O‘zbekistondagi hibslar siyosiy kurashmi?

Image copyright none

O‘zbekistondagi ba‘zi nashrlar Davlat Bojxona Qo‘mitasining yuqori lavozimli xodimlari qo‘lga olinganligini xabar qilganlar.

Podrobno.uz websahifasining Bojxona Xizmatidagi manbaga tayanib xabar berishicha, qo‘lga olinganlar orasida bo‘lgan boshqarma rahbari va uning o‘rinbosarlari, shuningdek Qozog‘iston bilan chegaradagi "G‘ishtko‘prik" va Tojikiston bilan chegardagi "Oybek" komplekslari rahbarlari ustidan hozirda tekshiruv jarayoni ketmoqda.

Ularga nisbatan asosan poraxo‘rlik bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilganligi aytilgan.

Bu yil mobaynida bu O‘zbekistondagi Xavfsizlik va Bojxona xizmati xodimlarining qo‘lga olinishi haqidagi ilk xabar emas.

Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillisning BBC bilan suhbatda aytishicha, joriy yil mobaynida O‘zbekistondagi qator taniqli va yuqori lavozimli shaxslar ustidan ketayotgan jinoiy tekshiruv jarayonlari aslida siyosiy doiralardagi tortishuvlardan dalolat berishi mumkin.

Joanna Lillis: Bizga shu vaqtgacha ma‘lum bo‘lgani shuki, Toshkent viloyat bojxona xizmatidan besh nafar yuqori lavozimli xodim qo‘lga olingan. Shuni ta‘kidlash joizki, bu xabarni Bojxona Xizmati yoki Prokuratura rasmiylari tasdiqlamaganlar. Lekin hibsga olishlar haqida xabarlar O‘zbekiston matbuotida keng yoritilganligidan taxmin qilishimiz mumkinki, bu rasmiylarning ruxsati bilan ro‘y bermoqda. Aytib o‘tganimidek, so‘z bu yerda yuqori lavozimli xodimlar, jumladan ular orasida bo‘lgan Toshkent viloyati Bojxona xizmatining rahbari, uning o‘rinbosarlari, shuningdek Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegrara-nazorat nuqtasi rahbarlari haqida ketmoqda.

BBC: Bunisi O‘zbekistonda shu yil mobaynida Bojxona Xizmati yoki Xavfsizlik xizmati xodimlarining hibsga olinishlari haqida xabar berilayotgan dastlabki holat emas, shundaymi?

Joanna Lillis: Huddi shunday. Shu yil yoz oylarida ham Bojxona Xizmatining ikki nafar yuqori lavozimli xodimining hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Ularning mamlakatlararo chegaradagi ko‘p million dollarlik noqonuniy mollarni o‘tkazish biznesida ayblanayotganliklari aytilgandi. Bu holatni ham rasmiylar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlashmagan. Lekin o‘zbek matbuotidagi atigi bir necha oy mobaynida bu borada xabar berilayotgan xabarlar Bojxona Xizmatida korruptsiyaga qarshi qandaydir yirik amaliyotlar olib borilayotganidan dalolat beradi. Biroq siyosiy jihatlari ham bo‘lishi mumkin.

BBC: O‘zbekistonda prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va uning hamkorlari ustidan ham tekshiruv jarayoni ketayotgani, ba‘zilarining allaqachon qamoq jazosiga hukm qilinganlari ham xabar qilingan. Bu ikki jarayon o‘rtasida biron bog‘liqlik bor, deb o‘ylaysizmi?

Joanna Lillis: Hozirgacha bizda bu ikki jarayon o‘rtasida bog‘liqlik borligi haqida hech qanday belgi yo‘q. Lekin bir jihati e‘tiborli, u ham bo‘lsa bu kabi taniqli va yuqori lavozimli shasxlar ustidan olib borilayotgan shov-shuvli jinoiy tekshiruvlar haqidagi xabarlar ma‘lumot va matbuot qattiq nazorat ostida bo‘lgan O‘zbekistonda juda kam paydo bo‘ladi. Oxirgi yillarda qisqa muddat mobaynida bu kabi ko‘p sonli tekshiruv jarayonlarining boshlanganiga biz guvoh bo‘lmagandik. Lekin bir narsani taxmin qilishimiz mumkin: mamlakat ichkarisida oxirgi bir necha yil mobaynida Gulnora Karimovani o‘z ichiga olgan qandaydir ichki kurashlar davom etib kelgan va bu ichki kurashga Xavfsizlik va boshqa xizmatlar ham qaysidir darajada aralashgan bo‘lgan bo‘lishlari mumkin.

BBC: Ichki kurashlarni tilga oldingiz, O‘zbekistondagi siyosiy muhitning o‘ta yopiqligi nazarda tutilsa, bu kabi xabar va hodisalar ortidagi aytilmaydigan sabablarga va kosa tagidagi nimkosaga e‘tibor berish lozimligi aytiladi. Siz bu hodisalarni qanday talqin qilgan bo‘lardingiz? Prezidentlik saylovlarning yaqinligi ahamiyat kasb etadimi?

Joanna Lillis: Matbuotda bu kabi jinoiy ishlar haqida xabarlar chiqqanining o‘ziyoq ta‘sir doiralari borasida ashaddiy kurash ketayotganligidan dalolat beradi. Omma e‘tiboriga bu narsalarning olib chiqilayotganligi ma‘lum bir maqsadlar ko‘zlanganidan albatta. Masalan Gulnora Karimovaning jinoiy uyushgan guruh tarkibida bo‘lganligi haqidagi rasmiy xabar uning ta‘sirini cheklash urinishi bo‘lishi mumkin. Bu kabi hodisaga biz O‘zbekistonda avval guvoh bo‘lmagandik, bir ma‘noda bu misli ko‘rilmagan hol. Prezidentlik saylovlari muddatining yaqinlashayotgani esa bu saylovlardan oldin "ko‘rpani o‘z tomoniga tortish" urinishlari ham kuchayayotganligidan dalolat berishi mumkin. Bu kabi siyosiy jihatdan muhim bosqichda o‘z odamlarini qudrat doiralariga itarib kirgizish harakatlari ketayotganligi ehtimoli bor albatta.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer