"O‘zbek hukumati chetga chiqqanlardan voz kechishga tayyor"

Image copyright bbcuzbek

O‘zbekiston fuqarosini uning o‘zidan bexabar fuqarolikdan mahrum etish naqadar qonunga to‘g‘ri keladi?

20 sentyabr kuni O‘zbekiston fuqarosi Feruza Xurramova vataniga kiritilmadi.

O‘zbekiston hukumatiga muxolif "Birdamlik" harakati rahbari Bahodir Choriyevning turmush o‘rtog‘i Feruza Xurramova 45 yoshga to‘lishi arafasida pasportini almashtirish va betob onasini ko‘rish maqsadida Toshkentga borgan, biroq Toshkent aeroportidan o‘tishga ruxsat berilmagan.

Aeroport xodimlari Feruza Xurramovaning O‘zbekiston prezidenti farmoniga binoan shu yil aprelida O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum etilgani haqida ma‘lum qilganlar, bu haqdagi ma‘lumot qo‘l bilan fuqarolik pasportiga yozilgan.

So‘ng Feruza Xurramova o‘g‘li bilan birga o‘z vatanidan deportatsiya qilingan.

Feruza Xurramova besh yil davomida xorijdagi O‘zbekiston konsulligida ro‘yxatdan o‘tmagani uchun fuqaroligini yo‘qotishga sabab bo‘lgani ma‘lum qilingan.

Xurramovaning o‘zi esa O‘zbekiston vatandoshligidan chiqarilganidan bexabar bo‘lgan.

Qonunidan qonunosti hujjatlari ustun mamlakat

Toshkentlik mustaqil huquqshunos Suhrob Ismoilov O‘zbekiston fuqaroligi, xorijga chiqish bilan bog‘liq mamlakatda amal qiladigan juda ko‘p hujjatlarning keng jamoatchilikka oshkor etilmasligi tabiiy holga aylanganini aytadi.

O‘zbekistonning "Fuqarolik haqida"gi qonuni bir qaraganda o‘sha xalqaro standartlarga, inson huquqlariga mosday tuyulsa ham amalda bu qonun ishlamaydi-da, bu qonunning ijrosiga bag‘ishlangan qonunosti hujjatlari ko‘proq iste‘molda bo‘ladi. Bu qonunosti hujjatlarining mazmuni bilan tanishib chiqishning o‘zi amrimahol. Bu qonunosti hujjatlari esa mazmunan qonunga qarama-qarshi va fuqaroning huquqlarini buzadigan qilib yoziladi", deydi Suhrob Ismoilov.

"O‘sha qonunosti hujjatlar va tartiblar bilan oddiy fuqaroning tanishib chiqishning imkoniyati yo‘qligi ataylabdan yaratilayapti. Buni agar davlat istasa ancha yengil qilib qo‘yishi mumkin edi.

"Masalan, qonunning o‘zida aytilayaptiki, fuqaro va davlat o‘zaro bir-biriga nisbatan huquq va majburiyatlarga asoslangan munosabatlar qurishadi. Fuqarolikning asosiy mazmuni shu. Davlatning ham fuqarolar oldida o‘zining majburiyatlari bor, xuddi fuqarolar davlatning oldida majburiyatlari borligi kabi. Lekin qonunosti hujjatlari fuqarolikdan chiqishni shunday qiyin qilib qo‘yganki, chet elda doimiy yashashga huquqini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston fuqarosi oddiygina yashab keta olmaydi. Qonunosti hujjatlarida aytilayaptiki, O‘zbekistonning mutasaddi idoralaridan ruxsat olish kerak", deydi mustaqil huquqshunos.

"Noshukur" fuqarolariga O‘zbekiston davlatining munosabati

"O‘zbekistondagi fuqarolikni boshqaruvchi qonuniy mexanizmlar hamma joyda ham, hamma holatlarda ham bir xil emas. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi yoki konsulligi Rossiyada yurgan fuqarolikdan chiqmoqchi bo‘lganlarga bir xil tushuntirish bersa, O‘zbekistonning boshqa yerdagi konsulligi yoki elchixonasi o‘sha yerdagi fuqarolikdan chiqishni o‘ylab yurgan yoki fuqarolikdan chiqmasa ham doimishy yashashga qolmoqchi bo‘lgan fuqarolarimizga umuman boshqacha ma‘lumot berishadi. Ko‘p holatlarda bu ataydan ariza yozayotgan, murojaat qilayotgan shaxsni pora berishga undash maqsadida qilinadi", deydi Suhrob Ismoilov.

O‘zbekistonning xorijdagi konsulliklari O‘zbekiston fuqarolarini o‘z hollariga tashlab qo‘yganlari, biror masalada murojaat qilgan vaqtlarida o‘z vatandoshlari "og‘irini yengil qilmasliklari" o‘zbekistonliklar uchun sir bo‘lmay qoldi.

Suhrob Ismoilov fikricha, bu davlatning xorijga o‘z oilasini boqish uchun chiqqan mehnat muhojirlariga nisbatan munosabati in‘ikosi hamdir.

"Mehnat muhojirligiga ketayotgan fuqarolar - noshukurlik qilayotgan fuqarolar, vatanparvar bo‘lmagan, mo‘may daromad ortidan ketayotgan fuqarolar deb talqin qilinayapti", deydi u.

"Agar biz davlatning oxirgi ikki yilda fuqarolik masalasida yuritayotgan siyosatini olib qaraydigan bo‘lsak, aftidan O‘zbekistonda muhim bir qarorga kelindi. Bu hukumatdagi yuqori doiralardagilarning rasmiy qarori emas, lekin qilinayotgan ishlardan shuni sezish mumkinki, O‘zbekiston hukumati o‘zining hozirgi kundagi siyosatiga kerakmas deb hisoblaydigan fuqarolaridan kechib yuborishga tayyor". Oxirgi amallar shundan dalolat beradiki: "chiqib ketganlar ketdi, biz ulardan voz kechib yuborishga tayyormiz, qolganlar - O‘zbekiston hozir o‘tayotgan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklardan o‘tib, shu yerda yashab qolishga tayyor bo‘lganlar qoladi", degan siyosiy qaror qabul qilib bo‘lindi, menimcha", deydi Suhrob Ismoilov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer