MTS rahbari Yevtushenkov uy qamog‘ida qoldirildi

Image copyright Getty

Moskva shahar mahkamasi "Sistema" moliya-sanoat guruhi rahbari Vladimir Yevtushenkovni uy qamog‘ida qoldirish haqida qaror qabul qilgan.

Sentyabr oyi o‘rtasida Tergov qo‘mitasi Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri va "Sistema" Aktsionerlik-moliya korporatsiyasi direktorlari kengashi raisi Vladimir Yevtushenkovni hibsga olgan, uni "Bashneft" shirkatini sotib olish jarayonida "pul yuvish"da ayblagan.

Ayblov tomoniga ko‘ra, "Sistema" "Bashneft"ni atayin 50 million arzon narxda sotib olgan.

"Sistema" Aktsionerlik-moliya korporatsiyasi ayblovlarni asossiz deb atagan, vaziyatni hal qilish uchun "barcha huquqiy himoya vositalari"ni ishga solishini aytgan.

Moskva mahkamasida janob Yevtushenkovning tergovdagi so‘rog‘i matni e‘lon qilingan.

Unda Vladimir Yevtushenkov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan.

Mahkamada prokuror Yevtushenkov uchun uy qamog‘i sharoitini yengillashtirish, xususan, ishga borish va telefondan foydalanishiga ruxsat berishni so‘ragani xabar qilingan.

Uning advokati aytishicha, Yevtushenkovni ozod qilish "Sistema" Aktsionerlik-moliya korporatsiyasi faoliyati uchun muhim, chunki hibs shirkat aktsiyalarining narxiga ta‘sir ko‘rsatgan.

Biroq mahkamada uy qamog‘i o‘zgartirishsiz qoldirilganidan so‘ng "Sistema"ga tegishli hissalar 3 foizga tushib ketgan.

Jami aktivlari 40 milliard dollardan ortiqni tashkil etadigan "Sistema" Aktsionerlik-moliya korporatsiyasi MTS mobil aloqa shirkati, MEDSI, "Bashneft", "Ob‘edinennaya nefteximicheskaya kompaniya", "Bashkirskaya elektrosetevaya kompaniya"larning hissalarini nazorat qiladi.

Shu kunlarda MTS O‘zbekistonda yana faoliyatini qayta tiklashga tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.

Poytaxt Toshkentda mobil telefonlar MTS aloqa tarmog‘ini ko‘ra boshlagan.

"Universal mobile systems" mobil shirkatidagi 50,01% hissalarga MTS, 49,99% hissalarga esa O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi egalik qiladi.

Yangi operator joriy yilning 1 noyabridan boshlab barcha texnik ishlarni boshlashi, 1 dekabrdan boshlab esa MTS brendi ostida tijoratni yo‘lga qo‘yishi kutiladi.

Ikki yil avval MTS va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida chiqqan mojaroda Gulnora Karimovaning ismi tez-tez tilga olingan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer