"Suratkash Shahzoda Jorjni tinch qo‘ysin!"

Image copyright PA

Britaniya taxti vorisi Shahzoda Uilyam va uning rafiqasi himoyachilari bir suratkashga yozma ogoh yo‘llab, ularning farzandlari Shahzoda Jorj va enagasini tinch qo‘yishi kerakligi haqida bildirganlar.

Kensington saroyi nomidan chiqarilgan bayonotda aytilishicha, suratkash bir yoshdan oshgan shahzoda Jorj yaqinida London markazidagi oromgohlardan birida ko‘ringanidan so‘ng, ushbu qadamga borishga qaror berilgan.

Bayonotda yozilishicha, "bironta ham ota-ona o‘z farzandlari va enagasining ketidan tushgan bo‘lishlari mumkinligi shubhalariga toqat qilmaydi".

Hozircha suratkashga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmasligi ham aytilgan.

Xabar berilishicha, ushbu shaxsga Qirolicha oilasi qo‘riqchilari "nari ketishga" buyruq berganlar. Oxirgi yillar mobaynida esa, u bir necha bor bu kabi amal ustida ushlangan.

Britaniya Qirolichasi oilasi va matbuot o‘rtasida juda murakkab munosabat mavjud.

Bir tomon o‘z harakatlarining matbuotda yoritilishi, lekin shu bilan birga, bu jarayonni nazorat ostida ushlashni istaydi. Boshqa tomon esa, kengroq xabarlar, ko‘proq va yaxshiroq suratlarni xohlaydi.

Bu Shahzoda Uilyam tomonidan matbuotga "chegaradan o‘tmaslik"larini eslatishga urinishining ilk holati emas.

Shahzoda Jorjning suratlari uchun jahon bo‘ylab ehtiyoj juda katta.

Kensington saroyi bayonotida aytilishicha, Shahzoda Jorjning omma o‘ngidagi shaxs ekanligini uning ota-onasi tushunishadi, lekin unga iloji boricha oddiy hayot kechirishi uchun imkon berilishi kerak.

O‘tgan mart oyida Mariya Tereza Borallo Shahzoda Jorjning ramziy enagasi sifatida tayinlangandi.

2013 yil iyul oyida tug‘ilganidan beri Shahzoda Jorjning qator rasmiy suratlari e‘lon qilingan. Shuningdek, uning ota-onasi bilan borgan rasmiy safarlar mobaynidagi qator suratlari ham mavjud.

Britaniyaning Mustaqil matbuot andozalari tashkilotining muharrirlar kodeksiga muvofiq, voyaga yetmagan bolalar ular uchun mas‘ul kattalarning roziligisiz suratga olinishi yoki suhbatga tortilishi mumkin emas.

2012 yil aprel oyida himoyachilar Shahzoda Uilyam rafiqasining yarim yalang‘och rasmlarini chop etgan Fransada chop etiluvchi "Closer" jurnalini javobgarlikka tortishgandi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer