UzWebiston: Nega erkaklar soni ayollarnikidan oshib ketdi?

Image copyright photo rustam shagayev

Erkaklar sonining oshishi

O‘zbekistonda erkaklar soni ayollardan oshib ketgan. 2014 yilning boshida har 1000 erkakka 996 nafar ayol to‘g‘ri kelgan.

Bu ma‘lumot O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi tayyorlagan "Aholi haqida raqamlar tilida" nomli bukletda keltirilgan.

Uz24.uz web-saytining xabar berishicha, mamlakatning shahar joylarida erkaklar soni ayollardan kam bo‘lib, bu nisbat 1000 erkakka 1005 ayolga to‘g‘ri keladi.

Aksincha, qishloqlarda erkaklarga qaraganda ayollar ancha kam -1000 nafar erkakka 986 nafar ayol to‘g‘ri kelishi qayd etilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 1979 yilgacha O‘zbekistonda 1000 nafar erkakka umumiy aholi sonidan kelib chiqqanda 1030 ayol to‘g‘ri kelgan.

Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekistonda ayollar erkaklarga qaraganda uzoqroq yashashlari hisobga olinsa, hozirda bolalar va yoshlar orasida qizlar kamayib ketgan bo‘lishlari mumkin.

"O‘zbekistonga chetdan kelin keltirish muammoga aylangan. Masalan, Tojikiston va Turkmanistondan kelin bo‘lib kelayotgan qizlar soni keskin kamaygan. Kelin bo‘lib tushganlarga fuqarolikni tasdiqlash hujjatlari berilmaydi. Qaytaga O‘zbekistonlik qizlarning uzoq xorijga – Ovro‘podan tortib Janubiy Koreyagacha turmushga chiqib ketishlari ko‘paygan. Bu esa, qizlarga qaraganda ko‘payib ketgan yigitlarimizning yaqin orada turmush o‘rtog‘i topish muammosiga duch keltirishi mumkin", deydi mahalliy tahlilchilardan biri.

Image copyright none

Bojxonalardagi ta‘magirlik

Bir qator web-saytlar Toshkent viloyati bojxona xizmati rahbarlarining qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqatgan.

Jumladan, "RIA Novosti" yozishicha, Toshkent viloyati DBX boshqarmasining bir nechta mansabdor xodimi poraxo‘rlik ayblovi bilan qo‘lga olingan.

Respublika huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbaning ma‘lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Toshkent viloyati DBQ boshqarmasining boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi Sirojiddin G‘ulomov, uning o‘rinbosari U.Bekov, "G‘ishtko‘prik" chegara-bojxona majmuining katta inspektori, kapitan J.So‘piyev, "Oybek" chegara-bojxona posti smenasining boshlig‘i, bosh inspektor U.Atayev, mazkur post boshlig‘i, bojxona xizmati mayori Abdusattor Abduraimovlarga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

"Tergov jarayonida ushbu shaxslar tomonidan davlat chegarasini kesib o‘tayotgan tadbirkorlar, jismoniy shaxslardan pora olish va ta‘magirlik holatlari, pora olgandan so‘ng lavozimlarga tayinlash faktlari, pul yig‘ish uchun kriminal guruh tashkil etish holati aniqlanmoqda", - deya qayd etgan manba.

"O‘zbekistonga keltiriladigan chet el mollari uchun belgilangan bojning o‘ta balandligi bois ayrim tadbirkorlar bojxona xodimlari bilan kelishishga harakat qilishadi. o‘z navbatida bojxona xodimlari ham pul ishlab qolishga urinishadi. Ta‘magirlik va poraxo‘rlik holatlari ana shundan ham kelib chiqadi", deyishadi tahlilchilar.

Image copyright AP

O‘zbekistonlik yigitlar nega Suriyaga borishgan?

12news.uz web-saytining xabar berishicha, Suriyaning Rakka shahrini bombalash natijasida asli O‘zbekistonlik 17 nafar jangari o‘ldirilgan.

Harbiy uchoqlar bu jangchilar mashq qilayotgan Al-Gren jamlog‘ini bombalagan. Yana 20 nafar O‘zbekistonlik yaralangan.

O‘zbekistonliklar o‘zini "Islomiy davlat" deb atayotgan va hozirda Iroq va Suriyaning kattagina qismini egallab turgan qurolli kuchlar tarkibida urushayotgan bo‘lishgan.

Iroq va Suriyada urushayotgan O‘zbekistoniklarning aniq soni haqida ma‘lumotlar mavjud emas. Lekin ularning soni bir necha yuz nafardan iborat, deya taxmin qilinadi.

Sal oldinroq "O‘zbekiston Islomiy harakati" Iroq va Suriyadagi "Islomiy davlat"ni dastaklash borasidagi bayonot bilan chiqqandi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer