Turkiyaga yaqin hududda Islomiy Davlat hujumga tutildi

Image copyright AFP

Suriyaning Turkiya bilan chegaraga yaqin hududida Islomiy Davlat (ID) mavqelariga yana havodan hujumlar uyushtirilgan.

Suriyalik faollarga ko‘ra, ID bir necha kundan beri egallab turgan kurdlarning Kobane shahri atrofida qiruvchi uchoqlar hujumlari qayd qilindi.

Guvohlar ikki qiruvchi uchoq Turkiya tomonidan kelganini aytishdi, biroq turk rasmiylari mazkur hujumda o‘z havo hududi yoki harbiy bazalaridan foydalanilganini rad etdi.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya Suriyadagi IDga qarshi reydlari ko‘lamini dushanba kuni kengaytirdi.

Biroq, Kobane yaqinidagi bombardimonni na AQSh yo na uning koalitsiya sheriklari tasdiqlashdi.

Turkiyadagi harbiy manbalar o‘zining havo qo‘shinlari va Turkiyaning janubiy Injirliq shahridagi AQSh bazasi oxirgi hujumga aloqador emasligini aytishmoqda.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi tun osha Suriyaning boshqa qismlarida, xususan Suriya sharqidagi Deyr al-Zur shahrida ikki ID mashinasini yo‘q qilganini tasdiqladi.

Image copyright AFP

ID Suriya va Iroqning ko‘p hududlarini egallab olgan. AQSh avgust oyidan beri IDga qarshi 200 marta havodan hujum qildi.

Qochqinlar

IDning Suriya shimolidagi hududlarni egallashi ortidan qo‘shni Turkiyada qochqinlar inqirozi yuzaga kelgan.

Ko‘mak tashkilotlari asosan Kobane shahridan bo‘lgan 130 ming kurd qochqinlari dam olish kunlarida Turkiyaga qochib o‘tganlarini bildirgan.

Seshanba kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya IDga qarshi qo‘shma harbiy amaliyotlarga qo‘shilishi mumkinligini aytgan.

"Biz amaliyotlarni imkonqadar qo‘llab-quvvatlaymiz", - dedi u Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasiga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga gapira turib.

Turkiya 49 nafar turkiyalik ID jangarilari qo‘lida garovda ushlab turilgani uchun avvaliga har qanday harbiy amaliyotlarda ishtirok etishdan bosh tortgandi.

Garovdagi turklar Iroq shimolida 101 kun ushlab turilgach, shanba kuni ozod qilinganlar.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer