"O‘zbekiston Islomiy Harakati "Islomiy Davlat"ni dastaklaydi"

Image copyright AP

Agar, hilofatnews.com web sahifasiga tayanilsa, bunday bayonot bilan harakat rahbari Mujohid Usmon G‘oziy chiqqan.

Bayonotning o‘zi esa, "O‘zbekiston Islomiy Harakati tomonidan Islomiy Davlat uchun qo‘llab-quvvatlash va nasihatnomasi", - deya nomlangan.

Unda Mujohid Usmon G‘oziy, "barcha harakat a‘zolari nomidan o‘zlarining Islomiy Xalifat bilan bir safda ekanini e‘lon qiladi".

Buning sababini esa, "Islom va kufr o‘rtasida davom etib kelayotgan bu mujodalada o‘zlarining iymoniy majburiyatlari ekani" bilan izohlaydi.

Xuddi shu o‘rinda, Mujohid Usmon G‘oziyning bayon qilishicha, "ushbu yosh Islomiy Davlatni qo‘llab-quvvatlashni O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining iymoniy burchi va vazifasi", - deb biladi.

Harakat rahbarining alohida ta‘kidlashicha, bu borada hech kimning malomatiga parvo qilishmaydi.

Agar, yangi bayonot mazmuniga tayanilsa, Pokiston Qurolli kuchlarining Afg‘oniston bilan chegaradosh qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasida olib borayotgan yirik harbiy amaliyotlari O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarini og‘ir ahvolda qoldirgan.

Harakat rahbari Mujohid Usmon G‘oziy o‘z bayonotida, "Vaziriston dunyodan uzib qo‘yilgani, ko‘plab mujohidlar jang qilishdan bosh tortib, mintaqani bo‘shatib qo‘yishgani va jangning boshida turgan jamoatlari ham hamma tomondan qamalga olingani" haqida ma‘lum qiladi.

O‘z navbatida, "Shu kabi og‘ir bir vaziyatda turgan paytlarida Iroq va Shom yerlarida Islomiy Xalifalik e‘lon qilinganiga oid xabar barchalarini xursand va xushnud qilganini" aytadi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Vaziriston mintaqasidan shu paytgacha imkonli bo‘lgan xabarlardan O‘zbekiston Islomiy Harakati so‘nggi harbiy amaliyotlardan qanchalik jiddiy ziyon ko‘rgani noma‘lum qolayotgandi.

Shu yil iyun oyida boshlangan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarning o‘zi esa, asosan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilariga qaratilgandi.

Harakat rahbarlarining ham amaliyotlar sabab, Shimoliy Vaziristondan Janubiy Vaziristonga yoki Afg‘onistonga qochib o‘tishgani taxmin qilinayotgandi.

Lekin, shunda ham, ularning bugungi aniq manzillari borasida ishonchli ma‘lumotlar yo‘q edi.

Agar, tekshiruvlarga tayanilsa, O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbari Mujohid Usmon G‘oziy nomidan bayonot chop etilgan hilofatnews.com web sahifasi 2013 yilda Turkiyada ochilib, Nyu-Yorkda qayddan o‘tgan.

Yangi ittifoqchi?...

Image copyright Getty

Mujohid Usmon G‘oziyning bayonoti tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, O‘zbekiston Islomiy Harakati 1997 yilda Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umarga bay‘at bergan.

Ammo, harakatning bayonoti 26 sentyabrda chop etilgan bo‘lsa, oradan to‘rt kun o‘tib ham, bunga Afg‘oniston Tolibon harakati rahbariyatining munosabati hozircha ma‘lum emas.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, na Pokiston Tolibon harakati va na Afg‘oniston Tolibon harakati shu paytgacha "Islomiy Davlat" guruhini dastaklash yoki ular tuzgan Islomiy Xalifalikka kirish-kirmaslik xususida biror bir rasmiy bayonot bilan chiqishgan.

Ammo yaqinda Afg‘oniston Tolibon Harakati Suriyadagi jihodiy guruhlarga xos tavsiyalari bitilgan bayonot bilan chiqqan.

Ularning o‘ta mutaassib qarashlari bilan yakdil emasligini bayon qilgan, barchalarini bir yoqadan bosh chiqarish va yagona sho‘ro tuzishga undagandi.

Tahlilchilarning e‘tiborini tortgan jihati esa, harakat o‘z bayonotida "Islomiy Davlat" tashkil etgan xalifalikni biror yerda bo‘lsin, tilga olmagani bo‘lgandi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati, o‘z o‘rnida, "Al-Qoida" va Pokistondagi "Haqqoniy" jangari guruhining ham ittifoqchisi sanaladi.

Harakat a‘zolari AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan, Afg‘onistonni tashlab, qo‘shni Pokistonga qochib o‘tishgan.

So‘nggi yillarda esa, Afg‘onistonning Markaziy Osiyoga yaqin qator shimoliy viloyatlarida qayta faollashishga ham muvaffaq bo‘lishgani kuzatiladi.

Pokiston Qurolli kuchlarining so‘nggi harbiy amaliyotlariga qadar, harakat a‘zolarining so‘nggi soni bir necha yuz ekani taxmin etilgandi.

Ularning Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashishga harakat qilishayotgani va shu maqsadda mintaqadan yangi jangarilar yollashga urinayotgani haqida ham xabarlar chiqqandi.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining asoschisi Tohir Yo‘ldosh 2009 yilda amerikaliklarning dron hujumida o‘ldirilgan.

2012 yilda esa, uning o‘rniga tayinlangan kuyovi Usmon Odil ham xuddi shu tarzda halok etilgandi.

O‘shandan buyon O‘zbekiston Islomiy Harakatiga Usmon G‘oziy ismli shaxs rahbarlik qilayotgani aytilgandi.

Bu – nimani anglatadi?

Image copyright BBC World Service

So‘nggi yangilikka o‘z bahosini berarkan, Frantsiyadan mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston Islomiy Harakatining bunday bayonot bilan chiqishi tabiiy bir hol ekanini aytadi.

"Ularni birlashtirib turuvchi pozitsiya bu – mafkura: Bir tomondan islomiy davlat qurish, ikkinchi tarafdan, G‘arbga qarama-qarshi turish, ya‘ni Islomni qarshilik mafkurasi sifatida talqin qilish", - deydi tahlilchi.

"Butun dunyo globallashuvga yuz tutgan paytda, mana shu integratsiya va tsivilizatsion alohidalikka moyillik borgan sari kuchayib boradi. Lekin islomiy davlatlar va musulmon jamiyatlari hozir buni kanallashtirishdan uzoqda".

Tahlilchining nazdida, so‘nggi bayonoti ortidan, bu ikki guruh o‘rtasidagi hamkorlik kuchayishi mumkin.

U buning sababini "Islomiy Davlat" guruhining iqtisodiy jihatdan qanchalik qudratli, boy ekani bilan izohlaydi.

Yaqinda ayrim G‘arb nashrlarida "Islomiy Davlat" guruhining bugungi kunda "dunyodagi eng boy terrorchi tashkilot" ekaniga oid xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

"Islomiy Davlat" jangarilarining asosiy daromad manbai neft kontrabandasi va guruh nazorat qilayotgan hududda yashaydigan millionlab aholidan yig‘ib olinayotgan soliqlar ekani qayd etilgandi.

"O‘zbekiston Islomiy Harakati keyingi yillarda chuqur insoniy va moliyaviy inqirozni boshidan kechirayapti. Agar, ular o‘rtasidagi hamkorlik borgan sari kuchayib boradigan bo‘lsa, bu - balkim, harakatning moliyaviy, iqtisodiy jihatdan oyoqqa turishiga, tiklanishiga yordam berishi mumkin", - deydi tahlilchi.

O‘zbekiston...

Image copyright AFP

Suhbatdoshimizning aytishicha, harakatning so‘nggi bayonoti O‘zbekiston davlat siyosatida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmaydi: "Faol musulmonlar va diniy tashkilotlarni qattiq nazorat qilish siyosati shu tariqa davom etaveradi".

Ammo, o‘z o‘rnida, tahlilchi "O‘zbekiston nazariy jihatdan har doim ana shunday holatlardan qo‘rqib kelgani va ularni o‘zini legitimlashtirish uchun, dunyo hamjamiyati, ayniqsa, G‘arbdan yordam olish uchun ishlatib kelganini" ham ta‘kidlaydi.

Ayrim g‘arblik kuzatuvchilarga ko‘ra esa, harakatning "Islomiy Davlat" guruhini dastaklashga oid so‘nggi bayonoti O‘zbek hukumati uchun o‘zining qattiqqo‘l siyosatini oqlashga qo‘l keluvchi yana bir omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

O‘z o‘rnida, Frantsiyadan tahlilchi suhbatdoshimizning aytishicha, jo‘g‘rofiy nuqtai-nazardan kelib chiqib aytilganda, bularning barchasi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid emas.

"Aynan bugungi kunda Iroqdagi vaziyat O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf sololmaydi. Afg‘onistonda esa, O‘zbekiston Islomiy harakati bugungi kunda toliblar bilan birgalikda vaziyatni kuchli chayqash yoki hokimiyatga kelish holatida emas", - deyarkan, tahlilchi, "Kelajakda vaziyat qanday bo‘lishini aytish qiyin", - ekanini ham e‘tirof etadi.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, global jihodchilarning global jabhasi sifatida Iroq namoyon bo‘layotgani faktoriga e‘tibor qaratadi.

"Ana shu jabha ikkiga bo‘linmasligi, kuchlar, resurslar ikkiga bo‘linmasligi uchun, aksincha, Afg‘onistondagi jihodchilar ham, islomchilar ham, jumladan, O‘zbekiston Islomiy Harakati ham Iroqqa va Suriyaga ketish ehtimoli, mening nazarimda, yuqori", - deydi u.

"Islomiy Davlat"

Image copyright AP

Amerika Josuslik Xizmatining yangi hisob-kitoblariga tayanilsa, bu mutaassib jihodiy guruh Iroq va Suriyada ja‘mi 31.000 jangarisiga ega.

Bu esa, avval xayol qilinganidan uch barobariga ko‘p deganidir.

Yangi raqamlar Amerika Josuslik Xizmatining o‘tgan to‘rt oy ichida qo‘lga kiritgan ma‘lumotlariga asoslanadi.

"Islomiy Davlat" o‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi katta hududlarni bosib olgan.

Yaqinda o‘z nazorati ostidagi mintaqalarda islomiy xalifat e‘lon qilgan.

Qator g‘arblik jurnalist va yordam xodimlarini asirga olgan.

AQSh havo hujumlariga javoban, ikki amerikalik jurnalist va bir britaniyalik yordam xodimining boshini tanasidan judo qilgan.

Iroqdagi sunniy bo‘lmagan musulmonlar va boshqa din vakillarini qatag‘on qilishni boshlagan.

Bularning barchasi ortidan, kuni-kecha AQSh boshchiligidagi koalitsiya guruhga qarshi havo hujumlari ko‘lamini yanada kengaytirgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02