Nega O‘zbek hukumati majburiy mehnatdan voz kechishni istamaydi?

Xalqaro bosimlar tufayli O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimida bolalarning majburiy mehnatidan voz kechgan.

Bu yil butun mamlakat bo‘ylab yoshi 18 dan kichiklarning paxta mavsumida ishtiroki qat‘iy taqiqlangan.

Biroq faollarga ko‘ra, mo‘may daromad keltiradigan paxta xomashyosini arzon ishchi kuchi bilan yig‘ib olishga o‘rgangan amaldorlar shifokor va o‘qituvchilar, boshqa davlat idoralari xodimlari hamda xususiy biznes egalarini paxta dalasiga chiqishga majburlamoqda.

O‘zbekistondagi bu yilgi paxta yig‘im-terim mavsumi boshlanishidan oldin barcha viloyatlar hokimliklari voyaga yetmaganlarni paxta dalasiga olib chiqish oqibatlaridan ogohlantirildilar.

Bugun BBC bilan suhbatlashgan O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi faollar aytishlaricha, paxta dalasiga asosan kollejlarning 18 yoshdan katta o‘quvchilari jalb qilinayaptilar.

Lekin taniqli inson haqlari himoyachisi Yelena Urlayevaning aytishicha, oldingi yillari bolasini paxtaga chiqishini istamagan ota-onalardan pul undirishni odat qilgan ta‘magir ta‘lim muassasalari xodimlari eski odatlaridan voz kechmaganlar.

Bu yil davlat idora va tashkilotlarida ishlaydiganlar, xususiy biznes egalariga bosim oldingi yillardagidan ham ko‘paygan.

Joylardagi mahalliy hokimliklar hatto ikki-uch kishi ish bilan band bo‘lgan xususiy bizneslardan ham paxta dalasiga odam chiqarishni yoki o‘rniga pul to‘lashni talab qilayotganlari haqida xabarlar olinmoqda.

Misol uchun, shu kecha-kunduzda Farg‘onaning Rishton tumanida "paxtadan qutulish" xususiy tadbirkorlarga kuniga kamida 20000 so‘mga tushayapti, deydi jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Bahodir Eliboyev.

Xususiy tadbirkorlarni majburiy mehnatga jalb qilish butun mamlakat bo‘ylab kuzatilayapti, deydi Yelena Urlayeva.

"Hozirda butun O‘zbekiston bo‘ylab, hammani - ishbilarmonlarni ham, o‘qtiuvchi, shifokorlarni ham paxtaga safarbar qilmoqdalar. Yaqinda AQSh elchixonasidagi bir yig‘ilishda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan huquq faollari bilan uchrashgandik. Ular ham hamma mintaqalarda davlat xizmatchilari va hatto shaxsiy shirkatlar xodimlarini majburan paxta terishga jalb etishayotganini aytishdi.

Xodimlarning paxtaga safarbar etilishlari hatto Toshkentdek poytaxt shaharga ham yetib kelganligining sababi nimada, degan savolga Yelena Urlayeva, oldingi yillardagi arzon ishchi kuchi o‘rnini qoplash, deya javob qaytaradi.

"Sababi shuki, kollej o‘quvchilarini paxtaga chiqarishni to‘xtatishdi. Ular esa anchayin katta mehnat kuchi edi. O‘tgan yillari kollejlarning hamma kurslari paxtada edi. Bu yil 1-2 kurslar chiqarilmagan, faqatgina 3-kurs talabalarini chiqarishgan. Shuning uchun terimchi yetishmayapti. Rasmiylar esa ularga umid qilgandilar. Shuning uchun endi kattalarni yoppasiga jalb qilmoqdalar. Andijondan bizga xabar berishlaricha, ba‘zi maktablarda o‘quvchilarni emas, endi ularning o‘rniga ota-ona va o‘qituvchilarni paxtaga safarbar qilmoqdalar. Toshkent viloyatigadgi maktablar o‘qituvchilari bilan o‘zim gaplashgan vaqtim, o‘qituvchilar hozir uyma-uy yurib ota-onalarni paxtaga chiqishga ko‘ndirish o‘zlarining vazifalariga aylanganini aytishdi. Paxtaga chiqa olmaganlar esa, o‘rinlariga mardikor yollash uchun pul berishlari kerakligi aytilar ekan", deydi Yelena Urlayeva.

