Avstraliya "Islomiy Davlat"ga qarshi havo hujumlariga qo‘shiladi

Image copyright AFP

Avstraliya hukumati e‘lon qilishicha, mamlakatning harbiy uchoqlari Iroqdagi "Islomiy Davlat"ga qarshi tuzilgan Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchiligidagi koalitsiyaga qo‘shiladi.

Bosh vazir Toni Abbott aytishicha, Avstraliya qurolli kuchlari to‘la jangovor amaliyotlarga qo‘shiladimi-yo‘qmi, bir qarorga kelinmagan, biroq o‘zlarining uchoqlari Iroq osmonidagi parvozlarni dastaklaydi.

Bosh vazir Abbott bu haqda Avstraliya parlamenti oldidagi chiqishida gapirgan.

Avstraliya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, "Islomiy Davlat" butun dunyoga urush e‘lon qilgan va shuning uchun o‘z mamlakatida ham, xorijda ham ta‘qib etilishi kerak.

"Bizning vazifamiz o‘z xalqiga qarshi qatliom sodir etayotgan rejimlarni ham dastaklamaslik, bizga qarshi terrorizmga ham yo‘l qo‘yib bermaslik", deb aytgan Bosh vazir Toni Abbott.

Sentyabr oyi o‘rtalarida Avstraliya Amerika yetakchiligidagi koalitsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari hududiga 600 harbiysi va bir necha harbiy uchoqlarini joylashtirgan edi.

Bosh vazir Abbottning aytishicha, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Avstraliya harbiy hozirligidan ko‘zlangan maqsad Iroq, Suriya emas.

"Avstraliya Suriya hukumatini tan olmaydi", deb aytgan u.

AQSh harbiy uchoqlari ham Iroq va ham Suriyadagi "Islomiy Davlat" jangarilarini havo hujumlariga tutmoqda.

30 oktyabr kuni ilk bor Britaniyaning Qibrisda joylashgan uchoqlari Iroq Kurdistoniga parvozlarni amalga oshirgan.

Avstraliya allaqachon Iroq Kurdistonidagi kurd bo‘lginchilariga qurol-yaroq bilan dastak bermoqda, Iroq shaharlariga insonparvarlik yordamlarini yetkazishga ko‘maklashayapti.

Bosh vazir Toni Abbott aytishicha, Iroqdagi zo‘ravonliklar allaqachon Avstraliya hududiga ham yetib borgan, 60 tacha Avstraliya fuqarosi xorijdagi jihodchi guruhlarga qo‘shilgan, deb aytgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer