Gulnora Karimovaning vakili: "O‘zbekistonda qonunlar ishlamayapti"

Image caption Londondagi voizi Gulnora Karimova hamda qizining sog‘ligi yaxshi ekani haqida rasmiylarning bayonotini rad etdi

BBC bilan suhbatda Gulnora Karimovaning yaqinlari tomonidan yollangani aytilgan Londondagi vakili Loksli Rayn O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Karimova ishi yuzasidan savollarga javob bera boshlaganini "umid baxsh etuvchi" deb atadi.

Ayni paytda u Bosh prokuraturaning aKrimova xonim va qizining sog‘ligi yaxshi, degan bayonotini rad etdi.

Janob Raynga ko‘ra, o‘zbek huquq-tartibot idoralari olib borayotgan tergov Ovro‘podagi tekshiruv bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.

U yana bir marta Gulnora Karimovaning uy hibsida tashqi dunyodan butunlay ixotalab qo‘yilganini da‘vo qildi va o‘z mijozi bilan uchrashish uchun O‘zbekistonga safar qilishga tayyorligini aytdi.

Loksli Rayn: Menimcha, Bosh prokuraturaning savollarga javob bera boshlagani anchayin umid baxsh etuvchi. Chunki xalqaro hamjamiyat ularning bu ishni qanday ko‘rib chiqayotganliklarini yaqindan kuzatmoqda.

BBC: Bosh prokuratura sizning Karimova xonim va qizining sog‘ligi yomon, degan da‘volaringizni rad etgan.

Loksli Rayn: Biz ularning sog‘ligi yomon ekanini bilamiz va shunday deb ishonamiz. Bosh prokuratura mahalliy emas, balki xalqaro shifokorlarning ularni borib, ko‘rishlarini tashkil etishi kerak. Ularning ikkalasi ham tibbiy muolajaga muhtoj.

BBC: Bosh prokuratura Karimova xonimga nisbatan ayblov tafsilotlarini oshkor etmagan. Siz bu tafsilotlarni bilasizmi?

Loksli Rayn: Biz O‘zbekistondagi ayblovlardan mutlaqo bexabarmiz. Biz o‘zbek rasmiylaridan Karimova xonimning Shvetsiya va Shveytsariyadagi jinoyat ishlari yuzasidan savollarga javob berishi uchun xalqaro miqyosda tan olingan mahkamada hozir bo‘lishiga imkoniyat yaratilishini so‘rayapmiz.

BBC: Sizlar bu borada Shveytsariya yoki Shvetsiya rasmiylari bilan bog‘landingizmi?

Loksli Rayn: Ha, Shveytsariya rasmiylari bilan bog‘langanmiz. Biz Shveytsariya prokurorining Toshkentdagi Shveytsariya elchisi bilan birga Karimova xonim bilan uchrashib, uning ahvolidan xabar olish va undan o‘z savollariga javob olishlarini istayapmiz.

BBC: Shveytsariya prokurori Karimova xonimni kim sifatida so‘roq qiladi?. Guvoh sifatidami yoki ayblanuvchimi?

Loksli Rayn: U bu haqda aniq-taniq bayonot bergan. Karimova xonim Shvetsiya va Shveytsariyadagi jinoyat ishlari bo‘yicha hech qanday aybi yo‘qligini aytgan. Toki Shveytsariya elchisi bu borada biron aniq dalilni qo‘lga kiritmas ekan, bularning hammasi quruq gap-so‘zlar bo‘lib qolaveradi.

BBC: Ammo aybsizman, deb Gulnora Karimovaning o‘zi da‘vo qilayapti. Shveytsariyalik prokurorlar ham uni aybsiz deb bilishadimi?

Loksli Rayan: Ular Karimova xonimni so‘roq qilishni xohlashadi. Hozirgacha aytilgan narsa shu xolos. Karimova xonim ham ularning savollariga bajonidil javob berishga tayyor. Agar shunday imkoniyat berilsa...

BBC: Yaqinda O‘zbekiston Senati uy hibsi haqidagi qonunni qabul qilgan. Bu qonunning Gulnora Karimova aralashgan jinoyat ishi bilan aloqasi bor, deb o‘ylaysizmi?

Loksli Rayn: Bu nisbatan yangi qonun va ayrimlar ushbu qonun Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishi uchun maxsus qabul qilinganini yatishayapti. Ammo ana shu qonunning o‘zida ham uy hibsida saqlanayotganlar jamiyatdan mutlaqo ixotalab qo‘yilmasligi kerakligi aytilgan. Ammo Karimova xonimning misolida ko‘rayapmizki, uni butunlay ixotalab qo‘yishgan va yoniga hech kimni yaqinlashtirishmayapti. Bu yerda hatto O‘zbekistonning o‘z qonunlari ham buzilmoqda.

BBC: O‘zbekistonda Prezident va uning oila-a‘zolarining daxlsizligini ta‘minlovchi maxsus qonun bor. Siz Karimova xonimni himoya qilishda bu qonundan istifoda etishga urinib ko‘rdingizmi?

Loksli Rayn: Karimova xonimga nisbatan daxlsizlik qonuni ishlamayapti. Uning butunlay ixotalab qo‘yilganining o‘ziyoq bu va boshqa O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining ishlamayotganini ko‘rsatadi. Agar bu qonunlar ishlaganida siz ham u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qila olgan bo‘lur edingiz.

BBC: Bosh prokuratura Gulnora Karimova va boshqalar ustidan mahkamaning ochiq bo‘lishini aytgan. Siz bu mahkamada qatnashish yoki o‘z mijozingiz bilan uchrashish uchun O‘zbekistonga safar qilasizmi?

Loksli Rayn: Biz Karimova xonimning O‘zbekistonda adolatli mahkamaga yuz tutishiga ishonmaymiz va shuning uchun ham xalqaro mahkamada guvohlik berishiga imkoniyat yaratib berishga chaqirayapmiz. Mening o‘zim shaxsan O‘zbekistonga bajonidil safar qilishga tayyorman.

BBC: Siz haqiqatan ham O‘zbekiston rasmiylari Karimova xonimning xalqaro mahkamaga yuz tutish uchun xorijga chiqishiga izn berishadi, deb ishonasizmi?. Bunday deb ishonishga asos bormi?

Loksli Rayn: Ha, ishonaman. Bir narsani esdan chiqarmang. Shveytsariya rasmiylari Gulnora Karimovani so‘roq qilishni istayotganliklari haqidagi xabar paydo bo‘lishi bilanoq u g‘oyib bo‘ldi va keyinroq uy hibsida ekani ma‘lum bo‘ldi. Ungacha 6 oy davomida hech narsa bo‘lgani yo‘q. Xo‘sh, ular nimani kutishdi?. Nega birdaniga harakatga tushib qoldilar?. Demak, bu Shveytsariyadagi tergovga bog‘liq. Shuning uchun ham Karimova xonim Shveytsariyada mahkamaga yuz tutishi kerak, deb ishonaman.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02