Hayit namozini yangi "Minor" masjidida o‘qish rejalashtirilmoqda

Toshkentdagi anhor.uz web-sayti xabar qilishicha, Anhor sohilidagi "Minor" mahallasida ayni shu nomda qurilishi boshlangan yangi jome‘ masjidi quruvchilari o‘z ishlarini 4 oktyabrgacha tugallashni rejalamoqdalar.

Prezident Islom Karimov 4 oktyabrni O‘zbekistonda Qurbon Hayiti bayrami va dam olish kuni deb e‘lon qilish haqida qaror imzolagan.

"Minor" masjidini barpo etish haqida ham Prezident Islom Karimov 2013 yil iyulida qaror imzolagan va ko‘p o‘tmay qurilish boshlangan edi.

Toshkentning yangi jome‘ masjidi 2400 namozxonga mo‘ljallangani xabar qilingan.

O‘shanda masjidni 2014 yilning noyabr oyida foydalanishga topshirish mo‘ljallangani aytilgan.

Masjid davlat byudjeti va O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi tomonidan moliyalangan.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida Rossiya va Britaniyaning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan Alisher Usmonov Toshkentning Yunusobod tumanidagi "Minor" qabristoni yonida bunyod etilayotgan ayni nomdagi masjidni moliyalayotgani borasida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan, shu yilning iyun oyida janob Usmonov masjid qurilishiga aloqasi yo‘qligini aytib chiqqan.

Ayni paytda Alisher Usmonov o‘ziga shunday murojaat bilan chiqishsa, "bu kabi yirik va muhim" loyihaga hissa qo‘shishga tayyorligi haqida O‘zbekistondagi Uzmetronom web-sayti xabar qilgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02