Tojikiston muftiyati: "Hukumatni tanqid qilish gunohi kabiradir"

Mamlakatning oliy diniy organi hisoblanadigan Tojikiston Islomiy markazi hokimiyat tanqidini "katta gunoh" deb hisoblaydigan yangi fatvo qabul qilgan.

Yangi qarorga muvofiq, bunga hokimiyatga nisbatan ishonchsizlik paydo qiladigan tanqid, hukumatga yoqmaydigan fikr-mulohaza bildiradigan

xalqaro tashkilotlar va xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish ham kiradi.

Taqvodor musulmonlarning bunday tashkilotlar bilan biror bir aloqada bo‘lishlari tavsiya etilmaydi.

Ulamolar kengashining o‘sha qarorida Tojikiston fuqarolarining o‘zga mamlakatlardagi jangovor amaliyotlardagi ishtiroki ham qoralanadi.

"Odamlarni hokimiyatni ag‘darishga chaqirish va gijgijlash, mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish va milliy birdamlikni shubha ostiga olishni o‘z

oldiga maqsad qilgan mahalliy va xorijiy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, partiyalar bilan aloqa hamda hamkorlik qilish gunohi kabira

hisoblanadi. Ushbu amallarni sodir etganlar Olloh g‘azabiga duchor bo‘ladi va narigi dunyoda qattiq jazolanadi", deyilgan Islomiy markazning

rasmiy qarorida.

Tojikiston hukumati shu yo‘l bilan radikallarning kuchayib borayotgan ta‘siriga qarshi kurashishga va mamlakat islomiylashishiga yo‘l qo‘ymaslikka

qaror qilgan.

Juma kuni Dushanbe shahridagi markaziy masjiddagi Juma namozidan oldin Tojikiston Bosh muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda minglab namozxonlar

oldida ma‘ruza qilgan, u misol sifatida Liviyaning zamonaviy tarixini keltirgan.

"Mana Liviyaning xalqi o‘z rahbari Muammar Qaddofiyga qarshi chiqdi, oqibati nima bo‘ldi? Qaddofiy davrida mamlakatda eng kam maosh 750 dollar edi, 1 dollarga 45 litr benzin sotib olish mumkin edi. Uni hokimiyatdan ag‘darishganidan keyin Liviya tartibsizlik, o‘lim va qonun amal qilmaydigan boshboshdoqlik ostida qoldi", deb aytgan Tojikiston bosh muftiysi va bu xatolarni takrorlamaslikka chaqirgan.

Tojikiston muftiyati bundan oldin ham Tojik hukumatini qo‘llab-quvvatlash kerakligi, hukumatni tanqid qilmaslik lozimligi haqida gapirgan, lekin bu gal ushbu mavzuda alohida fatvo qabul qilganlar.

Tojikiston Islomiy markazining qarori yuridik kuchga emas, u tavsiya xarakteriga ega.

Ammo Tojikiston musulmonlarining kundalik hayotida Islom va ruhoniylar tutgan o‘rinni nazarda tutib shuni aytish mumkinki, ko‘pchilik imomlarning maslahatlariga quloq tutadi.

Ayni paytda rasmiy Dushanbe o‘zining asosiy siyosiy muxolifi sanaydigan Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi a‘zolari yangi fatvodan hayratga tushganlar.

"Biz dunyoviy davlatda yashaymiz, bunday fatvolar odamlar uchun juda muhim sanaladigan shariat qonunlariga asoslangan mamlakatda emas. Hokimiyatning ham ruhoniylar fikrlariga quloq solishlari majburiy emas. Lekin biz bu barcha qarorlar siyosatchilarning bevosita ishtirokida qabul qilinishini yaxshi tushunamiz", deb aytgan Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saidumar Husayniy.

Konstitutsiya bo‘yicha Tojikiston dunyoviy davlat hisoblanadi, lekin hayotda hokimiyat mamlakatdagi diniy institutlarning faoliyatiga aralashadi, xususan imom-xatiblarni saylash paytida.

"Yangi qarorlari bilan rasmiy ulamolar hokimiyatga yaxshi ko‘rinishni istaganlar. Biroq buning ta‘siri aksincha bo‘ladi", deydi "Ozodagon" media-xoldingi ta‘sischisi Zafar So‘fiy.

Uning fikricha, ushbu fatvo hokimiyat amallarini tanqid qiladigan jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari uchun o‘ziga xos ogohlantirish sifatidagi “birinchi qo‘ng‘iroq” va bunday qadamlar xavotirga sabab bo‘lmasligining iloji yo‘q.

"Oxir-oqibatda jurnalistlarning huquqlarini jiddiy chegaralab qo‘yadigan haqiqiy qonun qabul qilinishini ham istisno etib bo‘lmaydi", deydi Zafar

So‘fiy.

So‘nggi yillarda Tojikiston hukumati dindorlarning huquqlarini buzgani uchun ko‘plab tanqidlarga tutildi.

Bular – masjidlarni tekshirish va yopilishi, diniy partiya va harakatlarning tarafdorlari bo‘lganlar ustidan bo‘lib o‘tgan ko‘p sonli mahkama jarayonlari, islomiy libos kiygan va soqol qo‘ygan dindorlarning ta‘qibga olinishi edi.

Bularga qaramasdan, ko‘plab kuzatuvchilar oxirgi yillarda Tojikistonda dinga qiziqish kuchayganini urg‘ulaydilar, hatto dindor sanalmagan oilalar ham o‘z farzandlarini islomiy madrasalarga ta‘lim olishga berayotganlari kuzatilmoqda.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02