Toshkentda telefonlar MTS tarmog‘ini tuta boshladi

Image copyright darakchi.uz
Image caption Telefonlarda MTS tarmog‘i taklif qilinmoqda

Toshkent shahrida mobil telefonlar MTS aloqa tarmog‘ini ko‘ra boshladi. Bu haqida O‘zbekistondagi darakchi.uz portali xabar tarqatdi.

Portalga ko‘ra, mobil qurilmalardagi tarmoqlar qidiruvi "UZB Ucell", "UZB MTS" va "Beeline UZ" aloqa tarmoqlarini topmoqda.

20 sentyabr kuni "Aloqabank" bankining navbatdan tashqari hissadorlar majlisida MTS shirkatiga tegishli "Universal mobile systems" mobil shirkatiga 500 milliard so‘m (Markaziy Bank kursi bo‘yicha 211,5 million dollar) ajratish qaroriga kelingan.

"Universal mobile systems" mobil shirkatidagi 50,01% hissalarga MTS, 49,99% hissalarga esa O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi egalik qiladi.

Yangi operator joriy yilning 1 noyabridan boshlab barcha texnik ishlarni boshlashi, 1 dekabrdan boshlab esa MTS brendi ostida tijoratni yo‘lga qo‘yishi kutiladi.

Ikki yil avval MTS va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida chiqqan mojaroda Gulnora Karimovaning ismi tez-tez tilga olingan.

MTSni so‘ngra go‘yoki o‘zbek bozoridan siqib chiqarish harakatlari uchun Rossiyaning AFK "Sistema" shirkati rahbari, mamlakatdagi eng badavlat shaxslardan biri Vladimir Yevtushenkov o‘zining G‘arbdagi manbalaridan foydalanib Karimova xonimdan o‘ch olishga kirishgani da‘vo qilingandi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer