#O‘zbek trendi: paxta, Yulduz va bodringning narxi

Image copyright bbc
Image caption Paxta kampaniyasini qo‘llab-quvvatlayotgan yulduz bitta Yulduz Usmonova emas

O‘zbekistonda avjiga chiqqan paxta kampaniyasi Twitter ning asosiy mavzularidan.

"Vatan" filmida yomg‘ir yog‘sa ham paxta terayotgan ayollar tasvirlangan. Hozir ham shunaqa.Talabalarni loy yerga kirgizvorishadi paxta terishga", deb yozadi @Qisqa_satrlarda.

Ammo hamma foydalanuvchilar ham paxta borasida bu qadar umidsiz emas.

Xususan, taniqli xonanda Yulduz Usmonova.

Yulduz xonimning Instagram da paxta dalasida tushgan suratini e‘lon qilgani qo‘shiqchi hukumatning paxta kampaniyasini qo‘llab-quvvatlayotganiga ishora, deya talqin qilinmoqda.

Image caption "O‘zbeknavo" paxtaga chiqmagan qo‘shiqchilarning litsenziyasini olib qo‘yishi mumkin

Ammo paxta kampaniyasini qo‘llab-quvvatlayotgan yulduz bitta Yulduz Usmonova emas.

Qo‘shiqchilarni paxtaga safarbar qilayotgan O‘zbeknavo birlashmasi esa o‘z websaytida boshqa bir taniqli xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Fayzning Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi paxtakorlar qarshisida qo‘shiq kuylabgina qolmay, paxta ham tergani aks etgan suratlarni chop etgan.

O‘tgan yili "O‘zbeknavo" taniqli qo‘shiqchi Jasur Umirovni paxtaga chiqmagani uchun litsenziyadan mahrum etgani xabar qilingan.

Image caption HRWning hisoboti o‘zbekistonlik foydalanuvchilar e‘tiborini tortmagan

Human Rights Watch inson haqlari tashkiloti shu kunlarda e‘lon qilgan O‘zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdiriga oid yirik hisobot Twitterdagi, aytish joizki, asosan xorijlik ekspertlar muhokamasiga sabab bo‘lgan asosiy mavzulardan.

Mavzu o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning e‘tiborini tortgan, deb aytish qiyin.

@hrw -qamoqxonada "sabzini noto‘g‘ri artgani uchun" qamoq muddati uzaytirilgan siyosiy mahbus Murod Jo‘rayevning taqdiriga e‘tibor qaratgan.

@LotteLeigcht "eng uzoq vaqt ko‘p qamoqda o‘tirgan jurnalist qaysi mamlakatda?" deya savol qo‘yadi.

@billbrowder esa putinparastlarga uni yaxshi ko‘rsatishning yaxshi yo‘lini topgani, buning uchun janob Putinni O‘zbekiston prezidenti bilan qiyoslash kifoya ekanini yozadi.

AQShning Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi missiyasi -@usosce ham HRW hisobotini bo‘lishgan.

Rossiya Bosh prokuraturasi esa Twitterdagi sahifasida Rossiyada hibsga olingan O‘zbekiston fuqarosi A.Q.ning o‘zbek huquq-tartibot idoralariga topshirilgani haqidagi xabarni chop etgan.

@Genproc xabarida aytilishicha, bekobodlik A.Q. vatanida qasddan birovga tan jarohati yetkazishda gumon qilinib, qidiruvga berilgan.

Farruh 78 esa bozordagi narx-navoni e‘lon qilgan. "Bozorda piyoz 750, Kartoshka,1200, Sabzi 1000, pamidor 750, qizil balg‘ar 1200, tuxum 350, bodring 1000, gurunch 6500, paxta yog‘i 5000, qo‘y go‘shti 2300 so‘m", deb yozadi u.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02