, shuningdek, uyg‘ur akademigi mol-mulkini musodara etishga ham buyruq bergan.

Hukm ortidan, huquq-tartibot xodimlari mahkama zalidan olib chiqishga urinisharkan, Ilhom To‘xta, "Hech qachon taslim bo‘lmasligi"ni aytgan.

"Biz Ilhom To‘xta gunohsizligini aytdik. Biroq ular "vositachilik, gijgijlash, his-tuyg‘ularni olovlantirish" kabi ko‘plab terminlarni qo‘llashdi. U Shinjondagi muammolarga xalqaro hamjamiyatning e‘tiborini tortish uchun tashqi kuchlardan foydalanishni maqsad qilganini aytishdi. Shu yo‘l bilan mamlakatni parchalash niyatiga yetmoqchi bo‘lganini da‘vo qilishdi. U hech qachon bunday niyatda bo‘lmagan. Dalil sifatida esa, uning matbuotga bergan va sinfxonadagi suhbatlaridan foydalnishdi. Ilhom To‘xtaning o‘zi ham bunday maqsadi bo‘lmaganini ta‘kidladi. Bo‘lginchilikka qarshi ekanini oshkora bayon qildi. Himoyachisi sifatida sizga shuni aytishim kerakki, yakuniy hukm "mutlaqo qabul qilib bo‘lmasdir", - deb aytgan janob Li Fangping.

Kerri Greysi, BBC Xitoy Xizmati muharriri:

Image copyright AFP

"Agar, siz uyg‘ur bo‘lsangiz, mustaqillikka oid da‘vatlaringiz uchun doimo qattiq jazolanasiz.

Ammo, so‘nggi hukm bilan bog‘liq eng qiziq jihati shundaki, Ilhom To‘xta terrorchi bo‘lish uyoqda tursin, hatto, mustaqillik yo‘lida kurash olib borgan faol ham emasdi.

U ikki jamoani bahamjihatlikka oshkora undab kelgan inson edi.

Hibsga olingunga qadar, poytaxt universitetlaridan birining akademigi bo‘lgan.

Xitoy Kommunistik partiyasining a‘zosi sanalgan.

Shaxsiy web sahifasida chop etgan maqolalarida esa, Shinjon Xitoy tarkibida qolishini ta‘kidlab kelgan.

Ustiga ustak, uyg‘urlar tomonidan davlatga qarshi uyushtirilgan zo‘ravonliklardan ham ozorlangan.

Biroq, xuddi shu o‘rinda, politsiyaning Shinjondagi zo‘ravon amallarini yoqlamagan, tanqid qilgan.

Uning nazdida, bu kabi sa‘y-harakatlar yosh uyg‘urlarning radikallashuviga xizmat qilgan:

Yoshlarni kurash Xitoy va terrorchilar o‘rtasida emas, Xitoy va Islom orasida ekaniga ishontirgan.

Image copyright AFP

Shinjondagi zo‘ravonliklarni jilovlash harakatlari manzarasida so‘nggi hukm Xitoyda mu‘tadil tanqidchilarga ham o‘rin yo‘qligini ko‘rsatadi".

Munosabat

"Amnesty International" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti hukmni "adolatning poymol etilishi"ga tenglashtirgan.

Mahkama jarayonining o‘zi esa, jiddiy qonunbuzarliklar bilan kechganini aytgan.

"Himoyachilarining dalillar bilan tanishishlariga izn berilmagan. Olti oy davomida ular o‘z mijozlarini deyarli umuman ko‘ra olishmagan. Siyosiy bosim ostida himoyachilaridan biri Ilhom To‘xtani himoya qilishdan voz kechishga ham majbur bo‘lgan", - deydi xalqaro tashkilot.

U hibsda ekani chog‘ida bir muddat ochlik e‘lon qilgani ham xabar berilgandi.

Iqtisodchi olim bo‘lgan Ilhom To‘xta yaqinda Amerika PEN klubining maxsus mukofotiga loyiq, deb topilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02