Suriyaga qarshi ilk havo hujumlari

Image copyright BBC World Service

Arab davlatlarini ham o‘z ichiga olgan AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiya Suriyaga qarshi ilk havo hujumlarini amalga oshirdi.

Pentagonning rasman bildirishicha, hujum chog‘ida "Islomiy Davlat" jihodiy guruhining Suriyadagi mavqe‘lari nishonga olingan.

Xabarlarga ko‘ra, havo hujumi chog‘ida qiruvchi uchoqlar va "Tomagavk" rusumidagi raketalar ishga solingan.

Bundan avval AQSh Prezidenti Barak Obama "Islomiy Davlat" guruhini "yakson etish"ga va‘da bergandi.

So‘nggi havo hujumlari shu yo‘lda qo‘yilgan ilk qadamlar bo‘lishi kutilmoqda.

Shu yil avgust oyidan buyon AQSh guruhning Iroqdagi mavqe‘lariga qarshi 190 ta havo hujumi uyushtirgan.

Ammo dushanba kungi hujum harbiy amaliyotlarning Suriya chegaralari bo‘ylab kengayganiga dalolat qiladi.

Tafsilotlar yo‘q

Image copyright BBC World Service

Suriyaga qarshi ilk havo hujumlari uyushtirilganini tasdiqlagan Pentagon tafsilotlarga to‘xtalmagan.

"Amaliyotlar davom etayotgani bois, biz qo‘shimcha ma‘lumot berish holatida emasmiz", - deyiladi ularning bu xususdagi rasmiy bayonotida.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, hujumlar Suriya hukumatining rasmiy ruxsatisiz amalga oshirilgan.

Biroq, Pentagonga ko‘ra, rasmiy Damashq o‘z rejalari xususida avvaldan ogohlantirilgan.

BBC tahlilchisi Jon Sopelning aytishicha, bu ishga arab davlatlarining ham bosh qo‘shishgani katta ahamiyatga ega.

Unga ko‘ra, bu - hozircha birinchi qadam.

Pentagon "Islomiy Davlat"ni birgina havo hujumlari bilan yakson etib bo‘lmasligini biladi.

Bu masalada eng muhimi - Ozod Suriya Armiyasini qurollantirish va tayyorgarlikdan o‘tkazish, deydi BBC sharhlovchisi.

Uning aytishicha, tez orada yangi havo hujumlarida kimlar ishtirok etgani va aynan nimalar nishonga olingani ma‘lum bo‘ladi.

Ammo, xabarlarga ko‘ra, aksariyat hujumlar Suriyaning Raqqa viloyatiga qaratilgan.

Raqqa "Islomiy Davlat" guruhining Suriya sharqidagi asosiy tayanch nuqtasi sanaladi.

Guruh ushbu viloyatni 2013 yilda bosib olgan.

Boshqa manbalar

Image copyright BBC World Service

Suriya Inson Huquqlari Kuzatuv guruhining taxminlariga ko‘ra, ikkita havo hujumining o‘zida Raqqada 20 dan ziyod jangari o‘ldirilgan.

Guruh viloyatda bo‘lgan faollariga tayanib, bu xususda xabar tarqatgan.

AQSh matbuotiga ko‘ra, yangi havo hujumlarida Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ham ishtirok etishgan.

Iordaniya esa, bu ishga bosh qo‘shganini o‘zi tasdiqlagan, ammo ortiqcha tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirmagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni kabi aksariyat aholisi sunniy musulmon bo‘lgan davlatlarning AQShga ko‘mak berishayotgani alohida ahamiyatga molik.

Chunki "Islomiy Davlat" guruhi a‘zolarini o‘ta mutaassib sunniy musulmon bo‘lgan jihodchilar tashkil etishadi.

Ular o‘zlarini haqiqiy dindorlar, deb ham sanashadi.

Suriya Iroq emas

Image copyright AFP

Vashingtonda bo‘lgan BBC muxbiri Plett Asherning aytishicha, Suriyadagi havo hujumlari Iroqdagisidan farq qiladi.

Chunki "Islomiy Davlat"ga qarshi kurashda yordam bering, deb AQShni Iroq hukumatining o‘zi taklif qilgan.

Suriya hukumati esa, bu ishga rasman ruxsat bermagan.

Muxbirimizga ko‘ra, bu - AQSh bir arab davlatini uning roziligisiz bombalaganini anglatadi.

Suriya Tashqi ishlar vazirligining aytishicha, bo‘lajak havo hujumlari haqida faqat Birlashgan Millatlar qoshidagi elchilari ogohlantirilgan.

AQSh va uning Buyuk Britaniya doxil ittifoqchilari "Islomiy Davlat"ga qarshi kurashda prezident Bashar al-Assad bilan hamkorlik ehtimolini nazardan soqit etishgan.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim o‘tgan oy AQSh tomonining har qanday o‘zboshimcha amalini "bosqinchilik" sifatida qabul qilishlarini aytgandi.

Ammo Suriya hukumatiga muxolifatdagi guruhlar havo hujumlarini xush qarshilashgan.

Ekstremizmni birgina hujumlar bilan yengib bo‘lmasligi, mu‘tadil, keng qamrovli hukumat muammoning uzoq muddatli yechimi bo‘lishini ta‘kidlashgan.

Islomiy Davlat

Image copyright AFP

Amerika Josuslik Xizmatining yangi hisob-kitoblariga tayanilsa, bu mutaassib jihodiy guruh Iroq va Suriyada ja‘mi 31.000 jangarisiga ega.

Bu esa, avval xayol qilinganidan uch barobariga ko‘p deganidir.

Yangi raqamlar Amerika Josuslik Xizmatining o‘tgan to‘rt oy ichida qo‘lga kiritgan ma‘lumotlariga asoslanadi.

"Islomiy Davlat" o‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi katta hududlarni bosib olgan.

Yaqinda o‘z nazorati ostidagi mintaqalarda islomiy xalifat e‘lon qilgan.

Qator g‘arblik jurnalist va yordam xodimlarini asirga olgan.

AQSh havo hujumlariga javoban, ikki amerikalik jurnalist va britaniyalik yordam xodimining boshini tanasidan judo qilgan.

Iroqdagi sunniy bo‘lmagan musulmonlar va boshqa din vakillarini qatag‘on qilishni boshlagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02