Ulamolar "Islomiy davlat"ga qarshi 18 betlik ochiq xat e‘lon qildilar

Image copyright BBC World Service

Dunyodagi 120 dan ortiq islomiy ulamolar o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruh Islom dinini yomonotliq qilayapti degan mazmunda ochiq xat e‘lon qilganlar, boshqa ulamolarni bu ochiq xatga qo‘shilishga chaqirganlar.

Ochiq maktub matni arab tilida yozilgan.

Maktubda Qur‘oni Karim suralaridan parchalar misolida "Islomiy Davlat" qo‘l urayotgan amallar qoralangan.

Ochiq xatga imzo chekkanlar orasida musulmon dunyosida nufuzli Misr muftiysi Shayx Shavqi Allam, Quddus va butun Falastin muftiysi Shayx Muhammad Ahmad Husaynlar bor.

Mualliflarga ko‘ra, ular "Islomiy Davlat" falsafasi va bu guruh sodir etayotgan zo‘ravonliklarni Islom diniga zid ekanini "nuqtama-nuqta" isbotlab berishdir.

Ochiq xat matni Vashington shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida e‘lon qilingan.

"Ular("Islomiy Davlat" guruhi) qilayotgan hamma amallar noislomiy. Ular bizning dinimizda taqiqlangan narsalarni qilayaptilar. Bizning dinimizga zid amallarni sodir etayotganlarni matbuot qanday qilib Islom diniga bog‘lashi mumkin", deb aytgan ochiq maktub mualliflaridan Ahmad Bediyer.

"Islomda begunoh insonlarni o‘ldirish taqiqlangan. Islomda elchini o‘ldirish, diplomatni o‘ldirish taqiqlangan. Ayniqsa, jurnalist va ko‘mak tashkiloti xodimlarini o‘ldirish taqiqlangan", deb aytgan matbuot anjumanida Shimoliy Amerika Fiqh kengashi raisi doktor Muzammil Siddiqiy.

Ayni paytda ochiq xat mualliflari Yaqin Sharqdagi inqirozni harbiy yo‘l bilan hal qilish yagona yo‘l emasligini urg‘ulaganlar.

Muammoni hal qilishning ma‘rifiy, diplomatik va siyosiy yo‘llarini izlash lozimligini aytganlar.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer