Tahlil: Havo hujumlari IDga bas keladimi?

Image copyright BBC World Service

"Islomiy Davlat" guruhining Suriyadagi mavqe‘lariga qarshi uyushtirilgan ilk havo hujumlari ortidan, hozir xuddi shu savol o‘rtaga chiqmoqda:

Bu mutaassib guruhni yakson etishda birgina havo hujumlarining o‘zi yetarli bo‘ladimi?

Buning uchun yerda lozim shart-sharoit yaratilganmi?

Qarshi javob berish uchun "Islomiy Davlat"ning qudrati nimaga yetadi?

BBCning Diplomatik masalalar bo‘yicha tahlilchisi Jonatan Markus ularga javob izlaydi:

Eng avvalo yerga kelsak

Agar, Iroq misolida olsak, bu yerda AQShning "Islomiy Davlat" guruhiga qarshi havo hujumlari besamar ketmadi.

Bunga, Iroqning, ayniqsa, kurdlar yashovchi shimoliy mintaqalari misol.

Ammo Amerikaning qiruvchi uchoqlari jangarilarni Iroq tuprog‘idan butkul quvib chiqara olmadi.

Chunki bu ikkita eng muhim faktorga bog‘liq bo‘ladi:

Birinchidan, buning uchun yerda "Islomiy Davlat" jangarilari bilan yuzma-yuz jang qilishga qodir, yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan va qat‘iyatli qo‘shin bo‘lishi lozim.

To‘g‘ri, kurd Peshmerga jangchilari xuddi shu talablarga javob beradi.

AQSh hozir "Islomiy Davlat" jangarilari tomonidan mag‘lub etilgan ayrim harbiy bo‘linmalarni yana qayta oyoqqa qo‘yishga urinmoqda.

Ammo bularning barchasi muayyan vaqt talab qiladi.

Image copyright

Ikkinchi muhim faktor esa, siyosiy: Xuddi shuning uchun ham, rasmiy Vashington milliy birdamlik hukumati tashkil topmaguncha, Iroqqa ko‘mak berishdan bosh tortib keldi.

Ammo keng qamrovli yangi hukumatning Iroqda yaxshiroq boshqaruvni ta‘minlashi ham bir kunda bo‘ladigan ish emas.

Biroq, gap "Islomiy Davlat"ga o‘xshagan guruhlar haqida ketganda, bu – muhim masala.

Chunki guruh moslashuvchan ekani bois, uni butkul yo‘qotib bo‘lmaydi. Tezda boshqacha ko‘rinishda bo‘y ko‘rsatadi.

Iroq va Suriyada shunday shart-sharoit yaratilishi kerakki, shafqatsizligi va qanchalar mutaassibligi bois, sunniy qavmlarning o‘zlari "Islomiy Davlat"dan yuz o‘girishlari kerak.

Ya‘ni, guruhga ichdan barham berishga harakat qilish lozim.

Xuddi shu o‘rinda siyosiy faktor harbiysi kabi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois ham, AQSh va uning ittifoqchilari xuddi shu omilga ham o‘z e‘tiborlarini qaratishlari lozim.

Lekin, shunda ham, bu kabi qorishiq strategiya hukumati rasman tan olingan Iroqda ish berishi mumkin.

Ammo uni Suriyada qo‘llash mumkinmi-yo‘qligi, umuman boshqa masala.

Bu yerda mu‘tadil muxolifat kuchlarini tayyorlash bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.

Ko‘plab tahlilchilar nazdlarida, shunda ham, ular "Islomiy Davlat"ga qarshi turishga qodir bo‘lmasliklari mumkin.

Suriyadagi hukumatni G‘arb tan olmaydi va bundan ham yomoni, mamlakatning kelajagi borasida ham biror bir siyosiy reja yo‘q.

Keng qamrovli jang

Ustiga ustak, shart-sharoit ham o‘zgarib bormoqda.

"Islomiy Davlat" bu janglarda o‘z o‘rniga ega.

Guruh moslashuvchan va yaxshi strategik qarashga ega ekanini ham amalda ko‘rsatib ulgurgan.

Shunday ekan, ularning AQSh boshchiligidagi harbiy amaliyotlarga javobi qanday bo‘lishi mumkin?

Image copyright REUTERS

Guruhning qo‘lidan bir qancha ish keloladi:

Ular Iroqdagi kurdlarga qarshi janglarini Suriyaga ko‘chirishi mumkin.

Bu esa, Suriya-Turkiya chegarasida katta sondagi qochqinlar oqimiga sabab bo‘lmay qolmaydi.

Ular, bundan tashqari, islomiy ekstremistlarni mamlakatlari ichkarisida bo‘ladimi va yo tashqarisida, g‘arbliklarni nishonga olishga ham da‘vat etishmoqda.

Jazoirda bir frantsuz fuqarosining qo‘lga olinishi buning birinchi mahsuli bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan, bu jangda "Islomiy Davlat" ixtiyorida ham tanlovlari bor va ular AQSh hamda ittifoqchilarini qiyin ahvolda qoldirishi mumkin.

Ammo eng so‘nggida bir narsani esda tutish lozim:

Bu jang – Musulmon va Arab dunyosida kechayotgan keng qamrovli fuqarolar urushining bir qismi.

Ko‘plab tahlilchilar buni, muayyan ma‘noda, sunniy davlatlarning Shialar, Eronning arab davlatlari va betaraf mavqe‘da qolish istagida bo‘lganlarining buni chippakka chiqarish harakatidagilariga nisbatan qarshiligi sifatida talqin etishadi.

Biroq, ayrimlar aytmoqchi, fuqarolar urushi qanday natija bilan tugashidan qat‘inazar, unda mutlaq g‘olib bo‘lmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02