"Burunkesar" er haliyam topilmadi

Afg‘oniston politsiyasi o‘z ayoli burnini oshpichoq bilan kesib tashlagan erkakni qidirmoqda.

Hodisa kuni-kecha markaziy Dayko‘ndi viloyatida yuz bergandi.

Erining shafqatsiz hujumiga uchragan yoshgina juvon hanuz kasalxonada qolmoqda.

Uning 20 yoshlar chamali ekani aytiladi.

Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, eri bundan avval ham ayolginaga kun ko‘rsatmagan.

Juda zo‘ravon bo‘lgan: xotinining tirnoqlarini tag-tugi bilan sug‘urib olgan.

Xonaga qamab qo‘yib, kunlab hech narsa bermagan, och qoldirgan.

Agar, butun Afg‘onistondagi vaziyat tahlil qilinsa, so‘nggi yillarda burun kesish hollari yana ortayotgani kuzatiladi.

Mahalliy inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ham xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonliklar kuchayib borayapti, degan xulosada.

Qisqacha tafsilot o‘rnida:

Mahalliy politsiya boshqarmasi zo‘ravon er va jabrdiydaning ism-shariflarini ochiqlamagan.

Ammo, mas‘ullarga ko‘ra, xotini bilan qattiq urishib qolgan er alal-oqibat uning burnini oshpichoq bilan kesib tashlagan.

"Biz uni zudlik bilan kasalxonaga yetkazdik. Ammo eri qochib qolishga ulgurdi. Haliyam daragini topolganimiz yo‘q", - deydi Dayko‘ndi viloyat politsiya boshqarmasi vakili Muhammad Ali Atay.

Yoshgina juvonning oilasi ham jim: Shu bois ham yuz bergan hodisa tafsilotlari u qadar oydin emas.

Zo‘ravon erlar

Image copyright Reuters

O‘tgan yil xuddi shunga o‘xshash hodisa Afg‘onistonning g‘arbiy Hirot viloyatida yuz bergandi.

Bangi eri jahl ustida o‘z xotinining burniga qo‘shib, labini ham kesib tashlagandi.

Kasalxonada ekani chog‘ida bu haqda Setoraning o‘zi jurnalistlarga aytib bergandi.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, zo‘ravon eriga bor-yo‘g‘i 11 yoshida turmushga chiqqan.

Eri Eronga mehnat muhojirligiga ketib, o‘sha yerdan bangi bo‘lib qaytgan.

Bangi eri uning taqinchoqlarini sotib, puliga giyohvand modda olmoqchi bo‘lgan.

Setora, yo‘q, degach, uni behush bo‘lguncha kaltaklagan.

Keyin pichoqlab, burniyu labini kesib tashlagan.

Hozir jabrdiyda ayollarning o‘zlari ham boshlariga tushgan ko‘rguliklar haqida ko‘proq gapira boshlashgan.

Shu bois, bu kabi zo‘ravonliklar ommaviy-axborot vositalarida ham o‘z aksini topmoqda.

Biroq, tahlilchilarga ko‘ra, haliyam ko‘plab maishiy zo‘ravonlik hollari to‘rt devor orasida qolib ketadi.

Ayrim jabrdiydalar esa, bu haqda, hatto, miq etib og‘iz ochishga qo‘rqishadi.

Boshqalari esa, politsiya va adliya tizimiga ishonishmaydi.

Shu bois ham, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘z dardlarini ichlariga yutishni ma‘qul ko‘rishadi.

Huquqiy himoya

Shu yaqin yillar ichida ayrim jabrdiyda ayollar chetda o‘z burun va lablarini tiklab, qaytishga ham muvaffaq bo‘lishgan.

Ularga Afg‘onistondagi turli nodavlat tashkilotlari va guruhlar moliyaviy ko‘mak berishgan.

Maishiy zo‘ravonliklar hanuz Afg‘oniston to‘qnash kelib turgan uchta asosiy muammodan bittasi.

Yaqinda eri va uning yaqinlari tomonidan oylab yerto‘lada saqlangan yoshgina kelinchakning kechmishi ham katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Ular Sahargulning soch va tirnoqlarini ildizi bilan sug‘urib olishgan va badaniga tamaki cho‘g‘ini bosib azoblashgan.

Afg‘onistonda "Xotin-qizlarni maishiy zo‘ravonliklardan himoya etish to‘g‘risida"gi qonun 2009 yilda qabul qilingan.

Ammo yaqinda yangi tahrirdagisi qayta parlament muhokamasiga qo‘yilgan va oylarki, tasdiqdan o‘tmay qolmoqda.

Mavjud holat xorijiy ittifoq qo‘shinlari afg‘on mojarosiga yechim topmay, ortga safarbarlikni boshlagan bir yilga to‘g‘ri kelmoqda.

Ustiga ustak, hozir Tolibon doxil turli isyonchi guruhlar qayta faollashgan.

Bu esa, afg‘on xotin-qizlarini shundoq ham nihoyatda qaltis ahvolda qoldirgan.

Mahalliy faollarga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab qonun ustivorligi ta‘minlansa, odamlarning huquqiy savodxonligi oshirilsa va nochorlikka barham berilsa, bu kabi dahshatli jinoyatlarning oldini olish mumkin bo‘ladi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02