XMT raddiyasi: Biz o‘zbek paxta mavsumini kuzatayotganimiz yo‘q

O‘zbekiston matbuotida tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanilmayotganini ta‘minlash uchun Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari ishtirokida milliy monitoring o‘tkazilmoqda.

Bu monitoringning ilk kunlarida - 18-20 sentyabrda o‘zbek rasmiylari xalqaro mutaxassislar bilan Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga safar qilganlari aytiladi.

"Monitoring natijasida Xalqaro Mehnat Tashkiloti mutaxassislari paxta teruvchilarning terimda o‘z xohish-istaklariga binoan ishtirok etayotganlari, ularning sifatli oziq-ovqat bilan ta‘minlanayotgani, har besh kunda paxta terimi uchun to‘lov to‘lanayotgani, ish vaqti normalariga bo‘ysunilayotgani, qator fermerlik xo‘jaliklarida mashinalar yordamida paxta terilayotgani, 18 yoshga kirmagan bolalarning paxta terimiga jalb qilinmagani, kollej o‘quvchilari to‘laqonli ravishda o‘qishga qatnayotgani ta‘minlanganini aniqlaganlar", - deyiladi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi xabarida.

Demak, bu xabarga binoan paxta dalalarida hech kim - o‘qituvchi yo shifokor, yoki kollej talabalari mehnatga majburlanmayaptilar, undan tashqari, yosh bolalar dalalarda yo‘q. Uning ustiga, bu vaziyatga Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari guvoh bo‘lganlar.

Ammo, Xalqaro Mehnat Tashkiloti bosh kotibining maxsus maslahatchisi Kari Tapiolaning BBCga aytishicha, uning tashkiloti bu yil O‘zbekistonda kuzatuv olib borayotgani yo‘q.

BBC undan avvalo tashkilotning O‘zbekistondagi faoliyati haqida so‘radi.

Tapiola: Bizning vakilimiz Toshkentda ishlashni boshladi. Uning vazifasi "Munosib ish" dasturi amalda tadbiq etilishini ta‘minlashdir. Bu texnik kelishuvni O‘zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) o‘tgan yil aprelda imzolashdi. Bu dasturda qator jihatlar, xususan bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari ko‘tarilgan.

BBC: Lekin, sizning vakilingiz qanday ish olib borayapti? Dalalarda monitoring o‘tkazayaptimi? O‘zbekiston hukumati 18 sentyabr va 25 oktyabr o‘rtasida monitoring o‘tkazilayotganini xabar qilgan.

Tapiola: Yo‘q, biz bu vaqt mobaynida missiyaga ega emasmiz. O‘tgan yili biz paxta terimidagi bolalar mehnatini kuzatishga jalb etilgandik. Unda olti hafta davomida ko‘p sonli kuzatuvchilarimiz ish olib borishdi. Lekin, bu safar monitoringga qo‘shilmaganmiz. Bizning mutaxassislarimiz O‘zbekiston bo‘ylab monitoring olib borayotgan o‘zbek kuzatuvchilarni tayyorgarlikdan o‘tkazishdi.

Image caption Inson haqlari faoli Yelena Urlayeva 18 sentyabr kuni To‘ytepada olgan surat

BBC: Demak, o‘zbek matbuotidan olinayotgan xabarlar noto‘g‘ri ekan-da? Unda sizning tashkilotingiz kuzatuvchilari o‘zbek rasmiylari bilan birga qator tumanlarga borib monitoring o‘tkazayotganlari aytiladi.

Tapiola: Tayyorgarlik mashg‘ulotlari doirasida vakillarimiz dalalarga borib ko‘rishgan. Lekin, bu faqat o‘zbek kuzatuvchilarini tayyorlash uchun qilindi. Bizning tashkilotimiz monitoringga jalb qilinmagan bu yil.

BBC: Shunga qaramay, sizning tashkilotingiz bu yil bolalar mehnati hollarini qayd qilayaptimi? Qanday xabarlar olayapsiz?

Tapiola: Biz faqat ijtimoiy muloqot saytlaridagi xabarlarni ko‘rayapmiz. Aytib o‘tganimdek, bu yil monitoring olib bormayotganimiz uchun, bizda bu kabi hollarni aniqlash tizimi yo‘q. Shunday ekan, siz qanday xabarlarni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, biz ham shularni ko‘rayapmiz, u ham bo‘lsa, bu yil 18 yoshga yetmaganlarni paxta terimiga jalb qilmaslik uchun ko‘p sa‘y harakatlar qilinmoqda.

BBC: Lekin, ayni damda, masalan To‘ytepa tumanida yosh bolalar paxta dalalariga olib chiqilayotganini mahalliy huquq faoli qayd qilgan. Bu kabi xabarlar sizni xavotirga soladimi va yangi kuzatuv missiyasini boshlashga undaydimi?

Tapiola: Biz har qanday xabarni ehtiyotkorlik bilan tekshiramiz, va bolalar paxta dalalariga olib chiqilgani borasidagi har qanday ma‘lumot bizni albatta xavotirga soladi. Buni kutilmagan voqea demagan bo‘lardim, aksincha, agar paxta dalalarida umuman bolalar yo‘q deyishsa, ana shuning o‘zi shubhali bo‘lardi. Gap shundaki, bu yil bizda to‘laqonli kuzatuv olib borish uchun salohiyat va vakolat yo‘q. Bizdagi omil shundayki, biz yo butun paxta mavsumini kuzatishimiz kerak yoki umuman kuzatmasligimiz kerak. Biz onda-sonda qilinadigan yoki qisman qilinadigan tekshiruvlarga ishonmaymiz.

BBC: Nima uchun bu yil vakolatga ega emassiz?

Tapiola: O‘tgan yil bizga bu vakolat Xalqaro Mehnat anjumani tomonidan berilgandi. Shu anjuman bizga buyruq bersa, biz bajaramiz. Lekin, bu yil bunday vakolat bizda yo‘q, chunki Mutaxassilar qo‘mitasi o‘zbek hukumatini shu monitoringni o‘zi olib borishga undagan va o‘zbek hukumati shu ishni olib borayapti.

BBC: Ayni damda, bolalardan tashqari, kattalar ham: shifokorlar, o‘qituvchilar, tadbirkorlar va yana ko‘p o‘n minglab odamlar O‘zbekistonda paxta terishga majburlanayapti. Xalqaro Mehnat Tashkiloti bu odamlar haqida qayg‘uradimi?

Tapiola: Biz bu da‘volardan xabardormiz va ularni muhokama qilganmiz. Buning ustida ish olib borayapmiz, lekin biron xulosaga kelishdan avval biz paxta mavsumidagi butun ishga yollash jarayoni va ish bo‘lashish va boshqarish tizimlarini o‘rganib chiqishimiz kerak. Hozirda biz bir so‘rov ustida ishlayapmiz, ana shu so‘rov bizga paxta mavsumidagi mehnat jarayoni borasida aniqroq manzarani chizib berishi kerak. Keyingina biz qanday chora ko‘rish yoki aralashuv masalasini ko‘rib chiqa olamiz.

BBC: Siz o‘z fuqarolarini shunchalar keng ko‘lamda qandaydir hosil jarayoniga majburan jalb etadigan dunyodagi boshqa mamlakatni bilasizmi?

Tapiola: Men mamlakatlarni qiyoslashni istamagan bo‘lardim. Ba‘zi mamlakatlarda nimalar bo‘layotganidan biz ko‘p ham xabardor emasmiz. Balki bordir. Lekin, hammamizga ma‘lumki, paxta mavsumi O‘zbekiston uchun yirik mavsum.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer