Qishki Olimpiada Markaziy Osiyoda o‘tishi mumkin

Image copyright PA

Norvegiyaning o‘z da‘vosidan voz kechishi ortidan, 2022 yilgi Qishki Olimpiadaga mezbonlik qilish istagida bo‘lgan faqat ikki davlat: Olmaota va Pekin qolgan.

Olimpiada O‘yinlari kabi yirik va nufuzli turnirga mezbonlik qilish esa, juda katta sarf-xarajat talab qiladi.

Norvegiya tomonining rasmiy izohiga ko‘ra, mamlakat aholisi shuncha pulning bittagina O‘yinlarga sarflanishiga xayrixohlik qilmagan.

Deylik, so‘nggi Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlariga mezbonlik qilish Rossiyaga 51 milliard AQSh dollaridan ortiqroqqa tushgan.

Aynan ulkan xarajatlari sabab, 2022 yilgi Qishki Olimpiada O‘yinlari bizda o‘tsin, degan davlatlar soni hozirga kelib, oltitadan ikkitaga tushib qolgan.

Lekin qo‘shni Qozog‘iston hukumatining mezbonlik ishonchiga, hozircha, putur yetmagan.

Chunki yaqinda Qishki Osiyo O‘yinlariga hammezbonlik qilgan Olmaotaning infratuzilmasi ancha yaxshi.

Ustiga ustak, ayrim xabarlarga ko‘ra, qozoq hukumati 2017 yilgi Qishki Universiada uchun ham bir milliard dollar mablag‘ ajratgan.

Bu ham Olmaotadagi shart-sharoitlarning yanada yaxshilanishiga xizmat qilmay qolmaydi.

Qozog‘iston tomoni, har qancha qimmat bo‘lmasin, Qishki Olimpiada O‘yinlarini o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishning qoyilmaqom imkoniyati, deb ko‘radi.

Ularning mantiqlariga ko‘ra, bu – mamlakatni dunyoga tanitish va chetdan sarmoya jalb etishlarida nihoyatda qo‘l keladi.

Qishki Osiyo O‘yinlari

Image copyright Reuters

2011 yilda Qozog‘iston o‘z tarixida eng yirik sport tadbiri - Qishki Osiyo O‘yinlariga mezbonlik qilgandi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan qolgan birortasiga hozircha bunday sharaf nasib etmagan.

Qishki Osiyo O‘yinlari poytaxt Ostona va O‘zbekistonning shundoq biqinidagi Olmaota shaharlarida bo‘lib o‘tgandi.

Aynan VII Qishki Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish bilan Qozog‘iston yirik xalqaro sport bellashuvlarini qabul qilishga hozirmi-yo‘qligini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgandi.

O‘shanda Qozog‘iston Sport vaziri, "Mamlakatining potentsiali va iqtisodiy imkoniyatlari a‘lo darajada ekani, yaqin kelajakda Qishki Olimpida O‘yinlariga ham mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritishlari mumkinligi va buning uchun yaxshigina imkoniyatlari bor"ligini aytgandi.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev xuddi o‘sha O‘yinlar bahona Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi raisi Jak Rogge bilan uchrashib, 2022 yilgi Qishki Olimpiada O‘yinlariga mezbonlik qilish masalasini muhokama etgani ham xabar berilgandi.

Ammo, Qishkisi bo‘ladimi va yoki Yozgisi, Osiyo O‘yinlari qit‘ada Olimpiada O‘yinlari darajasida ko‘riladi.

Faqat Qozog‘iston emas

Image copyright AP

Dunyoning ko‘plab davlatlari global moliyaviy inqiroz sabab, "ko‘rpalariga qarab oyoq uzatayotgan" paytda qo‘shni Turkmaniston ham 2010 yilda Osiyo O‘yinlari kabi yirik xalqaro sport musobaqalariga mezbonlik qilish uchun Markaziy Osiyodagi eng katta Olimpiya majmuasini qurishga kirishgan.

5 milliard dollarga tushishi aytilayotgan yangi loyiha tashabbusi bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov chiqqan.

Prezident Berdimuhammedovning urg‘ulashicha, ulkan Olimpiya sport kompleksi, "Turkmaniston va Markaziy Osiyoning faxriga aylanadi".

Turkiya qurilish shirkati mutasaddilariga ko‘ra, Olimpiya sport kompleksi 2016 yilgacha qurib bitkaziladi va Turkmaniston bemalol 2017 yilgi Osiyo O‘yinlariga mezbonlik qilishga da‘vo qila oladi.

Turkiyalik quruvchilarning aytishlaricha, yangi majmua Ashxobod markazida qad rostlaydi va shaharning arxitekturasiga mos ko‘rinishda barpo etiladi.

Ularga ko‘ra, hali bunaqangi muhtasham Olimpiya majmuasi biror bir Markaziy Osiyo davlatida qurilmagan.

Bildirilishicha, kompleks tarkibiga kiruvchi Olimpiya stadioni Xalqaro Sportchilar Federatsiyasi, Xalqaro Futbol Federatsiyasi va Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi mezonlari asosida quriladi. Va 60.000 kishiga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Butun majmuaning o‘zi esa, bir yarim million kvadrat chaqirimga yaqin joyni egallaydi.

Stadiondan tashqari, 15.000 kishiga mo‘ljallangan gimnastika zali, tennis kortlari, cho‘milish havzalari, bir necha yuz o‘rinli mehmonxona, nogiron sportchilar uchun maxsus majmua ham qurilishi aytiladi.

Mavjud sport majmualari xalqaro talablarga javob bera olmagani uchun hali biror bir Markaziy Osiyo davlati Olimpiada O‘yinlariga mezbonlik qila olgan emas.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02