Oliy o‘quv yurti talabasi ust-boshi nazorat qilinishi kerakmi?

"Ijtimoiy minbar" ruknimizdagi mavzuga Facebook ijtimoiy tarmog‘ida aytilgan fikr turtki bergandi.

Foydalanuvchilardan biri Toshkentdagi o‘quv yurtlaridan birida erta bilan ma‘muriyat vakillari va domlalar eshik tagida talabalarning ust-boshini bittama-bitta tekshirib, shundan keyingina ichkariga kiritishayotgani haqida yozgan.

Aytilishicha, ayni tekshiruv jarayoni uchun ertalab anchagina vaqt ketib, talabalar darslarga kechikib kirishmoqda. Buning ustiga, ularning ust-boshlari talabga javob bermasa, hatto ortga qaytarib yuborilayotgan holatlar bor.

Uning aytishicha, o‘quv yurti ma‘muriyati talabalardan xuddi maktablardagi kabi muayyan forma kiyishni talab qilmoqdalar.

Bugungi kunda bu forma oq yoki och rangdagi ko‘ylak va tizzadan u qadar yuqori bo‘lmagan to‘q rangdagi yubkadan iborat bo‘lishi kerak ekan.

Bu borada muxlislarimiz orasida anchayin qizg‘in bahs ro‘y bergan.

"Odnoklassniki" da Adam Kolonel nomi ostida qoldirilgan fikr:

"Oliy o‘quv yurti talabalari uchun ma‘lum bir me‘yordagi kiyinish joriy etish kerak. Chunki bu ta‘lim muassasalarida turli-tuman kiyinib yurish bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi! Qizlarning yarmi ochiq yoki tor kiyim kiyib yurishi bizning millatimizga hurmatsizlik emasmi? Yoki bo‘lmasa o‘g‘il bolalar kiyib yuradigan shunaqangi kiyimlar borki, kiyim deyishga til hijolat! Albatta talabalar uchun kiyinish me‘yorlari bo‘lishi kerak".

BBC Adam Kolonelga, tashqi ko‘rinishga emas, bilimga e‘tibor qaratish maqsadga muvofiqroq emasmi, degan savolni berdi.

Uning javobi quyidagicha: "bilimga e‘tibor berish shart! Lekin tashqi ko‘rinishga ham e‘tibor kerak. Chunki hamma talabalaa ham odob-ahloq doirasida kiyinmaydi. Bu esa atrofdagilarga o‘z ta‘sirini o‘tkazmasdan qolmaydi".

Facebookda qoldirilgan fikrlardan:

Kamola Jo‘rayeva: "Forma oliygoh obro‘sini aks ettirmaydi. Oliygoh obro‘si u yerda qanday talabalar o‘qiyotgani va ularda mujassam hislatlardir. Bu hislatlar esa faollik, maqsadga intiluvchanlik kabilardir. Ustki kiyim deb, talabaning darsga kech qolishi salbiy holat. U bilim olish uchun kelgan-ku, forma esa buning yo‘lida to‘siq bo‘lishi kerak emas".

Sanjar Isaboyev: "Menimcha oliygohlarga ahmoq odamlar kirmaydi va masalan, huquqshunoslik oliygohiga hech kim sport kiyimida kelmasa kerak? Lekin biz forma deb, nechta darsga kiritilmaganmiz! Bu kabi tarbiyaviy usulni "keyin o‘zlaring rahmat deysanlar" deya oqlashga ham urinishgan. Xorijda bir muncha muddat tahsil olgan va erkin kiyinish nima ekanligini bilgan shaxs sifatida shuni ayta olamanki, o‘zing xohlagan kiyimni kiya olsang, o‘zingni yaxshiroq his qilasan va berilayotgan ma‘lumotni ham yaxshiroq qabul qilasan".

Amina Mahmudova: "Forma masalasi murakkab. Bir tomondan, forma tartib-intizomni ta‘minlaydi va ijtimoiy farqlarni kamaytiradi. Lekin asosan maktabda. Oliygohlarga kelsak, qat‘iy formaga ehtiyoj yo‘q. Talaba o‘quvchi emas. Agarda unga maktabda tartib-intizomni o‘rgatgan bo‘lsalar oliygohdagi forma hech nimani o‘zgartira olmaydi. Mening fikrimcha, oliygohlarda faqatgina saranjom va rang bilan bichimda mo‘‘tadil ust-boshni talab qilish kifoyadir".

Ziyoda Bonu: "Oliy o‘quv yurti talabasidan, mening fikrimcha, aniq forma kiyishni talab qilish juda ham noto‘g‘ri. BU KONSTITUTsIYaVIY HUQUQLARIGA DAXL QILISh. Oliy o‘quv yurtiga qadam qo‘ygan talabaning o‘ziga yarasha kiyinish madaniyati va didi yetarlicha shakllangan bo‘ladi. Ular qaysi joyga qanday kiyimda borishni juda ham yaxshi bilishadi..."

Shuxrat G‘ofurov: "Forma emas, ta‘lim-tarbiyaning yaxshiroq tizimini ta‘minlash lozim".

Javdat Xabibullin: "Ana shu inkubator tizimini juda yomon ko‘raman. Kim o‘ylab chiqqan buni? Yaxshiyam talablik yillarim ortda qoldi".

Iroda Yoqubxo‘jayeva: "Menimcha bu mutlaqo be‘manilik. To‘g‘ri, bizlarda ba‘zilar duch kelgan narsani ustlariga kiyishni odat qilganlar. Didsizlik odamning jig‘iga tegadi, albatta. Bu kabi hollarda faqatgina umumiy yo‘nalish berish bilangina cheklanish mumkin. Masalan, klassik bichimdagi kiyimda yoki bosiq rangdagi ust-boshda kelinsin, deb. Lekin ertalabdan qator turib, har bir talabaning ust-boshini tekshirish kimga kerak?. Prorektorlar bilan dekanlarning boshqa qiladigan ishi yo‘qmi?".

Abbos Xojimuhammadning anchayin achchiq so‘zlar bilan qoldirilgan fikrini so‘zma-so‘z keltirib o‘tirmaymiz. Lekin umumiy mohiyati shuki, formani tadbiq qilayotganlar bu narsaga diqqatliroq bo‘lishlari kerak. Boshqa tomondan esa, unga ko‘ra, talabalar "bechoralar ariston emas-ku bir qolipga solgani".

Dinara Xabibulina: "Oliygohda forma bo‘lishi kerak. Lekin klassik usulda va bosiq rangda, deya aytishning o‘zi kifoya. Lekin talablarni o‘ta oshirib yuborish kerak emas. Eshitishimcha, ba‘zi oliygohlarda qizlar yubkasining bichimidan tortib, galstukning rangigacha nazorat qilar ekanlar. Bu ahmoqgarchilik. Yoshlarimizga o‘zliklarini namoyish etish uchun imkon qoldirish kerak-ku axir".

Dilbar Fayziyeva: "Talablar yosh bola emas. Ularga tanlov erkinligi va rivojlanishlari uchun faoliyat erkinligi ta‘minlanishi kerak. Forma esa rivojlanishga hech qaysi yo‘lda yordam bermaydi".

Bobur Sobitov: "Mayli did bilan kiyinishsin, lekin ochiq-sochiq emas. Aks holda yoningda bir qiz o‘tirib qolsa, tamom, sen uchun dars tugaydi..."

Feruz Karimov: "Menga bir o‘qituvchim shunday degan edi: "menga qolsa, qo‘y junidan po‘stin kiyib kel, ammo biliming bo‘lsin". Birinchi o‘rinda berilayotgan va olinayotgan bilim saviyasiga e‘tibor berish lozim!"

Otabek Qosimov: "Bizning institutda ajoyib mentalitet bor. Jinsi kiyib kelsang - "otboqarning kiyimi mumkin emas". Soqolingiz o‘sgan bo‘lsa, "domlalarga nisbatan hurmatsizlik" emish. Ko‘p domlalar bilan tortishaman, "hurmat tilda emas, dilda bo‘ladi" deb. Afsus bu menga qimmatga tushadi..."

Muslimbek Xudoyberdiyev: "Oliy o‘quv yurtiga kirganlar hammasi shu yoshgacha allaqachon tarbiyalanib bo‘lishgan. Aytmoqchimanki, talabalarni forma orqali tarbiyalashga urinish ortiqcha. Bundan tashqari, talaba yoshidagi avlod butunlay mustaqil shaxs hisoblanishi kerak. Ularga ayrim sohalarda butunlay erkinlik berilishi lozim. Talabalik bu oliy ma‘lumotni faqatgina kitob o‘qish orqali olish degani emas, balki haqiqiy hayotdan ham saboq olish deganidir. Talabalar haqiqiy hayotni, past-balandni va kerak bo‘lsa boy-kambag‘alni ko‘rishi kerak. E‘tibor berganmisiz, faqat kitob o‘qib, yoki uydan chiqmay ulg‘aygan bolalar voyaga yetib, mustaqil bo‘lganlarida "shok" bosqichiga tushib qoladilar. Fikrimcha, talabalarga formaning foydasidan ko‘ra, ziyoni ko‘proqdir".

Bahodir Boboyev: "Forma bu yaxshi. Inson shu forma bilan yaxshi tomonga o‘zgaradi va his qiladi. Jamiyatda tabaqalanish jarayoni kuzatilmaydi".

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02