Musulmon futbolchisi shukronasi uchun jazolandi

Image copyright BBC World Service

So‘nggi hodisa Amerika Milliy Futbol Ligasida yuz berdi:

Husayn Abdulloh "Kansas City Chiefs" darvozasiga kiritgan to‘pini maydonning o‘zida nishonlab qo‘ya qoldi.

Shundoq cho‘kka tushib, peshonasini yerga bosgancha, Allohga shukrona aytdi.

Uchrashuv mas‘ullariga ko‘ra, Husayn Abdulloh xuddi shu xatti-harakati bilan mavjud tartib-qoidalar me‘yoridan chiqib ketgan.

Raqib darvozasini zabt etishini haddan ziyod nishonlab yuborgan.

Oqibatda o‘yin hakami tomonidan Husayn Abdulloh jamoasi darvozasiga qarshi qariyb 15 metrlik jarima to‘pi belgilangan.

Ammo bu kabi jazo futbolchining maydonga cho‘kka tushgani uchun berilganmi yoki Allohga shukrona aytgani uchun, ma‘lum emas.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, Amerika Milliy Futbol Ligasi rahbari hakamning qaroriga qo‘shilmasligini aytmoqda.

Agar, mavjud tartib-qoidalarga qaralsa, "maydonda ekanliklari chog‘ida futbolchilarning o‘z yutuqlarini biror bir shaklda bo‘lsin, bayram qilishlariga ruxsat yo‘q".

Ammo, eng qizig‘i, belgilab qo‘yilgan bu me‘yorlar o‘yinchining maydonda cho‘kka tushib, Allohga hamdu sano aytishini man etmaydi.

Amerika Milliy Futbol Ligasi rahbarining Matbuot bilan ishlash bo‘yicha muovini Maykl Signora ham "Twitter" orqali yuz bergan hodisadan o‘z taajjublarini izhor etgan.

Image copyright BBC World Service

U, "Abdullohning nohaq jazolangani, hakam diniy sabablar tufayli maydonga cho‘kka tushgan o‘yinchini to‘xtatishga haqli bo‘lmagani"ni aytgan.

"Kansas City Chiefs" va "New England" jamoalari o‘yinida yuz bergan ushbu hodisa ijtimoiy muloqot tarmoqlari foydalanuvchilarini ham bee‘tibor qoldirmagan.

Ayniqsa, amerikalik futbol ishqibozlari turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarini o‘zlariga platforma qilib olib, milliy ligada o‘zlarining gollari yoki g‘alabalarini diniy xatti-harakatlar bilan nishonlovchi nasroniy futbolchilar oz emasligiga e‘tiborni tortishgan.

29 yoshli Abdullohning "Kansas City Star" gazetasiga bergan suhbatida aytishicha, o‘sha paytda o‘yin mas‘ullari o‘ziga bir so‘z deyishmagan.

Ammo, uning suhbati tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, faqat Bosh murabbiy buning sababini ochiqlagan va o‘zini faqat maydonga cho‘kka tushgani uchun jazolashganini aytgan.

Yuz bergan hodisa ortidan, Amerika-Islomiy Aloqalar Kengashi Amerika Milliy Futbol Ligasiga murojaat qilib, nega jarima to‘pi belgilangani sababini rasman tushuntirib berishlarini so‘ragan.

"Ikkiyuzlamachilikning oldini olish uchun, biz liga mulozimlarini diniy toat-ibodat yoki shukrona aytish masalasidagi siyosatlariga oydinlik kiritishlarini so‘raymiz. Yana shuningdek, so‘nggi hodisada o‘yin mas‘uli xato qilganini tan olishlariga chaqiramiz", - deb aytgan kengash matbuot voizi Ibrohim Huper.

Juda e‘tiqodli musulmon bo‘lgan Abdulloh 2012 yilda o‘ziga o‘xshab Amerika Milliy Futbol Ligasida to‘p suruvchi ukasi bilan Haj ziyoratini ado etish uchun butun futbol mavsumini o‘tkazib yuborgandi.

Shuncha mashmashalarga sabab bo‘lgan uchrashuvning o‘zi esa, "Kansas City Chiefs" 41-14 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, amerikancha futbol, uning o‘ynash tartib-qoidalari an‘anaviy futboldan anchayin farq qiladi.

Amerikada eng mashhur bo‘lgan bu sport turi regbi va futbolning qorishiqligidan paydo bo‘lgan.

Angliya futboli va musulmonlar

Image copyright BBC World Service

Hozir Angliya premerligasida 40 nafar musulmon futbolchisi to‘p surishadi.

Ularning deyarli barchasi besh vaqt namozlariyu ro‘zayu ramazonlarini ham hanuz kanda qilishmas ekan.

Bu esa, ingliz futbol madaniyatini o‘zgartirib yuborish darajasida ta‘sirga ega bo‘libdi.

Dastlab, 2012 yil boshida "Nyukasl"ning "Aston Villa"ga qarshi o‘yini chog‘ida yuz bergan bir hodisa buning yaqqol misoli edi.

Uchrashuvning 30-daqiqasida Demba Ba o‘yinda hisobni ochadi.

Demba quvonchiga sig‘may, maydon burchagiga qarab yugurarkan, unga senegallik jamoadoshi Papiss Sisse qo‘shiladi.

Ikkovlon maydonga cho‘kka tushib, Allohga hamdu sanolarini aytishadi.

Angliya futbolining yil sayin baynalmilallashib borayotgani esa, musulmon futbolchilari ta‘sirining yanada kuchayishiga xizmat qilmoqda, xolos.

Image copyright BBC World Service

Skautlar yangi iqtidorlar ilinjida o‘z turlarini yanada uzoqroqqa otisharkan, Angliya premerligasi ham yanada turfalashib bormoqda.

G‘arbiy Afrikaning chekka bir qishlog‘i yoki Parijning qashshoq mavze‘laridan chiqqan yoshlar hozir jahon futboli yulduzlariga aylanib borishmoqda.

Ular ingliz klublarida to‘p surib, boylik va nom qozonayotgan bo‘lishlari mumkin.

Ammo bu kabi futbolchilarning aksariyati madaniy o‘zliklarining asosiga borib taqaluvchi, ularga yo‘l ko‘rsatuvchi va og‘ir paytlarda ko‘ngillariga taskin beruvchi bir narsa - Islom diniga bo‘lgan e‘tiqodlarini saqlab qolishgan.

Ammo ingliz klublari va ularning rahbariyati o‘yinchilarining diniy ehtiyojlariga chin dildan quloq tutishmoqda.

Deylik, musulmon futbolchilarining ovqatlari halol bo‘lishi ta‘minlanadi.

Alohida yuvinish xonalari va besh vaqt namozni kanda qilmasliklari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Hatto, futbolga oshufta mahalliy bolakaylar ham raqiblari darvozasini zabt etgandan so‘ng, namoz o‘qiyotgan kishidek, yerga cho‘kka tushishni ham odat qilishibdi.

Bolalar qilayotgan ishlarining ma‘nisini to‘liq anglab yetmayotgan bo‘lishlari mumkin, ammo bu - islomiy amaliyotlarning britan madaniyatiga oshfuta bo‘lib borayotganiga dalolat qiladi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02