Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Prezident Karimov: "Minor" masjidi uchun hech narsani ayamadik

1 oktyabr kuni Prezident Islom Karimov Toshkent shahrida qurib bitkazilgan "Minor" Jome‘ masjidining ochilish marosimida qatnashgan.

2400 namozxon bir vaqtda ibodat qilishiga mo‘ljallangan masjidning foydalanishga topshirilishi 2014 yil noyabriga rejalangan, biroq bir necha kun oldin yangi diniy maskanning qurilish ishlari Qurbon Hayiti bayramigacha tugallanishi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

O‘zbekistonda Qurbon Hayiti 4 oktyabr kuni bayram qilinadi va dam olish kuni deb e‘lon qilingan.

Hayit arafasida Anhor sohilidagi yangi jome‘ masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Qur‘oni Karim tilovat qilingan.

Bu marosimda Prezident Islom Karimov, yangi masjid "mana shunday mard, har doim bunaqa qiyinchilik paytlarda matonat ko‘rsatgan, chidamlilik ko‘rsatgan xalqimiz uchun", deb aytgan.

"Hech narsani ayaganimiz yo‘q. Kim uchun? Mana shu yerga, mana shu muqaddas joyga kelib toat-ibodatlarini bajaradigan mo‘min-musulmonlar uchun. Man shaxsan prezident bo‘lib o‘zimni burchimni bajarganday bo‘laman", deb aytgan janob Karimov.

"Eng muhimi, odamlar rozi bo‘lib yashayotganining sababi nimada, deb mandan so‘rasa, man hech ikkilanmasdan aytaman: Ollohning buyurishi. O‘zi asrayapti, O‘zi ochib berayapti bizlarning yo‘limizni", degan Prezident Karimov.

Masjid davlat byudjeti va O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi tomonidan moliyalangan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02