Bo‘lginchilar Donetsk qo‘nalg‘asini hujumga tutishmoqda

Image copyright Reuters

Ukraina rasmiylarining aytishlaricha, bo‘lginchi kuchlar hukumat nazorati ostida bo‘lgan Donetsk aeroportini qo‘lga olish uchun hujumlarini davom ettirishmoqda.

Rossiyaparast bo‘lginchilar oxirgi haftalar mobaynida qo‘nalg‘ani olish uchun bir necha bor uringandilar.

Chorshanba kuni ular bu kabi hujumni yana boshlaganlar.

Ukraina hukumati va bo‘lginchi kuchlar orasida sentyabrning 5 kuni erishilgan otashkesim bitimi shu vaqtgacha bir necha bor buzilgan.

1 oktyabr kuni Donetskdagi maktablardan biriga kelib tushgan snyaryad tufayli 4 kishi halok bo‘lgandi. Miniavtobusga qilingan hujumda esa 6 kishi halok bo‘lgan.

Hukumat rasmiysining aytishicha, chorshanba kuni kechqurun Ukraina kuchlari bo‘lginchilarning Donetsk aeroportiga 4 hamlasini qaytargalar.

Donetsk bo‘lginchi kuchlar qo‘lida bo‘lgan eng yirik shahar bo‘lib, shahar tashqarisida joylashgan qo‘nalg‘a strategik ahamiyatga egadir.

Qo‘nalg‘ani qo‘lga kiritsalar bo‘lginchilar o‘zlari uchun ta‘minot yo‘lini qayta ochgan bo‘ladilar.

Associated Press agentligining Donetskda bo‘lgan muxbiriga ko‘ra, hukumat kuchlari aeroport ustidan nazoratni allaqachon yo‘qotgan bo‘lishlari mumkin.

Bo‘lginchilar rahbarlaridan Aleksandr Zaxarchenko qo‘nalg‘aning "90 foizi"ni nazorat ostiga olganliklarini da‘vo qilgan.

Rasmiylar esa qo‘nalg‘a hanuz hukumat qo‘lida ekanligini aytmoqdalar.

Mojaro tarixi

Ukrainada aprel oyida boshlanib ketgan rossiyaparast bo‘lginchilar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida shu vaqtgacha 3500 inson halok bo‘lgan.

Ukrainadagi mojaro mamlakat rivojlanishi qaysi yo‘nalishda bo‘lishi yuzasidan boshlanib ketgan.

Mart oyida Rossiya Qrim Yarim orolida o‘tkazilgan referendum ortidan hududni o‘ziga qo‘shib oldi.

Bo‘lginchi kuchlar esa Donetsk va Lugansk mintaqalarida mustaqillik e‘lon qildilar.

Rossiya u yerdagi bo‘lginchi kuchlarga qurol-yarog‘ va askarlarni yuborayotganligini rad etib kelmoqda.

Kremlga ko‘ra, Ukrainadagi askarlar u yerga ko‘ngilli ravishda borganlar.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer