Inchonda hijob mojarosi

Image copyright BBC World Service

Hijobda o‘ynashlariga izn berilmagani bois, basketbol bo‘yicha Qatar xotin-qizlar terma jamoasi Osiyo O‘yinlarini tark etgan.

Xabarlarga ko‘ra, Mo‘g‘ulistonga qarshi o‘yin oldidan, ulardan hijoblarini yechib qo‘yishlarini talab qilishgan.

Ammo qatarlik basketbolchilar bundan bo‘yin tortishgan va musobaqalardan chiqib ketishga qaror qilishgan.

Xalqaro basketbol tartib-qoidalariga muvofiq, o‘yinchilarning bosh kiyim va turli soch bezaklarida bo‘lishlari man etiladi.

Ayon bo‘lishicha, qatarlik basketbolchilar avvaliga Nepalga qarshi navbatdagi o‘yinlarigacha istisnolar bo‘lar, deb umid qilishgan.

Ammo, buning nishonalari ko‘rinmagach, qarorlari qat‘iylashgan.

Bu - Inchonda davom etayotgan XVII Yozgi Osiyo O‘yinlarida hijob bilan bog‘liq kuzatilayotgan ilk mojarodir.

Boshqa sport turlarida muslima sportchilarning hijobda bellashishlariga hozircha biror bir to‘sqinlik ko‘rilmagan.

Deylik, eronlik og‘ir atletikachi ayollar niqoblarida bemalol bellashib, hatto, O‘yinlarning bronza medalini ham qo‘lga kiritishgan.

Taqiq

Image copyright AFP

Xalqaro Basketbol Uyushmasi shu oy boshida hijob masalasini muhokama etgan.

Ikki yil davomida muslima basketbolchilarga qay bir bosh kiyimi mos kelishini aniqlashga ham qaror qilgan.

Ammo taqiqning o‘zi haliyam bekor qilinmagan.

So‘nggi yangilik Osiyo Olimpiya Kengashini ham bee‘tibor qoldirmagan.

Kengash bu xususda maxsus bayonot bilan chiqib, "sportchilarning huquqlari ustivor masala bo‘lishi kerak"ligini ta‘kidlagan.

Qatarlik basketbolchilardan biri Amalning aytishicha, O‘yinlar arafasida o‘zlariga hijobda bemalol o‘ynashlari mumkinligini aytishgan.

"Agar, mulozimlar o‘z qarorlarini o‘zgartirishmasa, biz bu Osiyo O‘yinlaridagi biror bir bahsda ishtirok etmaymiz", - deydi u.

Osiyo O‘yinlari har to‘rt yilda bir o‘tkaziladi.

Unda qit‘aning 45 davlatidan 9.000 dan ortiq sportchi 36 sport kurash turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

Hijob

Image copyright BBC World Service

Sport olamida muslima sportchilarning hijoblari bilan bog‘liq bu kabi mojarolar ilk bor kuzatilayotgan yo‘q.

Deylik, faqat, o‘tgan yilga kelib, FIFA ham ayol va ham erkak futbolchilarga diniy bosh kiyimlarida to‘p surishga rasman ruxsat bergandi.

Yaqin yillargacha, qay bir din vakillari bo‘lmasin, erkak va ayol futbolchilarga bu ish qonunan man etilgandi.

2007 yildan buyon esa, jarohat olishlari xavfi borligi aytilib, FIFA tomonidan, hatto, muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari rasman taqiqlangandi ham.

Eslatib o‘tish joiz, birgina shu taqiqning o‘zi Afrika va Osiyo Futbol Konfederatsiyalari rahbarlari qolib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ham e‘tiborini tortgan va ular Futbol Uyushmalari Xalqaro Federatsiyasini uni bekor qilishga oshkora da‘vat etib chiqishgandi.

Ulardan tashqari, dunyoda eng nufuzlilaridan biri sanaluvchi Angliya premerligasida to‘p suruvchi qator futbolchilar ham bu uch xalqaro tashkilotga xayrixoh ekanliklarini bildirishgandi.

Futbol Uyushmalari Xalqaro Federatsiyasi bularning barchasi ortidan, 2012 yilda ikki yillik sinov muddati belgilagan va alal-oqibat bu xususda ijobiy to‘xtamga kelgandi.

Hozir futboldan tashqari, yengil atletika, regbi, qilichbozlik, volleybol va taekvondo musobaqalarida muslima sportchilarning hijobda bellashishlariga ruxsat beriladi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02