Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Islomiy jihodchi uchun o‘z mamlakati mas‘ul"

BMTda gapirgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on xalqaro hamjamiyatni islomiy jangarilar yo‘lini to‘sishda Turkiyaga yetarli yordam bermayotganlikda ayblagan.

"Turkiya, ayniqsa, Suriyadagi favqulodda vaziyat munosabati bilan tahdid haqida xalqaro hamjamiyatga qayta-qayta ogohlantirish yo‘llagan. Xalqaro hamjamiyatning sustligi oqibatida rejimning Suriya aholisiga qarshi zo‘ravon siyosatiga qaramasdan, "Al-Qoida" Suriyada qayta to‘planishga va rejim dastagida "Islom va Shom Islomiy Davlati" nomi ostida yanada ko‘p kuch yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi", degan Prezident Erdo‘g‘on.

BMT Xavfsizlik Kengashida janob Erdo‘g‘onning aytishicha, tahdid jangari o‘z mamlakatini tark etish bilan boshlanadi.

Va bu mamlakatlar Turkiya bilan yanada yaxshiroq hamkorlik qilmog‘i lozim.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on aytishicha, jangarini to‘xtatish avvalo u fuqarosi bo‘lgan mamlakatning mas‘uliyatidir.

Turkiya jihodni maqsad qilgan xorijiylar Suriyaga o‘tadigan asosiy o‘tish nuqtalaridan biriga aylangan.

Suriyadagi janglarda qatnashayotgan o‘zbek jangarilarining soni ko‘pligi ham ma‘lum bo‘lgan.

Asli O‘zbekiston yoki Qirg‘izistondan chiqib ketib Turkiyada boshpana olgan o‘zbek millatiga mansub shaxslar qo‘llariga qurol olganlari xabar qilingan.

Internetda Tojikiston fuqarosining pasportini yoqayotgan shaxslarning videosi tarqalgan, videodagi shaxslar Tojikistonning joriy hukumatini "kufr" davlati deb atab, bu mamlakatga qaytishni istamasligini aytganlar.

Qirg‘iziston rasmiylari ham bu mamlakat fuqarolarining Suriyadagi urushda qatnashish uchun ketayotganlari haqida xabar tarqatganlar.

Suriyada jang qilayotgan Qirg‘iziston fuqarolari orasida Rossiyaga ishlab pul topish uchun ketgan insonlar borligi ma‘lum bo‘lgan.

Bugungi kunda soni bir necha millionni tashkil etadi deb ko‘riladigan Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mehnat muhojirlarini shu yil vatanlariga qaytarish boshlangan.

Turkiyada istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik siyosiy sharhlovchi Narzullo Oxunjonov aytishicha, O‘zbek hukumati Rossiyaga pul ishlab topish uchun ketgan o‘z fuqarolarining jangarilar safiga qo‘shilishidan xavotirga tushgan.

"Islomiy harakatlarning yoki mana shunday jihodchilarning paydo bo‘lishiga ham boshidan o‘sha davlatlardagi vaziyat sababchi", deydi Narzullo Oxunjonov.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02