Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Moskvada musulmonlar OMON bilan nega to‘qnashdi?

Moskva politsiyasi o‘tgan juma "Tarixiy masjid" yonida yuz bergan tartibsizliklarni keltirib chiqarishda gumon qilinayotgan ikki shaxsni hibsga olgan.

Gumondorlarning Ingushetiya fuqarolari ekani aytiladi.

Juma kuni Rossiya poytaxtining "Bolshaya Tatarskaya" ko‘chasida joylashgan qadimiy masjidida juma namozidan so‘ng yuz bergan hodisada yuzlab musulmonlar maxsus politsiya bo‘linmasi -OMON bilan to‘qnashgan.

27 sentyabr kuni internetda paydo bo‘lgan videoda bir necha yuz kishi politsiyaga tegishli avtobus va OMON jangchilarini qurshab olgani aks etgan.

Ular militsiya tomonidan do‘pposlanganini aytgan avtobus ichidagi shaxsni ozod etishni talab qilganlar.

Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, norozilik qatnashchilari qo‘liga kishan solingan bu shaxsni avtobusdan o‘zlari ozod qilishadi.

"OMON tahqirlandi"

Internetda yarim milliondan ko‘proq odam tomosha qilgan hodisa yuzasidan farazlar turlicha.

Ayrim musulmonlar politsiya begunoh musulmonni ushlagani va do‘pposlaganini aytishsa, rasmiylar hibsga olingan shaxs jamoat tartibini buzishga uringanini aytishadi.

Politsiyaga ko‘ra, qo‘lga olingan ingushetiyalik o‘zining BMW rusumidagi mashinasi bilan musulmonlar namoz o‘qib turgan joydan o‘tishga uringan va masjid atrofida tartibni saqlayotgan politsiyaning to‘xtash haqidagi buyrug‘iga quloq solmagan.

Uning bir politsiya xodimiga borib urilganidan so‘ng to‘xtatilib, hibsga olingani aytiladi.

"Tarixiy masjid" ma‘muriyati ham tartibsizliklar namozxonlardan birining aybi bilan yuz berganini aytgan.

Hodisa ortidan gumondor bilan birga boshqa bir necha musulmon ham politsiya idorasiga olib ketilgan.

Ularning ma‘muriy tartibni buzishda gumon qilingani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, ikki kishiga nisbatan Jinoyat kodeksining "hokimiyat vakiliga nisbatan kuch ishlatish" bandi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Rossiya matbuoti "musulmonlar OMON avtobusini zabt etgani" va "OMONni tahqirlagani" haqida yozgan.

Hodisa tafsilotlarini o‘rgangan moskvalik inson haqlari faoli Bahrom Hamroyevning aytishicha, Rossiya politsiyasi musulmonlarga nisbatan qonunsizliklarni sodir etgan holatlar ko‘p, ammo "Tarixiy masjid" yonida yuz bergan hodisa bunday holatlar jumlasidan emas.

"Rossiya musulmonlarining muammolari ko‘p. Ammo bu bir shaxsning qilgan harakati. Agar OMON tarafidan provokatsiya bo‘lganida to‘satdan bostirib kelib, hammani olib ketgan bo‘lar edi. Bunday buyruq bo‘lgan emas", - deydi huquq faoli.

Uning aytishicha, so‘nggi hodisa bois Qurbon Hayiti kuni Moskvada xavfsizlik choralarining yanada kuchaytirilishi va tekshirishlarning ko‘payishini kutish mumkin.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02