Qullikka teng mehnat foydasi

Oxirgi qariyb 10 yillik O‘zbek paxtasining boykoti butun dunyoda O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnatiga e‘tiborni qaratdi.

Bu kampaniyani O‘zbekiston hukumati paxta yetishtiradigan raqobatchilarning nosog‘lom raqobat kurashi, deb ataydi.

Biroq oxirgi yillarga kelib O‘zbekistonda yetishtiriladigan paxta daromadidan respublika byudjetidan ham ko‘ra bir hovuch amaldorlar ko‘p foyda ko‘rayotganlari haqidagi tanqidlar ko‘paymoqda.

Nega O‘zbek hukumati paxtani yig‘ib terib olishda majburiy mehnatdan voz kechishni istamaydi, degan savolga paxta yetishtiradigan ko‘plab mamlakatlar tajribasini o‘rgangan sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshev shunday javob qaytaradi:

"Men Sudanda ham, Misrda ham bo‘lganman. Yoki mana yonimizda Qirg‘izistonda ham, Qozog‘istonda ham fermer yetishtirgan paxtasini birja bahosida sotadi. Butun dunyoda fermerlar birjada paxta narxi qancha bo‘lsa, o‘sha narxda birjaga o‘zlari sotadi. Bizning O‘zbekistonda mana shu paxtaning sotilishidan manfaat ko‘radigan tomonlar bor. Paxta yetishtirgan fermerlar, dehqonlar umuman hech narsa olmaydi, zarariga ishlaydi. Foyda ko‘radiganlar bo‘lsa o‘shaning hisobidan katta-katta pullarni qilishadi", deydi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev.

Mustaqillikning ilk yillaridan buyon O‘zbekiston hukumatini paxta va don xarid narxlarini erkinlashtirishga chaqirib kelishadi.

Lekin hukumat bu chaqiriqlarni javobsiz qoldirib keladi.

O‘zbek paxtakori Sovet davrida kambag‘al yashagan. Mustaqillik yillari esa butkul qashshoqlashdi.

Ammo tahlilchilarning o‘ylashicha, mamlakatdagi kuch-qudrat va hokimiyatni egallagan bir hovuch amaldorlar uchun paxta hamon boyish manbasi bo‘lib qolmoqda.

Ovro‘poda yashayotgan iqtisodchi Alisher Taksanovga ko‘ra, paxta savdosidan o‘ta kam sonli va eng yuqori amallarda o‘tirgan bir necha mansabdor hamda ularning oila a‘‘zolari foyda ko‘rishmoqda.

"Paxtadan keladigan daromadning bir miqdori O‘zbekistonga qaytayotgandir. Ammo katta qismi g‘arbdagi qandaydir hisoblarga tushayotgan bo‘lishi mumkin".

"Afsuski, bu paxta pullari qayerga va kimlarning hisoblariga ketayotgani izidan tushish mushkul" - deydi Alisher Taksanov.

Oldinroq Britaniyadagi obro‘li Ekonomist jurnali O‘zbek paxtasidan tushadigan daromad g‘arbdagi "shaffof bo‘lmagan hisob raqamlariga borib tushayotgani" haqida yozgandi.

O‘zbekiston hukumati hech qachon paxta tolasi savdosi bilan qaysi shirkatlar shug‘ullanishini keng jamoatchilikka ochiq aytmagan.

Shu bois, kuzatuvchilarning taxmin etishicha, o‘zbek paxtasi savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir necha shaxs qullikka teng mehnat ortidan ulkan mablag‘ to‘plamoqda.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer